O‘zbekiston | 21:06 / 29.01.2026
1380
3 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda O‘zbekistonda yarim milliondan ko‘proq odam ma’muriy jazoga tortildi

Sudlar tomonidan 91 663 kishiga ma’muriy qamoq, 415 531 kishiga jarima jazosi tayinlangan. Ko‘rilgan ishlarning aksariyatini mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, haqorat qilish kabi huquqbuzarliklar tashkil etgan.

Foto: Kun.uz

2025 yilda O‘zbekistonda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarining tergov sudyalari tomonidan 825 050 nafar shaxsga nisbatan 690 879 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ko‘rilgan ishlar doirasida 509 146 nafar shaxsga ma’muriy jazolar qo‘llangan. Xususan, 415 531 kishiga nisbatan jarima, 91 663 kishiga esa ma’muriy qamoq jazolari tayinlangan.

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning salmoqli qismi Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Andijon viloyatlarida ko‘rilgan. Yarashilgani munosabati bilan 121 906 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikdan ozod etilgan.

Ko‘rilgan ishlarning aksariyatini quyidagi huquqbuzarliklar tashkil qilgan:

  • mayda bezorilik;
  • ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik;
  • avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish;
  • haqorat qilish;
  • savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish;
  • elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish;
  • transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi;
  • jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish;
  • sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish;
  • transport vositalarini mastlik holatida boshqarish.

Shuningdek, apellyatsiya tartibida 8 988 nafar shaxsga nisbatan 7 780 ta, kassatsiya tartibida 11 437 nafar shaxsga nisbatan 10 834 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan. Ularda 7605 kishiga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 4 980 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida esa 2 563 nafar shaxsga nisbatan 2 441 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilgan. Ularda 587 kishiga quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilingan hamda 304 kishiga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Avvalroq 2025 yilda O‘zbekistonda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar, xususan, nikohdan ajrashish holatlari oshgani xabar qilingandi.  

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров

Mavzuga oid