O‘zbekiston | 20:22 / 29.01.2026
2329
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Anqarada Turkiya prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan O‘zbekiston – Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Turkiya prezidentining Anqara shahridagi Oqsaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbarini Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an kutib oldi. Maydonda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ijrosida ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

So‘ngra Anqara shahridagi prezident saroyida Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston – Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Barcha darajalardagi yuqori sur’at va faol muloqotlar mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar yaqinda bo‘lib o‘tgan strategik rejalashtirish guruhining “4+4” formatidagi uchrashuvining samarali natijalarini olqishladi.

Sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy himoya va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda loyiha va dasturlarni ilgari surish zarurligi ta’kidlandi.

Mudofaa va xavfsizlik sohasida, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish borasida hamkorlik va o‘zaro muvofiqlashtiruvni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid