Jahon | 07:39 / 29.01.2026
1955
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropadan Afrikagacha: mintaqalar kesimida eng serqatnov aviayo‘nalishlar

2025 yilda havo transporti xizmatlaridan taxminan besh milliard yo‘lovchi foydalangan, aviakompaniyalarning jami daromadlari esa bir trillion dollardan oshishi kutilgan.

Foto: trip.com

Umuman olganda, Osiyo–Tinch okeani mintaqasi o‘sishning asosiy “lokomotivi” bo‘ldi: bu yerda yo‘lovchi oqimi yil davomida 10 foizga oshdi — birinchi navbatda Xitoy va Hindiston hisobiga. 2026 yilda mintaqadagi tashish hajmlari prognozlarga ko‘ra yana 7 foizga ko‘tariladi.

Yuqorida keltirilgan infografikada OAG ma’lumotlari asosida 2025 yilda mintaqalar kesimida eng band ichki aviareyslar ko‘rsatilgan.

2025 yilda Cheju — Seul yo‘nalishining umumiy rejalashtirilgan sig‘imi 14,4 million yo‘lovchi o‘rniga teng bo‘ldi. Oxirgi o‘n yillikning deyarli butun qismi davomida bu yo‘nalish dunyodagi eng serqatnov aviayo‘nalish bo‘lib kelmoqda.

Cheju xalqaro aeroporti va Seuldagi Kimpxo aeroporti o‘rtasida har kuni taxminan 200 ta reys bajariladi — bu Yer yuzidagi barcha yo‘nalishlar orasida eng yuqori parvoz chastotasi hisoblanadi. Ko‘pincha “Koreya Havayisi” deb ataladigan Cheju mamlakatning yetakchi turistik markazlaridan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda.

Visual Capitalist

Yaqin Sharqda Jidda — Ar-Riyod yo‘nalishi 9,8 million rejalashtirilgan yo‘lovchi o‘rnini ta’minladi — bu o‘tgan yilga nisbatan 13 foizga ko‘p. Jiddada Saudiya Arabistonining eng band aeroporti joylashgan, mamlakat poytaxti esa iqtisodiy faollikning asosiy markazi hisoblanadi.

Ma’lumotlardan ko‘rinishicha, Lotin Amerikasida birinchi o‘rinni Kolumbiyadagi Bogota — Medelin yo‘nalishi egallaydi — 6,2 million yo‘lovchi. Shu bilan birga, Keyptaun — Yoxannesburg yo‘nalishi Afrikada eng band bo‘lib, 5,5 million yo‘lovchi o‘rinni tashkil etgan.

Shimoliy Amerikada yetakchi yo‘nalish — Vankuver — Toronto (3,7 million), Yevropada esa — Barselona — Palma (3 million).

Yirik shaharlar o‘rtasida masofaning nisbatan qisqa bo‘lishi va reyslar chastotasining yuqoriligi mintaqada aviatsiya sohasining rivojlanishiga xizmat qiladi. Ayni paytda Hindiston va Vetnam kabi mamlakatlardagi jadal iqtisodiy o‘sish, aholi daromadlari ortishi bilan birga, aviaqatnovlarga bo‘lgan talabni ham oshirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid