Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI mashhur rossiyalik teleboshlovchilarni sanksiya ro‘yxatiga kiritdi
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli harbiy hujum boshlanganidan qariyb to‘rt yil o‘tib, bir qator mashhur rossiyalik teleboshlovchilarga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy qildi.
Foto: Sputnik/Mikhail Klimentev/Kremlin via REUTERS
Ular orasida Birinchi kanaldagi “Vremya” teleko‘rsatuvi boshlovchisi Yekaterina Andreyeva, shuningdek “Rossiya 1” telekanalidagi “Moskva. Kreml. Putin” dasturi boshlovchisi Pavel Zarubin ham bor. Bryusselning 29 yanvar, payshanba kuni YeI Rasmiy jurnalda e’lon qilingan qaroriga ko‘ra, jazo choralari sanksiya ro‘yxatidagi shaxslarning Yevroittifoq davlatlariga kirishini taqiqlash va ularning Yevropa banklaridagi aktivlarini muzlatishni nazarda tutadi.
Andreyeva bo‘yicha asoslantirishda u “Ukrainaga qarshi urush haqida muntazam ravishda dezinformatsiya va propaganda tarqatishi”, Rossiya armiyasini va separatist tuzilmalar — “DXR” va “LXR” deb ataluvchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashi qayd etilgan. Zarubin esa Vladimir Putin kun tartibiga “eksklyuziv kirish imkoniyati”ga ega shaxs sifatida tavsiflangan. YeI hujjatida Pavel Zarubin to‘liq ko‘lamli hujum boshlanganidan keyin Putindan birinchi bo‘lib intervyu olgani, muntazam ravishda dezinformatsiya tarqatishi, 2025 yilda esa Rossiya prezidenti bilan “Pryamaya liniya” (“To‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot”) dasturida boshlovchi bo‘lgani ta’kidlangan.
Andreyeva va Zarubindan tashqari, YeI sanksiyalariga sport sharhlovchisi va Butunrossiya davlat televideniye va radioefir kompaniyasi (VGTRK) bosh direktori maslahatchisi Dmitriy Guberniyev, “Rossiya” telekanalidagi “Vesti” dasturi boshlovchisi Mariya Sittel, shuningdek rep ijrochi Roman Chumakov (Roma Jigan nomi bilan tanilgan) va baletmeyster Sergey Polunin ham tushdi.
Ro‘yxatdagi barcha shaxslarga Rossiya hukumati tomonidan olib borilayotgan, YeI va Ukrainada “axborotni manipulyatsiya qilish” orqali demokratiya, qonun ustuvorligi, barqarorlik va xavfsizlikni “susaytiruvchi yoki unga tahdid uyg‘otuvchi” harakatlar va siyosatni “amalga oshirish, qo‘llab-quvvatlash va undan foyda ko‘rish” uchun javobgarlik yuklanadi.
2022 yil 24 fevral kuni Yevroittifoq Rossiya TIVning rasmiy vakili Mariya Zaxarova, Russia Today telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan va teleboshlovchi Vladimir Solovyovga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. YeI hujjatida aytilishicha, Zaxarova “Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga kiritilishiga ko‘maklashgan”, Simonyan esa “DXR” va “LXR” deb ataluvchi tuzilmalar harakatlariga nisbatan “ijobiy munosabat” shakllanishiga hissa qo‘shgan, Solovyov esa “Ukrainaga nisbatan o‘ta dushmanlik munosabati”da ayblangan. Shu kuni Yevroittifoq Davlat dumasining 351 deputatiga, shuningdek yana 27 nafar jismoniy shaxs va yuridik shaxsga nisbatan ham sanksiyalar qo‘llagan.