Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeIda Ukraina urushi qatnashchilariga vizani cheklash masalasi ko‘rilmoqda
Bryusselda Estoniya taklif qilgan - Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan Rossiya fuqarolarining Yevropa Ittifoqiga kirishini to‘liq taqiqlash tashabbusi muhokama qilinmoqda. Estoniya tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, Rossiya harbiylarining ko‘pchiligi urush tugaganidan so‘ng Yevropaga kelishni istaydi.
Foto: Pond5 Images/IMAGO
Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan yuz minglab Rossiya askarlariga Yevropa Ittifoqi davlatlariga kirish taqiqlanishi mumkin. Tallinnning shunga oid taklifi Bryusselda allaqachon ko‘rib chiqilmoqda, deb xabar qildi 29 yanvar, payshanba kuni Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxkna, uning so‘zlarini dpa agentligi keltirdi.
YeI davlatlari vakillari uchrashuvida chiqish qilar ekan, Tsaxkna o‘z qo‘lidagi ma’lumotlarga tayanib, RF Qurolli kuchlarining ko‘plab harbiylari Ukrainadagi urush tugaganidan keyin Yevropaga kelishni xohlashini aytdi. “Bu juda xavfli odamlar”, — deya ta’kidladi Estoniya vaziri.
Dpa tanishgan taklifga ilova qilingan hujjatlarga ko‘ra, 2022 yildan beri Ukrainadagi jang harakatlarida taxminan 1,5 million rossiyalik ishtirok etgan, ularning taxminan 640 ming nafari hozir ham urushda. Hujjatlarda: “Ularning umumiy xususiyatlari — jang tajribasi va zo‘ravonlikni qo‘llash, shu jumladan Ukraina aholisiga qarshi ehtimoliy harbiy jinoyatlar va boshqa vahshiyliklarda ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligi”, — deyiladi.
Tashabbus mualliflari ogohlantirishicha, Rossiya harbiylarining YeIga ehtimoliy kirishi va u yerda bo‘lishi “nafaqat zo‘ravonlik harakatlari sodir etilishi xavfi bilan bog‘liq, balki uyushgan jinoyatchilik, ekstremist guruhlar va dushman davlat tuzilmalari butun Yevropa bo‘ylab mustahkamlanishi va tarqalishi mumkin bo‘lgan muhim kanal” ham hisoblanadi. Shuningdek, ayrimlari jinoiy o‘tmishga ega bo‘lgan urush ishtirokchilari RF maxsus xizmatlari tomonidan osonlikcha yollanishi mumkinligi qayd etilgan.
Shu sababli Tallinn YeI va Shengen kelishuviga a’zo barcha davlatlar Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan RFning barcha fuqarolari uchun YeIga kirishni to‘liq taqiqlashni, shuningdek ularga viza va yashash ruxsatnomasi berishni rad etishni talab qilmoqda.
Politico nashri noma’lum YeI diplomatiga tayanib yozishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari Estoniya intilishini “ma’naviy jihatdan” qo‘llab-quvvatlaydi, ammo ko‘plab mamlakatlar uchun bunday taqiqni amalga oshirish qiyin bo‘ladi. Ayrim davlatlarga Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinda ishtirok etgan har bir shaxsni alohida ro‘yxatga kiritish va bu qarorni tasdiqlaydigan dalillarni to‘plash talab etilishi mumkin.