Jahon | 09:40 / 31.01.2026
1793
3 daqiqa o‘qiladi

Federal zaxira tizimi rahbarligiga nomzod: Tramp o‘z maslahatchisini tanladi

Federal zaxira tizimi boshqaruvchilar kengashining sobiq a’zosi Kevin Uorsh AQSh Senati tasdiqlaganidan keyin FZTning yangi raisi bo‘ladi. Ilgari u Donald Trampga iqtisodiy siyosat masalalarida maslahat bergan.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp may oyida amaldagi FZT raisi Jyerom Pauellning vakolat muddati tugagandan so‘ng mamlakat Federal zaxira tizimi (FZT) rahbarligiga Kevin Uorsh nomzodini ilgari surdi. Tramp juma kuni, 30 yanvarda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida shunday deb yozdi: “Men Kevinni anchadan beri bilaman va u tarixga FZTning buyuk raislaridan biri, ehtimol hatto eng yaxshisi sifatida kirishiga shubham yo‘q. Bundan tashqari, u shunchaki ideal nomzod”. Uorsh nomzodini AQSh Senati tasdiqlashi kerak.

Kevin Uorsh 2006 yildan 2011 yilgacha FZT boshqaruvchilar kengashi a’zosi bo‘lgan. Tayinlangan paytida u 35 yoshda bo‘lib, kengash tarixidagi eng yosh a’zoga aylangan. Uorsh ilgari Morgan Stanley’da bankir bo‘lib ishlagan, asosan kompaniyalarni qo‘shib yuborish va sotib olish yo‘nalishiga ixtisoslashgan, shu jumladan Trampga iqtisodiy siyosat masalalarida maslahat bergan. Bloomberg agentligi avvalroq xabar qilganidek, Oq uy aynan uni asosiy nomzod sifatida ko‘rib chiqqan.

AQSh prezidenti amaldagi FZT rahbari Jyerom Pauellni asosiy stavkani sezilarli darajada pasaytirishdan bosh tortgani uchun tanqid qilib kelgan, yanvar oyida esa uni “ahmoq” deb atab, lavozimidan mahrum bo‘lishini aytgan. Uorsh ham FZTni tez-tez tanqid qilib turadi. Tramp Pauellni birinchi prezidentlik muddati davrida FZT raisi etib tayinlagan. Pauellning FZT raisi sifatidagi vakolat muddati 2026 yil mayda tugasa ham, u boshqaruvchilar kengashi tarkibida 2028 yil yanvargacha qoladi.

11 yanvar kuni Jyerom Pauell amerikalik prokurorlar uning qonun chiqaruvchilarga bergan bayonotlarini tekshirishni boshlaganini va jinoiy modda bo‘yicha ayblov qo‘yilishi mumkinligini bildirgan. Pauellga ko‘ra, bu harakatlar Donald Tramp tomonidan pul-kredit siyosati sohasida qabul qilgan qarorlari uchun unga bosim o‘tkazish kampaniyasining bir qismi hisoblanadi.

Trampning o‘zi esa Adliya vazirligi tomonidan FZTga nisbatan olib borilayotgan tekshiruv haqida hech narsa bilmasligini aytgan.

Tekshiruv ikki partiya senatorlari tomonidan keskin tanqid qilindi. Respublikachi senator Tom Tillis Adliya vazirligining mustaqilligi va unga bo‘lgan ishonch shubha ostida qolganini bildirdi. U, shuningdek, tergov yakunlanmaguncha FZT rahbariyatiga taklif etiladigan har qanday nomzodni, jumladan kelgusi rais nomzodini ham tasdiqlashga qarshi chiqishini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid