Jahon | 16:17 / 31.01.2026
2447
1 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada ishsizlar soni uch milliondan oshdi

2026 yil yanvar oyida Germaniyada ishsizlar soni uch milliondan oshib, so‘nggi qariyb 12 yil ichidagi eng yuqori darajaga yetdi. Federal mehnat agentligi (Bundesagentur für Arbeit, BA) juma kuni, 30 yanvarda e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozir bu ko‘rsatkich 3,085 million kishini tashkil etmoqda.

Foto: Julian Stratenschulte/dpa

2025 yil dekabr oyiga nisbatan ishsizlar soni 177 ming kishiga oshgan, yillik taqqoslashda esa 92 ming kishiga ko‘paygan. Ishsizlik darajasi 0,4 foiz punktga o‘sib, 6,6 foizga yetgan. Ishsizlar soni bundan ham yuqori bo‘lgan holat oxirgi bor faqat 2014 yil fevral oyida qayd etilgan — o‘shanda u taxminan 3,138 million kishi edi.

Federal mehnat agentligi rahbari Andrea Nales ma’lum qilishicha, ishsizlar sonining o‘sishi mavsumiy omillar bilan bog‘liq. Odatda yanvar oyida ishsizlik darajasi deyarli har doim oshadi, chunki yil oxirida ko‘plab vaqtinchalik mehnat shartnomalarining muddati tugaydi. Shuningdek, qurilish, qishloq xo‘jaligi va turizm kabi ob-havoga bog‘liq sohalarda bandlik qisqaradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid