Jahon | 09:21
1583
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Energetikaga zarba bermaslik bo‘yicha “energetik sulh” ishga tushdi

Ukraina prezidenti ta’kidlashicha, RF qo‘shinlari 30 yanvardan beri energiya obektlariga deyarli zarba bermagan. Kremlda esa Donald Tramp Vladimir Putindan hujumlardan faqat 1 fevralgacha tiyilib turishni so‘ragan, deb iddao qilinmoqda.

Foto: Joe Raedle/AFP/Getty Images

Ukraina Rossiyaning energiya infratuzilmasiga zarbalar berishdan tiyilib turishga tayyor. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy juma kuni, 30 yanvardagi kechki videomurojaatida ma’lum qildi.

“Amerika tomoni energetikaga zarba bermaslik haqida bir haftaga kelishuv borligini aytgandi, va bugunga o‘tar kecha hisob boshlandi. Albatta, buning qanday kechishi sheriklarga — asosan AQShga bog‘liq. Ukraina zarbalardan tiyilib turishga tayyor, va bugun biz Rossiyaning energiya obektlariga zarba bermadik”, — deb ta’kidladi Zelenskiy.

U bundan bir kun oldin Ukraina va Rossiya o‘rtasida qish sovuqlari davrida “energetik sulh” bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini ham tasdiqlagan edi.

Ukraina rahbari qayd etishicha, RF qo‘shinlari 30 yanvardan beri energiya obektlariga deyarli zarba bermagan — Donetsk oblastidagi gaz infratuzilmasiga aviabombalar orqali bitta zarba qayd etilgan, xolos.

“Shuningdek, hozir biz Rossiya zarbalarining logistikaga, uzel stansiyalariga qayta yo‘naltirilayotganini ko‘ryapmiz. Xususan, "Ukrzaliznytsya"ning vagonlaridan biri — maxsus vagon-elektrostansiya nishonga olindi, bu Dnipro oblastida ertalab sodir bo‘ldi”, — dedi Zelenskiy.

Shu orada, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 30 yanvar kuni Donald Tramp Vladimir Putindan “muzokaralar uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida” Kiyevga zarbalar berishdan tiyilishni so‘raganini tasdiqladi.

Biroq Peskovning iddaosiga ko‘ra, gap faqat 1 fevralgacha bo‘lgan muddat haqida ketgan. Holbuki, Tramp 29 yanvarda Putin Ukraina shaharlarini keyingi yetti kun davomida o‘qqa tutmaslikka rozi bo‘lganini aytgan edi.

30 yanvar kuni Tramp Oval kabinetda jurnalistlarga, uning fikricha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatishga oid kelishuv imzolanishiga “yaqin qolganini” bildirdi. Shu bilan birga, Amerika rahbari hech qanday tafsilot keltirmadi, deb xabar qiladi Reuters.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya prezidentining xorijiy mamlakatlar bilan investitsiya-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev 31 yanvar kuni Mayamiga AQSh prezidenti ma’muriyati a’zolari bilan uchrashuvlar uchun yo‘l oladi.

Ukraina prezidenti ofisining maslahatchisi Viktoriya Straxova Rossiya Qurolli kuchlarida Kiyev shahri, Kiyev viloyati va butun Ukraina bo‘ylab infratuzilma obektlarini o‘t ochib yo‘q qilish taqiqlangani haqida axborot kelib tushganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu taqiq 29 yanvar soat 07:00 dan kuchga kirgan. Bu ma’lumotni ukrain maxsus bo‘linmasi Kraken komandiri Konstantin Nemichev ham tasdiqlagan.

Shu bilan birga, kuzatuvchilar Rossiya tomonida qurol-yarog‘ zaxiralari kamayib borayotgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. 24 yanvar kungi o‘qqa tutishdan keyin topilgan parchalarni o‘rganish chog‘ida 2026 yilda ishlab chiqarilgan X-101 raketa fragmentlari ham aniqlangan. Tahlilchilar fikricha, bu Moskva oldindan yig‘ib qo‘yilgan zaxiralarni tugatganini va uzoq masofali raketalardan foydalanishni endi joriy ishlab chiqarish quvvatlari bilan cheklashga majbur bo‘layotganini ko‘rsatishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid