Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xominaiy AQShni katta urush xavfidan ogohlantirdi
Eron oliy rahbari, oyatulloh Ali Xominaiy AQShning har qanday hujumi mintaqaviy mojaro keltirib chiqarishi haqida ogohlantirdi. Bu vaqtda AQSh mintaqaga yirik aviatashuvchisini yuborgan, Eron esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozida dengiz mashg‘ulotlari boshlamoqchi.
Foto: Iranian Leader Press Office / Handout/Anadolu via Getty Images
«Amerikaliklar shuni bilishi lozim: agar ular urush boshlasa, bu safargisi mintaqaviy urush bo‘ladi», – deya Xominaiydan iqtibos keltirgan Tasnim davlat agentligi.
AQSh prezidenti Donald Tramp yadroviy dasturi hamda namoyishlar shafqatsizlarcha bostirilgani tufayli bir necha bor Eronga harbiy aralashuv bilan tahdid qilgan. Shanba kuni kechqurun u o‘z samolyotida Floridaga qaytayotganida jurnalistlarning Eron masalasida nima qilmoqchi ekani haqidagi savoliga javoban, hozir hech narsani oshkor eta olmasligini aytgan, ammo Tehron Vashington bilan «jiddiy muzokara olib borayotgani»ni qo‘shimcha qilib, tomonlar «ikki tomonni qanoatlantiruvchi kelishuvga erishishi»ga umid bildirgandi. Shu bilan birga, Tramp AQSh mintaqada «juda katta va qudratli kemalarini joylashtirib qo‘ygani»ni qayd etgan.
AQSh mintaqaga USS Abraham Lincoln aviatashuvchisini yuborgan, o‘tgan hafta oxirida esa AQSh Markaziy qo‘mondonligi u Arab dengizida harakatlanayotganini xabar qildi.
«[Tramp] muntazam ravishda u kemalar olib kelayotganini aytmoqda… Eron xalqi bunday narsalardan qo‘rqmaydi. Biz tashabbuskor emasmiz va biror-bir mamlakatga hujum qilishni istamaymiz, biroq Eron xalqi unga hujum qilgan va tazyiq o‘tkazgan har qanday tomonga kuchli zarba beradi», – dedi Xominaiy yakshanba kungi chiqishida.
Bu vaqtda Eron harbiylari Ho‘rmuz bo‘g‘ozida ikki haftalik harbiy-dengiz mashg‘ulotlarini boshladi – bu dunyodagi eng muhim suv yo‘llaridan biri va energiya ta’minoti uchun asosiy yo‘nalishdir.
Eron va O‘mon o‘rtasidagi eng tor joy (kengligi taxminan 33 km) bo‘lgan bu suv yo‘li orqali butun jahon neft savdosining beshdan bir qismi o‘tadi. Ilgari Eron bir necha marta agar hujum uchrasa, bo‘g‘ozni yopishi bilan tahdid qilgandi.
AQSh Eronni mintaqadagi Amerika kuchlari yaqinida «xavfli va noprofessional xatti-harakatlar»ga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirdi, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi esa bunga javoban shunday dedi: «Amerika harbiylari hozir bizning qudratli qurolli kuchlarimiz o‘z hududida qanday mashg‘ulot o‘tkazishi kerakligini belgilab berishga harakat qilmoqda».
Shanba kuni Eronda bir vaqtning o‘zida ikkita portlash sodir bo‘ldi. Ulardan biri janubdagi Bandar-Abbos port shahrida ro‘y berib, bir kishi halok bo‘lgan va 14 kishi jarohatlangan. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, hodisa gaz sizib chiqishi oqibatida ro‘y bergan. Tasnim agentligi esa portlash nishoni Islom inqilobi muhofizlari korpusining harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni bo‘lgani haqida tarqalgan xabarlarni rad etib chiqdi.
Mamlakat janubi-g‘arbidagi Axvaz shahrida ro‘y bergan ikkinchi portlash oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan. Mahalliy rasmiylar bu holatni ham gaz sizib chiqishi bilan bog‘lagan.
Eron hukumati namoyishlar vaqtida halok bo‘lganlar ro‘yxatini e’lon qildi
Payshanba kuni Donald Tramp AQShning harbiy aralashuvidan qochish uchun Eron ikki shartga rozi bo‘lishi kerakligini aytgandi: «Birinchidan, hech qanday yadro quroli bo‘lmaydi. Ikkinchidan, namoyishchilarni o‘ldirishni to‘xtatish».
Yakshanba kuni Eron prezidenti Ma’sud Pizishkiyonning ma’muriyati namoyishlar vaqtida halok bo‘lgan 2986 kishining nomma-nom ro‘yxatini e’lon qildi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, jami 3 117 kishi halok bo‘lgan, ammo qurbonlardan 131 nafarining shaxsiga hali aniqlik kiritilmagan. Rasmiylar shaxsiy ma’lumotlardagi noaniqliklar bartaraf etilganidan keyin qo‘shimcha ro‘yxat e’lon qilinishini bildirgan.
Shu bilan birga, huquq himoyachilari qurbonlarning haqiqiy soni ancha ko‘proq ekanini aytishmoqda. Amerikadagi Human Righs Activiss News Agency agentligi ma’lum qilishicha, namoyishlar chog‘ida o‘ldirilgan 6300 dan ortiq kishining shaxsiga aniqlik kiritilgan, yana 17 000 o‘lim holati bo‘yicha surishtiruvlar olib borilmoqda.
Qarorgohi Norvegiyada joylashgan Iran Human Righs tashkiloti esa yakuniy hisob-kitoblardan keyin qurbonlar soni 25 000 mingga yetishi mumkinligini xabar qilgan.
Muxolifatlarning Iran International media-platformasi esa qurbonlar soni bo‘yicha eng yirik raqamlarni keltirgan – 36 500.
Aftidan, Pizishkiyon ma’muriyati bu raqamlarga murojaat qilish orqali «insonlar hayotiga oddiy raqamlar va statistika sifatida munosabatda bo‘lib, ularni ko‘paytirish orqali o‘z siyosiy manfaatlarini ko‘zlovchi tarixiy dushmanlar va yomon niyatli kishilardan farqli o‘laroq» mahalliy rasmiylar uchun har bir eronlik qadrli ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.
«Har bir eronlik biz uchun butun Erondek va prezident o‘zining axloqiy burchi va xalqqa bergan majburiyatlari tufayli o‘zini ularning huquqlari himoyachisi deb biladi», – deyiladi prezident ma’muriyati bayonotida.
Xominaiy yakshanba kungi nutqida namoyishchilarni politsiya, Islom inqilobi muhofizlari korpusi, shuningdek, boshqa obektlar, jumladan, banklar va masjidlarga hujum qilishda aybladi.
«To‘ntarishga urinish bostirildi», – deya uning so‘zlarini keltiradi Tasnim agentligi.
Mavzuga oid
16:27
Eronda «Oskar»ga nomzod bo‘lgan film ijodkorlaridan biri hibsga olindi
11:01
Eron namoyishlarda halok bo‘lgan qariyb 3000 kishining ismlarini e’lon qildi
22:21 / 01.02.2026
Eron YeI mamlakatlari armiyalarini "terrorchi guruhlar" ro‘yxatiga kiritdi
20:13 / 01.02.2026