Jahon | 20:44 / 03.02.2026
12752
17 daqiqa o‘qiladi

Epshteyn dosesi. Yangi e’lon qilingan fayllarda qanday yangi gaplar bor?

AQSh Adliya vazirligi jinsiy jinoyatlar uchun sudlangan va qamoqxonada vafot etgan Jyeffri Epshteyn ishi bo‘yicha millionlab yangi hujjatlarni e’lon qildi. Bu ushbu ishga aloqador barcha materiallarni ochiqlash haqidagi qonun qabul qilinganidan beri e’lon qilingan eng ko‘p hujjat bo‘ldi.

House Oversight Committee

O‘tgan hafta oxirida AQSh Adliya vazirligi o‘z vaqtida badavlat va nufuzli moliyachi bo‘lgan, keyin esa qamoqxonada vafot etgan Jyeffri Epshteyn hujjatlarining yangi to‘plamini e’lon qildi. Bu Epshteyn ishidagi eng katta arxiv (uch million sahifadan ortiq), shu bilan birga so‘nggisidir: Adliya vazirligi yangi relizlar chiqarilishi rejalashtirilmaganini ma’lum qilgan. Bu qadar ko‘p hujjatni batafsil o‘rganish uchun juda ko‘p vaqt talab etiladi. Ammo jurnalistlar allaqachon Epshteyn fayllarida mashhur odamlardan kimlar tilga olinganini aniqlashga ulgurdi. «Meduza» fayllarda kimlarning familiyalari chiqqanini ko‘rib chiqdi.

Jyeffri Epshteyn kim o‘zi?

Jyeffri Epshteyn 1980-yillarda shubhali sxemalar orqali boylik orttirgan amerikalik moliyachidir. U ko‘plab badavlat va nufuzli tanishlarga ega edi, bunday munosabatlar uning ham mavqeyini ko‘tarar, ham yangi daromadlar keltirardi. 1990-yillar oxiri va 2000-yillar boshlarida Epshteynning yaqin do‘stlari qatorida AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton, britaniyalik shahzoda Endryu, texnomagnat Bill Geyts, shuningdek, yirik quruvchi hamda Amerikaning bo‘lajak prezidenti Donald Tramp kabilar bor edi.

Jyeffri Epshteyn va Gisleyn Maksvell xususiy samolyot salonida aks etgan fotosurat, FQB ushbu suratni Epshteynning villasidan topgan, surat olingan yil aniq emas
US Attorney Office / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Epshteyn yoshligidan ko‘plab ayollar bilan yaqin munosabatlar o‘rnatgan. U o‘z tanishlariga ham ko‘ngilxushlik qilish uchun ayollar topishda bajonidil yordam berardi. Vaqt o‘tib uning bu xizmati konveyerga aylanadi: Epshteyn va uning yordamchisi Gileyn Maksvell uning o‘ziga va uning do‘stlari uchun yosh qizlarni (ko‘p hollarda voyaga yetmagan qizlarni) qidirardi. Ko‘plab qizlarga jinsiy aloqa uchun pul to‘langan.

2005 yilda Epshteyn voyaga yetmagan qizlarni badnom qilish va odam savdosida ayblanadi. U tergov organlari bilan kelishuvga boradi va atigi 13 oylik qamoq jazosi bilan qutulib qoladi. 2019 yilda uni yana xuddi shunday ayblovlar bilan qo‘lga olishadi. Bir oy o‘tib Epshteyn qamoqxona kamerasida o‘z joniga qasd qiladi. Uning sherigi Gileyn Maksvell esa 2022 yilda 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Sud qaroriga ko‘ra, u Epshteyn va uning atrofidagilar uchun topib kelgan aksar qizlar 14 yoshda bo‘lgan.

Epshteynning o‘limidan keyin unda «mijozlar ro‘yxati» bo‘lgani va u shu ro‘yxatdagilar buyurtmasi bilan o‘ldirilgani haqida nazariya paydo bo‘lgan. Xususan, Donald Tramp shunday nazariyani ilgari surgan – bu vaqtga kelib ko‘chmas mulk mojarosi tufayli ularning orasi buzilgandi. Tramp bu orqali Klintonlar oilasini yomonotliq qilishga uringandi, ammo yakunda uning o‘zi pand yedi: 2025 yilda, prezidentlikka qayta saylanganida, u «mijozlar ro‘yxati» bo‘lmaganini tan oladi va Epshteynning o‘limida jinoiy alomatlar yo‘qligini aytadi. Bu esa Trampning lageridagilarning g‘azabini keltiradi. Yakunda Tramp 2025 yil noyabrida Epshteyn jinoiy ishi bo‘yicha barcha materiallarni ochiqlash haqidagi qonunni imzolashiga to‘g‘ri keladi.

Oldinroq e’lon qilingan «Epshteyn dose»sidagi fotosuratlar. Ularda AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton, qo‘shiqchi Mik Jagger, biznesmen Richard Brenson, shuningdek Epshteynning o‘zi va uning sherigi Gileyn Maksvell aks etgan
Mandel Ngan / AFP / Scanpix / LETA

So‘nggi kunlarda nimalar bo‘ldi?

30 yanvar kuni AQSh Adliya vazirligi Jyeffri Epshteyn ishi bo‘yicha yangi fayllarni e’lon qildi. Bu fayllar Epshteyn va uning jinoiy sherigi Gilen Maksvell bilan bog‘liq jinoiy ishlarni tergov qilish jarayonida to‘plangan 3 million sahifalik matnlar, 180 mingta fotosurat va 2 mingta videoyozuvlarni o‘z ichiga oladi. Bu moliyachiga aloqador fayllarning eng yirik nashri va aftidan, oxirgisi bo‘ldi. AQSh Adliya vazirligi shu bilan 2025 yil noyabrida Epshteyn hujjatlarini e’lon qilish to‘g‘risida qabul qilingan qonun bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajargan deb hisoblashini ma’lum qilgan.

Vazirlik jami (oxirgi reliz bilan qo‘shib hisoblaganda) moliyachi arxividagi 6 million sahifadan 3,5 million sahifa ochiqlanganini ma’lum qilgan. Idora versiyasiga ko‘ra, qolgan hujjatlar turli sabablarga ko‘ra, jumladan, Epshtey va Maksvellning harakatlaridan jabrlanganlarni himoya qilish zarurati tufayli oshkor etilmaydi. Shu bilan birga, Kongressdagi demokratlar bir vaqtlar o‘zi Epshteyn bilan do‘st bo‘lgan Donald Trampning ma’muriyati masalaga vijdonan yondashayotganiga shubha bilan qaramoqda va hujjatlarning to‘liq arxivi oshkor etilishiga erishmoqchi.

O‘tgan bir necha kun ichida jurnalistlar Epshteyn fayllarining yangi qismini o‘rganishni boshladi. Ular birinchi navbatda taniqli nomlarni qidirishga e’tibor qaratmoqda – Epshteyn yaxshi aloqalarga ega va ulardan keng foydalangan. U ko‘plab nufuzli kishilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilgan, shu bilan birga, yozishmalarda boshqalarning nomlarini ham tilga olgan.

Epshteynning yangi fayllarida kimlarning nomlari bor?

Donald Tramp, AQSh prezidenti

Epshteynning so‘nggi elektron xatlari partiyasida Trampning familiyasi keltirilgan besh mingdan ortiq fayl bor. Ammo bu to‘g‘ridan to‘g‘ri yozishmalar emas, balki shunchaki uning nomi eslab o‘tilgan, ko‘p holatlarda Epshteynning xatlarida ham emas, balki u havola keltirgan gazetalarning maqolalarida. Bundan tashqari, arxivda 2025 yilda FQB tomonidan Tramp hamda AQShning sobiq prezidenti Bill Klintonga nisbatan tuzilgan jinsiy zo‘ravonlik ayblovlari ro‘yxati ham bor. Aftidan, bu tasdiqlanmagan ayblovlardir. Tramp ham, Klinton ham Epshteyning davrasida bo‘lgan, ammo uning jinoyatlaridan xabardor bo‘lganini rad etishgan.

Ilon Mask, dunyoning eng badavlat odami

Mask Epshteyn bilan 2010-yillarning birinchi yarmida yozishmalar olib borgan. Ular Epshteynning Karib dengizidagi shaxsiy orolida uyushtirilgan ziyofatlarni ham muhokama qilishgan. Avvalroq Mask Epshteyn uni o‘z oroliga olib kelishga «behuda uringani» haqida aytgandi, ammo e’lon qilingan xatlar Maskning o‘zi ham ushbu orolga borishga qarshi bo‘lmaganini ko‘rsatadi. 2012 yil oxirida yuborilgan xatda u Epshteyndan «orolimizdagi eng yovvoyi ziyofat qachonga rejalashtirilgan» deb so‘ragan va o‘sha vaqtdagi rafiqasi Talula Rayli bilan bormoqchiligini aytgan. Ammo maktubdan bu reja amalga oshgan-oshmaganini bilib bo‘lmaydi.

Endryu, Britaniya qiroli Charlz III’ning ukasi

Endryu va Epshteyn o‘rtasidagi do‘stlik haqida azaldan ma’lum. Endryu Epshteyn jinsiy jinoyatchi sifatida sudlanganida ham unga sodiq qolgandi. Moliyachi qamoqda vafot etganidan keyin esa Endryu uning xizmatlaridan foydalanib kelgani ma’lum bo‘ladi: Epshteynga qarshi ayblov bildirganlardan eng mashhuri bo‘lgan Virjiniya Juffre 2001 yilda Epshteyn uni shahzoda Endryu bilan tanishtirganida va u bilan jinsiy aloqa uchun pul to‘laganida 17 yoshda bo‘lganini aytgan (u 2025 yilda o‘z joniga qasd qilgan).

Epshteynning yangi e’lon qilingan xatlaridan bilish mumkinki, Juffre shahzoda bilan jinsiy aloqaga majburlangan yagona ayol bo‘lmagan: 2010 yilda Epshteyn Endryuga 26 yoshli rus qiz bilan tanishishni taklif etgan, u bu ayolni go‘zal, aqlli va «ishonchli» deb ta’riflagan, Endryu esa bunga qiziqish bildirgan va tanishishdan xursand bo‘lishini aytgan. Bundan tashqari, Epshteyn arxivida Endryuning polda chalqancha yotgan qandaydir ayol yonida tizzalab turgani aks etgan fotosuratlari topilgan. Bu tasvirlar qachon va qayerda, qanday sharoitda olingani ma’lum emas.

Jon Elswick / AP / Scanpix / LETA

Bill Geyts, Microsoft asoschisi va milliarder

Epshteyn Geyts bilan tanish bo‘lgani ham oldindan ma’lum edi. OAVda ularning aloqalari Bill va Melinda Geytsning ajralishiga ham sabab bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan. Epshteynning pochtasida 2013 yil iyulida yozilgan ikkita xat bor, Epshteyn ularni Geytsga yuborgan, ammo keyin o‘ziga qayta yo‘naltirgan (Geyts ularni ochib o‘qigani ma’lum emas). Bu xatlarda Epshteyn o‘zaro do‘st bo‘lishganida unga barcha intim masalalarda yordam bergani – hatto «rus qizlar bilan jinsiy aloqa» oqibatida orttirilgan kasallikdan tuzalish uchun dorilar topib bergani, lekin Geyts endi o‘z obro‘sini saqlab qolish uchun u bilan hamkorlik qilmaslikka va gaplashmaslikka qaror qilganidan noliydi. Geyts esa xatlardagi gaplar yolg‘onligini aytgan.

Mette-Marit, Norvegiya valiahd malikasi

Kamida 2011-2014 yillarda olib borilgan do‘stona yozishmalarda Norvegiya valiahd shahzodasining rafiqasi Mette-Marit Epshteynni «maftunkor» va «yoqimtoy» deb atab, Parij «xiyonat qilish uchun mos joy ekani»ni aytib hazillashgan hamda ona uchun 15 yoshli o‘g‘liga ekranga zastavka sifatida syorfing taxtasini ko‘tarib turgan ikki yalang‘och ayol aks etgan suratni taklif qilish qanchalik o‘rinli bo‘lishi haqida so‘ragan. Epshteyn bilan aloqalarini 2013 yilda uzgan Mette-Marit bu aloqalarni «sharmandalik» deb atagan.

Richard Brenson, Virgin Group asoschisi va milliarder

Yangi hujjatlarga ko‘ra, britaniyalik tadbirkor Richard Brenson Epshteynni o‘z orolida qabul qilgan. 2013 yil sentabrida yozilgan xatda Brenson Epshteynga tashrif uchun minnatdorchilik bildiradi va yana kelishga taklif qiladi: «Agar bizning o‘lkalarda bo‘lsangiz, sizni ko‘rishdan xursand bo‘lamiz. Asosiysi, haramingizni olib keling». Virgin Group «haram» so‘zi yuzasidan izoh berib, Brenson va Epshteynning uchrashuvi ish yuzasidan bo‘lganini, moliyachi bu yerga uch nafar «balog‘at yoshidagi ayollar» bilan kelgan bo‘lsa-da, ulardan hech biri uchrashuvda ishtirok etmaganini ma’lum qilgan.

Brett Rattner, kinorejissyor

«Tig‘iz soat» («Chas pik») komediyasi rejissyori, 2017 yilda xarassment bo‘yicha ayblovlardan keyin g‘oyib bo‘lgan va yaqinda Melaniya Tramp haqidagi hujjatli film bilan qaytgan Rattner – Epshteynning Nyu Yorkdagi uyida olingan suratda ko‘ringan. Sanasi ko‘rsatilmagan suratda Rattner va Epshteyn divanda ikki ayol bilan o‘tirgani aks etgan. Holbuki uch yil muqaddam rejissyor hech qachon Epshteyn bilan uchrashmaganini aytgandi. Endi esa u izoh berishdan bosh tortmoqda.

Hovard Lyutnik, AQSh savdo vaziri

O‘tgan yili, Epshteynning fayllari bilan bog‘liq mojaro fonida, Lyutnik Nyu Yorkda u bilan qo‘shni bo‘lib yashaganini, 2005 yilda bir marta uning uyiga mehmonga borganini, lekin uy o‘rtasida massaj stolini ko‘rib, endi hech qachon «bu jirkanch odam bilan bir xonada» bo‘lmaslikka qaror qilganini aytgandi. Biroq, yangi e’lon qilingan hujjatlar Lyutnik yolg‘on gapirganini ko‘rsatadi: 2012 yilda u Epshteyn bilan elektron pochta orqali yozishmasida rafiqasi va farzandlari bilan Rojdestvo arafasida uning shaxsiy oroliga borishga haqida gaplashgan.

Rossiyadan kimlar bor?

Vladimir Putin, Rossiya prezidenti

Putinning familiyasi Epshteynning e’lon qilingan yangi hujjatlari to‘plamida mingdan ortiq faylda uchraydi. Turli odamlar bilan yozishmalarda moliyachi Rossiya prezidenti bilan ehtimoliy uchrashuvni muhokama qilgan va hatto uning 2013 yilda ko‘rishish taklifini rad etganini, chunki unga shartlar to‘g‘ri kelmaganini aytgan. Ammo arxiv Epshteyn haqiqatan ham Putin bilan uchrashganini isbotlamaydi. Shu bilan birga, arxivda FQBning 2017 yilgi hisoboti mavjud bo‘lib, unda Epshteyn Putinning yashirin aktivlarini boshqarishga aloqadorligini da’vo qilgan manbaning so‘zlari keltirilgan. The Daily Mail tabloidi manbalari esa Epshteyn Rossiya hukumati manfaatlari yo‘lida josuslik qilganini ham taxmin qiladi.

Ilya Ponomaryov, rossiyalik muxolifatchi

Venchur investor, Geytsning sobiq maslahatchisi hamda Epshteyn vasiyati ijrochisi Boris Nikolich 2012 yil yanvarida moliyachiga o‘sha vaqtda Rossiya davlat dumasi deputati bo‘lgan Ilya Ponomaryovning siyosiy faoliyati haqida yozadi. Nikolich Ponomaryovni o‘shanda bo‘lib o‘tgan «botqoq namoyishlari»ning asosiy tashkilotchilaridan biri va «Putinning o‘rniga kelishi mumkin bo‘lgan shaxs» deb atagan. Nikolich Epshteynni «agar o‘ldirib yuborilmasa», Ponomaryov ertami-kechmi, Rossiya prezidenti bo‘lishiga ishontirgan.

Vitaliy Churkin, rossiyalik diplomat

Churkin 2006 yildan 2017 yilda vafot etgunigacha Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili bo‘lgan. U 2016 yilda Epshteyn bilan yozishmalar olib borgan. Ularning suhbatidan ma’lum bo‘lishicha, Epshteyn rossiyalik amaldorning o‘g‘li Maksimga ishga joylashishda yordam bergan. «Maks muvaffaqiyat qozonmoqda. U shunchaki Amerikaning ishbilarmonlik odatlarini tushunib olishi kerak edi», – degan Epshteyn. «Sen ajoyib o‘qituvchisan!» – deb javob beradi unga Churkin.

Bu arxivdagi odamlar haqida yana nimalarni bilish muhim?

Unda Rossiyadan bo‘lgan qizlar bir necha bor tilga olinadi: Samara va Saratov, Nijniy Novgorod, Omsk va Chelyabinsk oblastidan. Ulardan biri 2010 yilda AQShdan Rossiyaga London orqali uchib ketayotganida shahzoda Endryu bilan uchrashgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Epshteynning 2018 yilgi yozishmalarida Krasnodardagi Shtorm model agentligi va uning Raya ismli modellaridan biri ham uchraydi. Shtorm asoschisi Dana Borisenko Epshteyn bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini va uning agentligi hech qachon hech kimni AQShga ishga yubormaganini aytib chiqdi.

Epshteynning sharqiy yevropalik ayollarga bo‘lgan qiziqishini Amerikaning «Nyu-York Jayyens» futbol jamoasi egalaridan biri bo‘lgan Stiv Tish bilan yozishmalari ham tasdiqlaydi. 2013 yilda ular Tish Epshteyn orqali tanishgan ukrainalik va rossiyalik qizlarni muhokama qilishgan.

The Wall Street Journal Epshteynning yangi fayllarida Epshteyn qurbonlaridan kamida 43 nafarining ism-shariflari ochiq ko‘rsatilgani, ulardan yigirmadan ortig‘i jinoyat sodir etilgan paytda voyaga yetmagan bo‘lganini yozib chiqdi (AQSh Adliya vazirligi ularni nashr etishdan oldin tekshirishi kerak edi). Bundan tashqari, ba’zi nomlar fayllarda 100 martadan ko‘proq uchraydi. Epshteyn qurbonlari manfaatlarini himoya qiluvchi advokatlar Bred Edvards va Brittani Hendersonning ta’kidlashicha, ular ma’lumotlar e’lon qilinishidan oldin maxfiylashtirilishini ta’minlash uchun 350 nafar jabrlanuvchining ro‘yxatini Adliya vazirligiga oldindan yuborgandi. Idora ismlar yashirilgan yoki yashirilmaganini nima uchun tekshirmagani noma’lum.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid