Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniya o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga cheklov qo‘ymoqchi
Ijtimoiy tarmoqlar qonunlarga amal qilinmaydigan, jinoyatlarga toqat qilinadigan, dezinformatsiyani haqiqatdan ustun qo‘yiladigan, foydalanuvchilar nafrat bilan hujum qilinadigan joyga aylandi, dedi bosh vazir Pedro Sanches.
Foto: Getty images
Ispaniya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bosh vazir Pedro Sanches ma’lum qildi.
Madrid bolalarning Twitter, TikTok va Instagram kabi platformalardan foydalanishiga cheklovlar qo‘ymoqchi, deb xabar berdi Bloomberg. Taqiqqa rioya qilish uchun hukumat platformalardan yoshni tekshirishni joriy etishni so‘raydi.
«Ijtimoiy tarmoqlar qonunlarga amal qilinmaydigan, jinoyatlarga toqat qilinadigan, dezinformatsiyani haqiqatdan ustun qo‘yiladigan, foydalanuvchilar nafrat bilan hujum qilinadigan barbod bo‘lgan davlatga aylandi. <...> Bolalarimiz hech qachon yolg‘iz qolish uchun mo‘ljallanmagan makonga tushib qoldi... Biz endi bunga chidash niyatida emasmiz. <...> Biz ularni raqamli Yovvoyi G‘arbdan himoya qilamiz», dedi Sanches Dubayda bo‘lib o‘tgan Butunjahon hukumat sammitida.
Ispaniya bosh vaziri so‘zlariga ko‘ra, kelgusi haftadayoq rasmiylar ijtimoiy tarmoqlar rahbariyatini noqonuniy kontent tarqatish va nafrat uyg‘otish uchun javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi tashabbusni ham ko‘rib chiqadi.
Sanches, shuningdek, Ispaniya Raqamli sohada ko‘ngillilar koalitsiyasiga (Coalition of the Digitally Willing) qo‘shilishini e’lon qildi. Uning aniqlik kiritishicha, unga allaqachon oltita davlat kiradi, ammo aynan qaysilari - noma’lum. Koalitsiya ijtimoiy tarmoqlarni tartibga solish masalasida Yevropa Ittifoqi doirasida transchegaraviy hamkorlikni ta’minlashi kerak.
O‘tgan hafta Fransiya parlamentining quyi palatasi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni qo‘llab-quvvatladi. Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, reja bo‘yicha taqiq yangi o‘quv yili boshidan - 2026 yil 1 sentabrdan kuchga kirishi kerak. Dekabr oyida Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan dunyodagi birinchi davlat bo‘lgan edi. Avvalroq Buyuk Britaniya ham bunday imkoniyatni ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
00:04
Ispaniyada Mango do‘konlari asoschisining o‘g‘li otasini o‘ldirishda gumon qilinib ushlandi
08:04 / 13.05.2026
Inqirozdan dunyo brendiga: Bilbao shahrining qayta tug‘ilishi
21:51 / 11.05.2026
Atigi bir necha qadam – Portugaliya va Ispaniya o‘rtasida dunyodagi eng kichik xalqaro ko‘prik bor
23:35 / 10.05.2026