Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mudofaa xarajatlari oshadi: Fransiyada 2026 yil budjeti qabul qilindi
Ko‘p oylik bahs-munozaralardan so‘ng Fransiya hukumati 2026 yil uchun davlat budjeti qabul qilinishini ta’minladi. Mamlakat bosh vaziri Sebasten Lekornyu 2 fevral, dushanba kuni kechqurun bu haqda X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
«Fransiya nihoyat budjetga ega bo‘ldi. Aniq qarorlar va asosiy ustuvor yo‘nalishlarni aks ettiradigan budjet. Davlat xarajatlarini cheklaydigan va uy xo‘jaliklari hamda korxonalar uchun soliqlarni oshirishni ko‘zda tutmaydigan budjet», dedi u.
Qabul qilingan budjet “parlamentdagi murosa natijasi” sifatida — barcha fraksiyalar taklif etgan tuzatishlarni ham o‘z ichiga olgan holda Fransiya davlat defitsitini yalpi ichki mahsulot (YaIM)ga nisbatan 5,4 foizdan 5 foizdan past ko‘rsatkichga tushirishga xizmat qilishi kerak. Agence France-Presse qayd etishicha, Lekornyu avval rejalashtirgan tejamkorlik choralari dastlab e’lon qilinganidek keskin emas. Shu bilan birga, mudofaa budjeti 6,7 mlrd yevroga oshirilib, 57,1 mlrd yevroga yetkaziladi.
Budjet qabul qilinishi arafasida hukumatga nisbatan yana ikki marta ishonchsizlik votumi tashabbusi ko‘tarildi.
Bu gal birinchi votum parlamentdagi so‘l lager tomonidan Fransiya Milliy majlisi muhokamasiga kiritildi va 289 ta zarur ovoz o‘rniga 260 ta ovoz oldi.
Ikkinchi o‘xshash taklif o‘ta o‘ng Milliy birlashuv partiyasi tomonidan kiritildi, u ham yetarli qo‘llab-quvvatlov ololmadi — 135 ta ovoz, xolos.
Oxirgi haftalarda hukumat budjetning ayrim qismlari bo‘yicha to‘rt marta ishonchsizlik votumini chetlab o‘tgani aytiladi. Oktyabrdagi votumlarni ham hisobga olganda, Lekornyu — so‘nggi ikki yildagi to‘rtinchi bosh vazir o‘ta so‘l va o‘ta o‘ng kuchlar tashabbusi bilan ko‘tarilgan jami olti marta ishonchsizlik votumidan o‘tgan.
Belgilangan maqsadga erishilgan taqdirda ham Fransiya davlat taqchilligi Yevropa Ittifoqi belgilagan 3 foizlik me’yordan ancha yuqori bo‘lib qoladi. AFP qayd etishicha, yangi budjet sharoitida mamlakatning davlat qarzi ham ehtimol o‘sishda davom etadi: hukumat 2025 yilda taxminan YaIMning 116 foizi bo‘lgan qarz 2026 yilda taxminan 118 foizgacha ko‘tarilishini kutmoqda.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Sebasten Lekornyuni 2025 yil 10 oktyabrda yana hukumat rahbari etib tayinlagan edi. Lekornyu esa bundan to‘rt kun oldin, 2026 yil budjeti bo‘yicha kelishuvga erisha olmagani uchun iste’fo bergan. To‘rt oy davomida Parijdagi deputatlar budjet yuzasidan murosaga kelolmadi. Uni qabul qilish uchun Lekornyu mamlakat konstitutsiyasining 49.3-moddasini qo‘llashga majbur bo‘ldi — garchi lavozimga kirishganda buni qilmaslikka va’da bergan bo‘lsa ham. Ushbu modda hukumat keyingi ishonchsizlik bo‘yicha ovoz berishdan o‘ta olsa, qonun qabul qilingan deb hisoblash imkonini beradi.
So‘nggi ikki yil ichida Makron to‘rt nafar bosh vazirga budjet taqchilligini qisqartirish va davlat moliyasini muvozanatlash vazifasini yuklagan. Fransiyaning davlat qarzi hozir Yevroittifoqda Gretsiya va Italiyadan keyin uchinchi eng katta ko‘rsatkich hisoblanadi.
Mavzuga oid
08:59 / 15.06.2026
Zelenskiy G7 sammitida Tramp bilan uchrashishini ma’lum qildi
20:32 / 13.06.2026
O‘zbekistonliklar uchun Fransiyada mavsumiy ish taklif etilmoqda
10:08 / 11.06.2026
Yonilg‘i narxlari oshishi Yevropada elektromobillarga talabni kuchaytirdi
10:40 / 09.06.2026