Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqandda ikki tumanga yangi hokimlar tayinlandi
Oqdaryo tumanida Sherzod Qudratov o‘rniga Temur Mahmudov, Past Darg‘om tumanida Sherzod Rahmonov o‘rniga Jamshid Arziyev ish boshladi.
Samarqand viloyati Oqdaryo tumaniga 2021 yildan buyon rahbarlik qilib kelgan Sherzod Qudratov o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Temur Mahmudov tumanning yangi hokimi etib tayinlandi.
Bugun, 3 fevral kuni xalq deputatlari Oqdaryo tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev ishtirok etib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash, bandlikni ta’minlashda mavjud, ammo to‘liq ishga solinmayotgan imkoniyatlar hamda mas’ul rahbarlar tomonidan ishni hamjihatlikda tashkil etish masalalariga to‘xtaldi.
Sessiya davomida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Tumanning amaldagi hokimi Sherzod Qudratov o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etildi. U tumanga 2021 yil dekabridan buyon rahbarlik qilayotgandi.
Uning o‘rniga Temur Asomidinovich Mahmudov nomzodi taklif qilindi. Nomzod xalq deputatlari tomonidan ma’qullandi.
Temur Mahmudov tayinlovga qadar Samarqand viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Bugun Past Darg‘om tumanida ham xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazilib, unda tashkiliy masala ko‘rildi.
Tumanga 2024 yil iyunidan buyon rahbarlik qilib kelgan Sherzod Rahmonov o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etildi.
Shu paytgacha Past Darg‘om tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat ko‘rsatgan Jamshid Arziyevich Pardayev tumanning yangi hokimi etib tasdiqlandi.
Sessiyada tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi muhim vazifalar belgilab olindi.