Turizm | 14:16
2752
15 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar Janubiy Koreyaga vizani qanday olishlari mumkin?

O‘zbekiston fuqarolari Janubiy Koreyaga borish uchun safar maqsadi va muddatidan qat’i nazar - har qanday holatda viza olishlari shart. Hujjatlarni faqat akkreditatsiyadan o‘tgan agentliklar orqali topshirish mumkin, konsullik talablari esa qat’iyligicha qolmoqda.

Foto: REUTERS

Ayni paytda Koreyada migratsiya qoidalarini buzgan O‘zbekiston fuqarolari soni ortgani sababli viza berishda ehtimoliy cheklovlar joriy etilishi haqidagi bayonotlar alohida e’tiborni tortmoqda. Hozircha qoidalar o‘zgarmagan, shuning uchun vizani rasmiylashtirish tartibi qandayligi va hozir amalda bo‘lgan talablarni bilish zarur.

Quyida O‘zbekiston fuqarolari uchun Koreya vizasini rasmiylashtirish bo‘yicha amaldagi qoidalar jamlangan: mavjud viza toifalari, hujjatlarga qo‘yiladigan talablar, ariza topshirish tartibi va rad etishning asosiy sabablari.

Koreyaga vizani kim va qachon olishi kerak

O‘zbekiston fuqarolari Janubiy Koreyaga har qanday safar uchun: turizm, o‘qish, ishlash yoki qarindoshlarni ziyorat qilish maqsadidan qat’i nazar viza olishlari shart. Vizasiz hatto bir kunga ham kirish mumkin emas.

Yevropa, AQSh va ayrim MDH davlatlari fuqarolari foydalanadigan K-ETA elektron ruxsatnomasi O‘zbekiston fuqarolari uchun amal qilmaydi. Barcha arizalar anketa va hujjatlar to‘plami bilan oflayn tarzda topshiriladi. Turistik va mehmon vizalari uchun hujjatlarni qabul qilish faqat akkreditatsiyadan o‘tgan agentliklar orqali amalga oshiriladi.

Koreyaga viza turlari

O‘zbekiston fuqarolari uchun eng ko‘p rasmiylashtiriladigan olti xil viza mavjud. Ular safar maqsadi, Koreyada bo‘lish muddati va hujjatlarga qo‘yiladigan talablarga ko‘ra bir-biridan farq qiladi.

C-3 — qisqa muddatli viza (90 kungacha)

Turizm, mehmon sifatida borish va xizmat safari uchun foydalaniladi. Safar maqsadiga qarab mehmonxona broni, taklifnoma yoki kompaniyadan xat talab qilinadi. O‘zbekistonda faqat akkreditatsiyadan o‘tgan agentliklar orqali topshiriladi.

C-4 — qisqa muddatli mehnat vizasi

Koreyaga qisqa muddatli ishlarni bajarish uchun taklif etilgan mutaxassislarga beriladi. Ish beruvchi bilan tuzilgan shartnoma va hujjatlar talab qilinadi. Muddati — 90 kungacha.

D-2, D-4 — ta’lim vizalari

D-2 — universitet talabalari uchun, D-4 — til kurslari uchun.

O‘qishga qabul qilinganlik haqidagi xat, o‘qish uchun to‘lov amalga oshirilganini tasdiqlovchi hujjat va moliyaviy imkoniyatni ko‘rsatuvchi ma’lumotlar talab etiladi.

E-9 — davlat dasturi (EPS) bo‘yicha mehnat vizasi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali beriladi. Tanlov va kvotalashdan o‘tgandan so‘ng rasmiylashtiriladi. Konsullikka mustaqil ravishda murojaat qilish ko‘zda tutilmagan.

E-7 — malakali mutaxassislar uchun

Mutaxassislik bo‘yicha ma’lumot, tasdiqlangan ish tajribasi va Koreya ish beruvchisi bilan shartnoma talab qilinadi. Viza Koreya Respublikasining migratsiya organlari oldindan ma’qullaganidan so‘ng rasmiylashtiriladi.

H-2 — etnik koreyslar uchun

Koreya millatiga mansublik hujjatlar bilan tasdiqlanganda beriladi. 4 yilu 10 oygacha ishlash va yashash huquqini beradi. Topshirishdan oldin tanlovdan o‘tish, jumladan til imtihoni va suhbat talab qilinadi. Viza faqat millatga qarab avtomatik ravishda berilmaydi.

Shuningdek, F-4 vizasi ham mavjud — rasman «chet eldagi vatandosh» maqomini olgan shaxslar uchun. Bu alohida toifa bo‘lib, cheklangan miqdordagi arizachilar olishi mumkin. O‘zbekiston fuqarolarining aksariyati uchun asosiy variant sifatida H-2 vizasi qolmoqda.

Janubiy Koreya vizalari turlari

Safar maqsadi va muddati bo‘yicha asosiy vizalarning taqqoslanishi.

Koreya vizasi qayerda rasmiylashtiriladi

O‘zbekiston fuqarolari uchun Janubiy Koreya vizasiga hujjat topshirish Toshkentdagi Koreya Respublikasi elchixonasining konsullik bo‘limi orqali amalga oshiriladi. Vizaga mustaqil ravishda onlayn ariza topshirish imkoni yo‘q.

Vizalarning aksariyat turlari uchun — birinchi navbatda turistik va mehmon vizalari uchun shaxsan ariza topshirish nazarda tutilmagan. Hujjatlar faqat elchixonaning konsullik bo‘limi bilan hamkorlik qiladigan akkreditatsiyadan o‘tgan turistik agentliklar orqali qabul qilinadi. Ularning nomlari elchixonaning rasmiy saytida e’lon qilinadi va faqatgina ular fuqarolardan arizalarni qabul qilib, ko‘rib chiqish uchun topshirish huquqiga ega.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri elchixona orqali rasmiy mehnat shartnomalari asosida beriladigan vizalar, ayrim toifadagi talabalik vizalari hamda davlat dasturlari doirasidagi vizalar rasmiylashtiriladi.

Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi rasmiy sayti.

Ish vaqti va akkreditatsiyadan o‘tgan agentliklar ro‘yxati elchixona rasmiy saytida e’lon qilinadi.

Viza uchun qanday hujjatlar kerak

Janubiy Koreya vizasi uchun hujjatlarning asosiy to‘plami barcha arizachilar uchun deyarli bir xil, ammo yakuniy ro‘yxat safar maqsadiga bog‘liq.

Hujjatlarning asosiy to‘plami:

Xorijga chiqish pasporti

Safar vaqtida amal qilish muddati kamida 6 oy bo‘lishi kerak. Pasportning asl nusxasi va shaxsiy ma’lumotlar ko‘rsatilgan birinchi sahifasining nusxasi topshiriladi.

Viza anketaci

Ingliz yoki koreys tilida, qo‘lda yoki chop etilgan holda to‘ldiriladi. Imzo qo‘yilishi shart. Anketa shaklini elchixona saytidan yuklab olish yoki akkreditatsiyadan o‘tgan turfirmadan olish mumkin.

Viza anketasi namunasi.

Barcha shakllarni faqat rasmiy saytlardan yuklab olish tavsiya etiladi. Eski namunadagi anketalar (masalan, 2020 yilgacha bo‘lgan) qabul qilinmasligi mumkin. Ayrim agentliklar rus tilidagi o‘z shablonlaridan foydalanadi, biroq original blankalardan foydalangan ma’qul.

Fotografiya

Rangli, 3,5 × 4,5 sm o‘lchamda, oq fonda, bosh kiyim va ko‘zoynaksiz. Ikki dona.

Safar maqsadini tasdiqlovchi hujjatlar:

— turizm: aviachiptalar va mehmonxona bronlari, turoperator bilan shartnoma;

— mehmonga borish: rasmiy taklifnoma, taklif qiluvchining ID nusxasi, qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjat (zarur bo‘lganda);

— o‘qish: qabul qilinganligi haqida xat, to‘lovni tasdiqlovchi hujjat, ma’lumoti haqidagi hujjatlar;

— ishlash: mehnat shartnomasi, Koreya tomonidan xat yoki ishlashga ruxsatnoma.

Taklifnomalar, homiylik xatlari va ta’lim vizalari (masalan, D-2 yoki D-4) uchun hujjatlarni odatda qabul qiluvchi tomon — universitet, ish beruvchi yoki Koreyadagi qarindosh tayyorlaydi.

Moliyaviy hujjatlar

Shaxsiy hisob raqamdan so‘nggi 3 oyga oid ma’lumotnoma, ish joyidan daromadi haqidagi ma’lumotnoma, oylik maosh haqida ma’lumotnoma. Agar safarni qarindosh moliyalashtiradigan bo‘lsa, homiylik xati, uning moliyaviy hujjatlari va qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi kerak.

Hatto turfirma orqali ariza topshirilganda ham, hujjatlarning haqiqiyligi uchun javobgarlik ariza beruvchida bo‘ladi. To‘liq bo‘lmagan hujjatlar yoki anketadagi xatolar — rad etishning eng ko‘p uchraydigan sabablari.

Moliyaviy talablar

Konsullik ariza beruvchining moliyaviy holatini — safar xarajatini qoplash va yashash joyiga qaytib kelish salohiyatini tekshiradi. Bu turistik, ta’lim va mehmon vizalari uchun arizalarni ko‘rib chiqishdagi asosiy shartlardir.

Bank ma’lumotnomasi

Viza uchun bank hisob raqamidan so‘nggi uch oy ichidagi harakatlar va hisobdagi qoldiqni ko‘rsatuvchi ma’lumotnoma talab qilinadi. Hujjat ingliz yoki koreys tilida bo‘lishi, ariza beruvchining ismi, bank muhri va imzosini o‘z ichiga olishi kerak.

Turistik viza uchun minimal summa — 1500 dan 2000 AQSh dollarigacha.

Qayerda rasmiylashtiriladi:

Eng maqbul variant — ma’lumotnomani bank bo‘limida olish. Bu holda hujjat rasmiy blankda, muhr va imzo bilan rasmiylashtiriladi, bu konsullik talablariga mos keladi.

Ayrim banklar ma’lumotnomani mobil ilova orqali tayyorlash imkonini beradi. Ammo elektron imzo yoki QR-kod mavjud bo‘lmasa, bunday ma’lumotnomani bank bo‘limida tasdiqlatib olish tavsiya qilinadi.

Ariza beruvchining moliyaviy holatini tasdiqlovchi bank ma’lumotnomasi namunasi.

Viza xizmatlari faqat rasmiy bank hujjatlarini qabul qiladi. Haqiqiyligi tasdiqlanmagan onlayn ma’lumotnomalar hisobga olinmasligi mumkin. Agar hisob raqami homiy nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa (masalan, ota-ona), homiylik xati, homiyning moliyaviy hujjatlari va qarindoshli aloqalarini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilish kerak.

Ta’lim vizalari (D-2 va D-4) uchun moliyaviy salohiyat ariza beruvchi nomiga KDB Bank Uzbekistan tomonidan berilgan va konsullik talablariga muvofiq summa va mablag‘larning saqlanish muddati ko‘rsatilgan ma’lumotnoma bilan tasdiqlanadi.

Ish joyidan ma’lumotnoma

Hujjat ariza beruvchining ishlashini, daromad darajasi va ishlash davomiyligini tasdiqlaydi. Safar davrida ish o‘rni saqlanishi ko‘rsatilishi qo‘shimcha afzallik hisoblanadi.

Janubiy Koreyaga viza olish uchun ish joyidan ma’lumotnoma namunasi.

Homiylik xati

Agar ariza beruvchi ishlamasa yoki ta’lim olayotgan bo‘lsa, safarni qarindosh moliyalashtirishi mumkin. Bu holda ingliz tilida homiylik xati, homiyning hisob raqamidan ma’lumotnoma, pasporti nusxasi va qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinadi.

Moliyaviy hujjatlar konsullikka migratsion xatarni baholash va ariza beruvchining safar uchun mablag‘i borligini hamda yashash joyiga qaytish uchun asosga ega ekanligini tasdiqlash imkonini beradi.

Ariza berish jarayoni

Janubiy Koreyaga viza arizasini topshirish jarayoni bir necha bosqichdan iborat. O‘zbekiston fuqarolari uchun bu quyidagicha kechadi:

1. Hujjat yig‘ish

Birinchi bosqichda ariza beruvchi anketa, foto, pasport, moliyaviy hujjatlar va safar maqsadini tasdiqlovchi hujjatlarni to‘playdi. Aniq ro‘yxat viza turiga bog‘liq.

2. Hujjatlarni agentlikka topshirish

Odatda konsullik hujjatlarni shaxsan qabul qilmaydi. Aksariyat arizalar konsullik bo‘limiga hujjatlarni topshirish huquqiga ega akkreditatsiyadan o‘tgan turistik agentliklar orqali yuboriladi.

3. Arizani ro‘yxatga olish va konsullikka topshirish

Agentlik arizani tayyorlab, ariza beruvchini navbatga qo‘yadi va hujjatlarni konsullikka yuboradi. Shaxsan ishtirok borish talab qilinmaydi, faqat ayrim mehnat va ta’lim vizalarida istisnolar mavjud.

4. Qarorni kutish

Hujjatlar topshirilgandan so‘ng qarorni kutish bosqichi boshlanadi. O‘rtacha ko‘rib chiqish muddati — 7 dan 14 ish kunigacha. Agentlik viza tayyor bo‘lganda xabar beradi. Pasport shu agentlik orqali olinadi.

Hujjatlar topshirilgandan keyin arizaga o‘zgarish kiritish mumkin emas. Agar hujjatlar to‘liq yoki ishonchli bo‘lmasa, rad etish ehtimoli bor. Shu bois hujjat topshirishdan oldin hamma narsani to‘g‘ri yig‘ish zarur.

Viza qanchada chiqadi

Odatda, Koreyaga viza hujjatlar topshirilgandan so‘ng 7–14 ish kuni ichida chiqadi. Amalda esa mavsum, viza turi va konsullikning bandligiga qarab muddat o‘zgarishi mumkin.

Ko‘rib chiqish muddatiga nimalar ta’sir qiladi:

  • Viza turi
  • — Turistik va mehmon vizalari (C‑3) tezroq chiqadi — 5-10 ish kunida.
  • — Ta’lim va mehnat vizalari (D‑, E‑toifalari): 15 ish kunigacha.
  • Mavsum
  • Yoz va kuz — tig‘iz mavsum, ayniqsa turistik vizalar uchun. Ko‘rib chiqish muddati cho‘zilishi mumkin.
  • Tekshiruv va to‘ldirishlar
  • Agar ma’lumotlar kam bo‘lsa yoki shubha uyg‘otsa, qo‘shimcha ma’lumotnomalar so‘rashlari mumkin. Bu o‘z-o‘zidan muddatga yana kamida 3-5 kun qo‘shadi.
  • Kim orqali topshirilishi
  • Akkreditatsiyadan o‘tgan agentliklar hujjatlarni tezroq va aniqroq topshiradi. Anketadagi xatolar yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotnomalar jarayon cho‘zilishiga yoki rad etishga olib kelishi mumkin.

Viza faqat pasportda qayd etilganidan keyingina tayyor hisoblanadi. Pasportni faqat o‘sha topshirilgan firma orqali qaytarib olish mumkin.

Koreyaga viza narxi qancha

Viza narxi uning turi va kirishlar soniga bog‘liq. O‘zbekiston fuqarolari uchun belgilangan konsullik yig‘imi AQSh dollarida to‘lanadi va akkreditatsiyadan o‘tgan agentlik orqali konsullikka beriladi.

Konsullik yig‘imlari

Konsullik yig‘imi miqdori viza turi va konsullik qaroriga ko‘ra o‘zgarishi mumkin.

Viza rad etilganda to‘lov qaytarilmaydi.

Rad etilganda nima qilish kerak

Viza berishning rad etilishi qayta ariza topshirish taqiqlanishini anglatmaydi. Koreya konsulligi ariza beruvchi xatolarni tuzatgan yoki hujjatlar to‘plamini mustahkamlagan taqdirda qayta arizani qabul qiladi.

Rad etilish sababi

Hujjatlar topshirilgan agentlik rad etish sabablari bo‘yicha umumiy izoh olishi mumkin. Odatda bu safar maqsadini yetarlicha tasdiqlamaslik, moliyaviy bazaning zaifligi yoki migratsiya xatari bilan bog‘liq bo‘ladi.

Qaysi hujjatlar noto‘g‘ri to‘ldirilishi mumkin

Rad etishlar ko‘pincha quyidagilar bilan bog‘liq:

— to‘ldirilmagan yoki shubhali bank ma’lumotnomasi

— safar maqsadining noaniqligi

— anketadagi xatolar

— safar maqsadi bilan taqdim etilgan hujjatlarning mos kelmasligi.

Bu xatolarni qayta ariza topshirganda to‘g‘rilasa bo‘ladi.

Hujjatlarni nima qilish kerak

Qayta ariza topshirilganda quyidagilarni qo‘shimcha qilish kerak:

— O‘zbekiston bilan aloqasini tasdiqlash (ish yoki o‘qish joyidan ma’lumotnoma, oilasi borligi),

— safar yo‘nalishlarini aniq ko‘rsatish

— qo‘shimcha moliyaviy hujjatlar yoki yangi taklifnoma.

Qachon qayta ariza topshirish mumkin

Qayta ariza topshirish bo‘yicha muddat cheklanmagan. Amalda, agentliklar taxminan bir oy kutishni va hujjatlar to‘plamiga o‘zgarishlar kiritishni tavsiya qiladi.

Agar hujjatlar qaytadan hech qanday o‘zgarishsiz topshirilsa, natija ham shunga yarasha bo‘ladi. Yangi ariza topshirishdan oldin to‘plamni agentlik bilan birga qayta ko‘rib chiqqan ma’qul.

Xulosa

  • O‘zbekiston fuqarolari uchun Janubiy Koreyaga safar maqsadidan qat’i nazar viza majburiy.
  • O‘zbekiston fuqarolariga K-ETA elektron ruxsatnomasi tatbiq etilmaydi.
  • Aksariyat vizalar faqat akkreditatsiyadan o‘tgan agentliklar orqali rasmiylashtiriladi.
  • Viza turi va hujjatlar ro‘yxati safar maqsadiga bog‘liq.
  • Moliyaviy hujjatlar arizani ko‘rib chiqishda hal qiluvchi omil hisoblanadi.
  • Rad etish qayta topshirish imkoniyatini yopmaydi, ammo hujjatlar to‘plamini qayta ishlashni talab qiladi.
Асал Равшанова
Tayyorlagan Асал Равшанова

Mavzuga oid