O‘zbekiston | 16:10 / 27.04.2026
1618
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya O‘zbekistonda AT ta’limi uchun 14 mln dollar grant ajratadi

Loyiha 2026−2032 yillar davomida amalga oshirilib, Nukus va Qarshi shaharlarida ikkita zamonaviy AT-xab tashkil etiladi. Bundan tashqari, yettita tumanda 14 ta AT markaz qurilib, zarur jihozlar bilan ta’minlani rejalashtirilgan.

Foto: Telegram / mitcuz

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) O‘zbekistonda axborot texnologiyalari ta’lim ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan loyiha uchun 14 million dollar miqdorida grant ajratdi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, «O‘zbekistonda AT ta’lim ekotizimini takomillashtirish orqali yoshlarning bandlik va tadbirkorlik salohiyatini oshirish» loyihasi doirasida yoshlar sun’iy intellekt, prompt muhandisligi, dasturlash, narsalar interneti va onlayn marketing kabi zamonaviy yo‘nalishlarda to‘rt yil davomida tizimli o‘qitiladi.

Shuningdek, 500 nafar AT mutaxassisi va o‘qituvchilarning malakasi oshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida koreyalik yetakchi ekspertlar ishtirokida startap inkubatsiya dasturlari ham yo‘lga qo‘yiladi.

Loyiha 2026−2032 yillar davomida amalga oshirilib, Nukus va Qarshi shaharlarida ikkita zamonaviy AT-xab tashkil etiladi. Bundan tashqari, yettita tumanda 14 ta AT markaz qurilib, zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.

Mazkur tashabbus ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlar bandligini oshirish va innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi aytilyapti.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid