O‘zbekiston | 09:45
934
1 daqiqa o‘qiladi

Uranni qayta ishlash quvvatlarini oshirish choralari belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 fevral kuni ko‘mir va uran sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda uranni qayta ishlash quvvatlarini oshirish va xomashyoni barqaror ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Foto: Flickr

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili mamlakatda 7 ming tonna uran ishlab chiqarilgan, aniqlangan zaxiralar esa 139 ming tonnaga yetgan. Joriy yilda Arnasoy, G‘arbiy Qizilqoq, Janubiy Jongeldi va Sharqiy Ag‘ron konlarini o‘zlashtirishni boshlash rejalashtirilgan.

Xomashyo qazib olish hajmining ortishi munosabati bilan uni qayta ishlash quvvatlarini ham kengaytirish zarurligi qayd etildi. Shu maqsadda uranni qayta ishlash korxonalarini sulfat kislotasi hamda uni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan texnik oltingugurt bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari belgilandi.

Yig‘ilishda sohadagi loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, ishlab chiqarish hajmlarini bosqichma-bosqich oshirish hamda iqtisodiy samaradorlikni kuchaytirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid