Jahon | 10:30 / 04.02.2026
2353
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp shatdaunni to‘xtatish uchun qonun loyihalari paketini imzoladi

AQSh hukumati ishining qisman to‘xtashi 4 kun davom etdi va yakuniga yetdi. Mamlakat prezidenti Tramp qonun loyihalari paketini Vakillar palatasi tasdiqlaganidan keyin imzoladi.

Foto: Win McNamee/Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba kuni, 3 fevral kechqurun, avvalroq AQSh Kongressining Vakillar palatasi tomonidan qabul qilingan qonun loyihalari paketini imzoladi va shu bilan o‘zining ikkinchi prezidentlik muddatidagi ikkinchi shatdaunga barham berdi. Shu tariqa, AQSh federal hukumatining navbatdagi qisman ishdan to‘xtashi to‘rt kun davom etdi.

Hujjatlar Tramp tomonidan imzolanishidan bir necha soat oldin Vakillar palatasi ko‘pchilik ovoz bilan AQSh Senati tomonidan avvalroq qabul qilingan murosali budjetni ma’qulladi. Budjet loyihasini 217 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, 214 nafari qarshi ovoz berdi. Budjet uchun Demokratik partiyadan ham 20 nafar siyosatchi ovoz bergan, biroq shuncha — 20 nafar respublikachilar unga qarshi chiqqan.

Kongress Senati 31 yanvar kuni mamlakat hukumati ishini moliyalashtirish bo‘yicha qonun loyihalari paketini moliyaviy yil oxirigacha tasdiqlagan edi. Paketni qo‘llab-quvvatlab yuqori palataning 71 a’zosi ovoz bergan, 29 a’zosi qarshi chiqqan. Shunga qaramay, shatdaunning oldini olib bo‘lmadi, chunki Vakillar palatasi hujjat matnini faqat 3 fevral kunigina ko‘rib chiqishga ulgurdi.

30 yanvarga o‘tar kechasi Oq uy va demokratlar AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati — ICE faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish masalasidagi bahsda murosaga keldi. Donald Tramp demokratlar bilan kelishuvga erishilganini, unga ko‘ra budjet paketining olti qismidan beshtasini qabul qilish mumkinligini aytgan.

ICE xodimlari bir necha oy davomida demokratlar boshqarayotgan qator Amerika shaharlarida deportatsiya bo‘yicha reydlar o‘tkazib kelmoqda. Minneapolisda qattiqqo‘l harakatlarga qarshi namoyishlar vaqtida AQShning ikki nafar fuqarosi halok bo‘lgan.

1977 yildan beri AQSh hukumati moliyalashtirishda davomiyligi uch kun va undan kam bo‘lgan 10 tadan ortiq tanaffuslarni boshdan kechirgan. Pauza­larning aksariyati real oqibatlarga olib kelmaganini AQSh Kongressining Tadqiqot xizmati qayd etgan. Masalan, 2025 yil 13 noyabrda Tramp federal hukumat faoliyatini moliyalashtirishni 30 yanvargacha (shu kunni ham qo‘shgan holda) uzaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi.

O‘shanda shatdaun 43 kun davom etib, mamlakat tarixidagi eng uzoq bunday tanaffus bo‘lgan. Federal budjet yuzasidan respublikachilar va demokratlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sabab taxminan 750 ming federal xizmatchi maosh saqlanmagan holda majburiy ta’tilga chiqarilgan. Faqat hayotiy muhim tuzilmalar — aviadispetcherlik xizmati, politsiya, chegara qo‘riqlash va shoshilinch tibbiy yordam xodimlari ishni davom ettirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid