Jahon | 14:32
630
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa sudi 2021 yilda Navalniy qamoqqa olinishini noqonuniy deb topdi

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHeS) Rossiyani Aleksey Navalniyni “noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum etgani” va unga nisbatan “insoniylikka zid munosabat” qo‘llagani uchun aybdor deb topdi. 

Foto: Yuriy Kochetkov / YeRA / TASS

Qaror 3 fevral, seshanba kuni — siyosatchining Xarpdagi “Polyarnyy volk” alohida tartibli koloniyada vafot etganiga ikki yil to‘lganidan so‘ng chiqarildi.

Sud Rossiyaga “nomoddiy zarar” uchun 26 ming yevro kompensatsiya to‘lash majburiyatini yukladi. Ish 2021 yil yanvarda Aleksey Navalniyning qamoqqa olinishiga taalluqli. IHeS qaroriga ko‘ra, uning hukmi “ichki qonunchilikning oldindan aytib bo‘lmaydigan qo‘llanishi”ga asoslangan va RF sudlari murojaat etuvchi vaziyatiga tatbiq etilmaydigan huquqiy normalarni “o‘xshatish tartibida” qo‘llagan.

Strasburgdagi sud ma’lumotiga ko‘ra, Navalniy hibsda bo‘lgan davr mobaynida “uning hayotiga real va bevosita tahdid” mavjud bo‘lgan. U saqlash joylarida “bir nechta shakldagi shafqatsiz muomala”ga duchor etilgani, bu holatlar jamlanmasi esa “insoniylikka zid va qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat”ni tashkil etgani qayd etildi.

Sud Yevropa inson huquqlari konvensiyasining quyidagi moddalari buzilganini aniqladi: 2-modda — yashash huquqi, 5-modda 1-qism — ozodlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi, 3-modda — insoniylikka zid munosabatni taqiqlash.

Navalniy 2020 yil avgustda Tomsk–Moskva reysida hushidan ketgan. Samolyot Omskka majburiy qo‘ndirilgan, u yerda unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Bir necha kundan so‘ng, hushiga kelmagan holda, u Berlindagi Charité klinikasiga olib o‘tilgan va davolash hamda reabilitatsiya davom ettirilgan.

Germaniya Qurolli kuchlarining maxsus laboratoriyasi olib borgan toksikologik tahlilda uning tanasidan “Novichok” guruhiga mansub asab-falajlovchi modda izlari topilgan. Shvetsiya va Fransiya laboratoriyalari, shuningdek Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti (KQTT) ekspertlari ham mustaqil ravishda shu xulosaga kelgan.

2021 yil yanvarda Navalniy Rossiyaga qaytgan va darhol hibsga olingan, keyinchalik sudlanib jazo tayinlangan. Uch yil o‘tib, 2024 yil 16 fevralda u Yamal-Nenets avtonom okrugidagi koloniyada ko‘p yillik jazoni o‘tayotgan paytida, aniqlanmagan sharoitlarda vafot etdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid