Jahon | 07:19
4115
4 daqiqa o‘qiladi

Imperiya chegarasiga yetgan palla: Trayan zamonidagi Rim

Antik tarixga qiziquvchilar uchun Rim imperiyasi xaritasi juda qiziq tuyuladi. Unda Rim imperiyasi tarixida hech qachon bundan kattaroq bo‘lmagan hududiy ko‘lam - imperator Trayanning ulkan sharqiy yurishlaridan keyingi davrdagi eng yuqori nuqta aks ettirilgan. Bu urushlar davomida u Dakiyani, Armanistonni, Mesopotamiyani, Ossuriyani zabt etdi va Parfiya poytaxti Ktesifon (hozirgi Iroq hududi)ni egalladi.

Foto: Shutterstock

Tarixchilar Trayanni Rimning eng yaxshi imperatorlaridan biri deb biladi, shuningdek uni Rim tarixidagi eng buyuk qo‘mondonlar safida ham tilga oladi. Biroq amalda u erishgan qudrat cho‘qqisi uzoqqa cho‘zilmadi. Trayan Ispaniyadagi Italika shahrida, hozirgi Sevilya yaqinida tug‘ilgan. U harbiy bo‘lib, armiyada karera qildi va o‘ta salohiyatli hamda yuksak hurmatga sazovor qo‘mondon sifatida nom qozondi. Farzandsiz imperator Nerva uni farzandlikka oldi va o‘z vorisi etib tayinladi, Nerva 98 yilda (milodiy) vafot etgach Trayan taxtga chiqdi.

Imperator bo‘lganidan so‘ng Trayan ham fuqarolik loyihalari, ham harbiy ekspansiyasi bilan shuhrat qozondi. U yo‘llar, bandargohlar qurdirdi, Rimda Trayan forumini barpo ettirdi — ayni paytda esa uzoq o‘lkalarni qat’iyat bilan bo‘ysundirib bordi.

Foto: Visual Capitalist

Tarix shuni ko‘rsatadiki, har qanday imperiya o‘sishning muayyan chegaralariga — madaniy, geografik, logistik va ma’muriy to‘siqlarga borib taqaladi, bu to‘siqlar uning tinimsiz kengayishiga yo‘l qo‘ymaydi. Trayan ana shu chekka chegaralarga juda yaqin keldi va oxir-oqibat “sinish nuqtasi” bilan to‘qnashdi.

Dakiyani (hozirgi Ruminiya) zabt etish, ehtimol, uning eng ulkan harbiy yutug‘i bo‘lib, Rim hukmronligini mintaqada qariyb ikki asrga ta’minladi. Sharqiy yurishlar esa ancha beqaror chiqdi. Parfiya bilan urushlar — o‘sha davrdagi O‘rta Yer dengizi makonidagi ikkinchi superdavlatga qarshi to‘qnashuvlar Armaniston, Mesopotamiya va Ossuriyada tezkor kengayishga olib keldi. Biroq bu ulkan qo‘shimcha hududlar nihoyatda nozik va himoyasiz edi: ta’minot yo‘llari haddan tashqari uzayib ketgan, zaif va qimmatga tushuvchi bo‘lib qoldi. Yahudiyada hamda butun yahudiy diasporasi bo‘ylab — Liviya, Misr va Kiprda keng ko‘lamli qo‘zg‘olonlar avj oldi, Parfiya podshohligi esa ramziy mag‘lubiyatlarga qaramay, o‘z qudratini saqlab qoldi.

Ortga nazar tashlansa, bu xarita faqat Rimning eng katta zafarini emas, balki imperiya o‘z imkoniyatlari doirasidan chiqib ketgan onni ham muhrlab qo‘yganini ko‘rish mumkin. Hududni zabt etish va uni ushlab turish — mutlaqo boshqa tartibdagi vazifalar. Qo‘shinlar bir necha front bo‘ylab parokanda bo‘lib ketgach, Trayanning yangi mulklari tezda barqarorligini yo‘qota boshladi.

Shu bilan birga, oltmish yoshdan oshgan imperatorning sog‘lig‘i ham jiddiy yomonlashib borgan. Rimga qaytish yo‘lida u Kilikiyaga (hozirgi Janubiy Turkiya hududida) to‘xtadi va o‘sha yerda vafot etdi.

Uning vorisi Adrian darhol angladi: imperiya o‘z chegaralariga yetgan, endilikda unga yanada kengayish emas, balki mustahkamlanish va konsolidatsiya kerak. U Britaniyada Adrian devorini (Val Adriana) qurdirdi va Trayanning sharqdagi zabtlarining katta qismidan voz kechib, davlatni barqarorlashtirishga e’tibor qaratdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid