Jahon | 23:13 / 05.02.2026
5394
13 daqiqa o‘qiladi

Iroq urushi: yolg‘onlar, maqsadlar va millionlab qurbon

2026 yil yanvarida Amerika qo‘shinlari Iroqning federal hududlarini shov-shuvsiz tark etdi. Faqat yarimavtonom Kurdiston viloyatida AQSh harbiy bazasi saqlab qolindi. 20 yildan ortiq davom etgan bu urush Yaqin Sharqni butunlay o‘zgartirdi. Xo‘sh, AQSh aslida Iroqqa qanday maqsadda bostirib kirgan edi va yakunda nimaga erishdi? Bu tark etish nega AQSh–Eron ziddiyatining avj pallasida ro‘y bermoqda?

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar AQShning Iroqdan chiqishi ortidagi real sabablar xususida so‘z yuritadi.

— AQSh Iroqqa bostirib kirishida nimani sabab qildi va bu o‘z tasdig‘ini topdimi?

Kamoliddin Rabbimov: 2001 yil 11 sentabr voqealaridan so‘ng AQSh Yaqin va O‘rta Sharq mintaqasini, ya’ni musulmon dunyosini tubdan o‘zgartirishni o‘zining asosiy strategik maqsadlaridan biri sifatida belgiladi. Shu siyosat doirasida 2001 yil oktyabr oyida Afg‘onistonga, 2003 yil mart oyida esa Iroqqa bostirib kirildi. Iroqqa bostirib kirishdan oldin AQSh xalqaro huquq talab qiladigan BMT Xavfsizlik kengashi ruxsatini olmadi va bu masalani ovozga ham qo‘ymadi. Chunki Xavfsizlik kengashi doimiy a’zolarining ayrimlari veto qo‘llashini bilardi.

Shu sababli AQSh huquqiy asos sifatida avvalroq qabul qilingan, xususan Iroqda ommaviy qirg‘in qurollari mavjud bo‘lishi mumkinligi haqidagi gumonga tayangan 1441-sonli rezolyutsiyani keltirdi. Shu bilan birga, xalqaro ruxsat olinmagan bo‘lsa-da, AQSh hukumati ichki qonunchiligiga muvofiq Kongressdan harbiy amaliyot uchun rozilik oldi.

AQSh tomonidan ilgari surilgan asosiy da’vo shundan iborat ediki, Saddam Husayn yashirin va noqonuniy tarzda ommaviy qirg‘in qurollari, jumladan yadroviy qurol ishlab chiqarmoqda hamda bu qurollar global miqyosda katta falokatga olib kelishi mumkin. Shu sababli Saddam Husayn rejimi va uning qo‘lidagi ehtimoliy yadroviy salohiyat yo‘q qilinishi kerakligi ta’kidlandi. Keyinchalik aniqlanishicha, uzoq yillar davom etgan xalqaro sanksiyalar va ilmiy-texnik imkoniyatlarning yetishmasligi sababli Iroq yadroviy qurol dasturidan amalda allaqachon, ya’ni 1980-yillarning o‘zida voz kechgan edi. Shunga qaramay, Jorj Bush va uning vitse-prezidenti Dik Cheyni ayrim mustaqil tadqiqotchilar, tahliliy markazlar va davlat institutlariga siyosiy bosim o‘tkazgani haqidagi ma’lumotlar mavjud. Mazkur bosimning mohiyati shundan iborat ediki, Iroqqa harbiy aralashuv baribir amalga oshiriladi, buning uchun esa Saddam Husaynda ommaviy qirg‘in qurollari mavjud degan da’voni asoslab berish talab qilingan. Bu jarayonda haqiqatni aniqlash emas, balki allaqachon qabul qilingan siyosiy qarorni oqlash ustuvor bo‘lgan.

2005–2006 yillarga kelib vaziyat to‘liq oydinlashdi: Iroqda ommaviy qirg‘in qurollari mavjud emas edi. Saddam Husayn armiyasi ham kutilganidan ancha zaif bo‘lib chiqdi. AQSh qo‘shinlari bostirib kirishi bilan harbiy tuzilmalar tezda parchalanib ketdi va natijada mamlakatda fuqarolik urushi boshlandi. Harbiy aralashuvdan so‘ng AQSh Iroqdagi avvalgi siyosiy tizimni qulatib, uning o‘rnida yangi boshqaruv modelini shakllantirish vazifasini oldi. Jorj Bush Iroqda “Yaqin Sharq uchun namuna bo‘ladigan demokratik davlat” barpo etilishini e’lon qildi. Biroq amalda bu siyosat kutilgan natijani bermadi.

Iroq aholisi tarkibida shialar taxminan 60 foizni tashkil etgani sababli, demokratik saylovlar natijasida parlamentda shia siyosiy kuchlari ustunlikka ega bo‘ldi. Natijada hukumat rahbariyati ham shia siyosiy doiralari nazoratiga o‘tdi. Bu esa Eronning mintaqadagi ta’sirini keskin kuchaytirdi. AQSh aralashuvidan oldin Eronning asosiy mintaqaviy ittifoqchisi Suriya bo‘lgan bo‘lsa, urushdan keyin Iroq ham Eron ta’sir doirasiga kirdi. Bu holat AQShning mintaqadagi an’anaviy ittifoqchilari, xususan Saudiya Arabistoni tomonidan keskin tanqid qilindi. Ular AQShni Saddam Husayn rejimini ag‘darish orqali, Eronning mintaqaviy mavqeyini kuchaytirib yuborganlikda aybladi. AQSh katta moliyaviy xarajatlar qildi, minglab harbiylarini yo‘qotdi, biroq mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlay olmadi. Aksincha, vaziyat yanada murakkablashdi.

Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, har qanday davlat uchun mavjud rejimni qulatish nisbatan oson, biroq uning o‘rnida xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, legitim va barqaror institutlarga ega siyosiy tizimni shakllantirish – nihoyatda murakkab jarayondir. Bir vaqtlar Sovet Ittifoqining Afg‘onistondagi tajribasi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. AQSh ham Iroqda shunday murakkab muammoga duch keldi va bu vazifani to‘liq uddalay olmadi.

Shavkat Ikromov: 2001 yil voqealaridan oldin AQSh siyosiy nutqida “yovuzlik o‘qi” degan tushuncha shakllangan bo‘lib, unga Eron, Iroq va Shimoliy Koreya kiritilgan edi. Bu davlatlar Qo‘shma Shtatlar xavfsizligiga potensial tahdid sifatida baholangan. O‘sha davrda Eron bilan munosabatlar keskin bo‘lsa-da, keskinlik eng yuqori darajada emas edi. Shimoliy Koreya bilan munosabatlar esa odatiy, sovuq fon doirasida kechardi. 11 sentabr voqealaridan so‘ng AQSh o‘zining asosiy global vazifasi sifatida terrorizmga qarshi kurashni belgiladi. Rasmiy e’lon qilingan maqsad – terrorchi guruhlarni yo‘q qilish va kelajakda AQShga nisbatan tahdidlar takrorlanishining oldini olish edi. 2003 yil boshida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasiga ko‘ra, AQSh aholisining 60 foizdan ortig‘i Iroqqa nisbatan harbiy harakatlarni qo‘llab-quvvatlay boshlagan edi. Bush ma’muriyati ushbu jamoatchilik kayfiyatidan unumli foydalandi.

Natijada, 2003 yil 19 martdan boshlab AQSh boshchiligidagi koalitsiya Iroqqa harbiy hujum boshladi. Qisqa muddat ichida Bag‘dod egallandi va Saddam Husayn hokimiyati ag‘darildi. Harbiy aralashuv uchun ikki asosiy sabab ilgari surildi: birinchidan, Iroqda ommaviy qirg‘in qurollari mavjudligi va ularni keng miqyosda ishlab chiqarish imkoniyati borligi; ikkinchidan, Iroq xalqaro terror tashkilotlari, jumladan “Al-Qoida” bilan aloqada ekani haqidagi da’volar.

O‘sha davrda AQShning yuqori lavozimli amaldorlari, jumladan Pentagon rahbariyati va davlat kotibi Kondoliza Rays tomonidan Iroqda ommaviy qirg‘in qurollari mavjudligi hamda Bag‘dod rejimining terrorchi guruhlar bilan aloqalari borligi haqida qat’iy va ishonch bilan bayonotlar berildi. Biroq 2004 yilga kelib bu da’volar o‘z tasdig‘ini topmadi: Iroq hududida ommaviy qirg‘in qurollari aniqlanmadi, “Al-Qoida” bilan aloqalarni tasdiqlovchi hech qanday ishonchli dalillar ham topilmadi.

Shu bilan birga, o‘sha davrda Isroil mintaqadagi bir qator davlatlarni o‘z xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘rardi. Bu ro‘yxatda Iroq alohida o‘rin egallagan. Garchi 1980–1988 yillardagi Eron–Iroq urushi davrida Iroq ayrim masalalarda Isroil bilan bilvosita hamkorlik qilgan bo‘lsa-da, baribir Bag‘dod mintaqadagi eng kuchli harbiy davlat sifatida qaralardi. Iroqning harbiy va iqtisodiy salohiyatining o‘sishi Isroil uchun strategik xavf sifatida baholangan. Bundan tashqari, Liviya, Suriya (Asad rejimi) va Eron ham potensial tahdid manbalari sifatida ko‘rilgan.

2003 yilda AQShning Iroqqa bostirib kirishini Isroil hukumati faol qo‘llab-quvvatlagani, tomonlar o‘rtasida razvedka ma’lumotlari almashilgani haqidagi ma’lumotlar mavjud. Shu nuqtada asosiy savol tug‘iladi: agar ommaviy qirg‘in qurollari topilmagan bo‘lsa, nega AQSh Iroqdan chiqib ketmadi? Javob shuki, AQShning chiqib ketish niyati boshidan mavjud bo‘lmagan. Jorj Bush Iroqda “Yaqin Sharq uchun namuna bo‘ladigan demokratik respublika” barpo etilishini va’da qilgan edi. Biroq oradan yigirma yildan ortiq vaqt o‘tganiga qaramay, Iroqda na barqaror demokratik tizim, na hatto mustahkam markazlashgan davlat boshqaruvi shakllantirila oldi.

Farhod Karimov: “Al-Qoida” masalasida AQSh prezidenti Jorj Bush Saddam Husayn rejimini ushbu terror tashkiloti bilan aloqada bo‘lishda ayblagan. Xususan, Iroq “Al-Qoida”ni harbiy va moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlagani haqida da’volar ilgari surilgan. Biroq bu ayblovlarni to‘liq va ishonchli tasdiqlovchi dalillar hech qachon topilmadi.

Ma’lumki, “Al-Qoida” o‘sha davrda AQSh va uning ittifoqchilari uchun asosiy xavf manbai sifatida qaralgan va 2001 yil 11 sentabr teraktlari uchun mas’uliyatni aynan shu tashkilot o‘z zimmasiga olgan. Shu nuqtayi nazardan, Saddam Husayn rejimi “Al-Qoida”ning asosiy moliyachilaridan biri sifatida ko‘rsatildi. Ammo keyingi tahlillar bu da’volarni rad etdi.

Aniqlanishicha, “Al-Qoida” mafkuraviy va siyosiy jihatdan ham Saddam Husayn hokimiyatiga dushman bo‘lgan. Ushbu tashkilot dunyoviy va millatchi Bag‘dod rejimini “islomiy bo‘lmagan” tizim sifatida baholagan va unga qarshi chiqqan. Shu sababli Saddam Husayn va “Al-Qoida” o‘rtasida mustahkam ittifoq yoki yaqin hamkorlik mavjud bo‘lmagan. Buni Saddam Husaynning taqdiri ham tasdiqlaydi. 2003 yil mart oyida Bag‘dod egallangach, Saddam Husayn uch yil davomida yashirinishga majbur bo‘ldi. U 2004 yilda qo‘lga olindi va 2006 yilda qatl etildi. Agar Saddam Husayn “Al-Qoida” bilan yaqin ittifoqda bo‘lganida, mazkur tashkilot uni yashirish yoki himoya qilishga uringan bo‘lardi. Aksincha, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ularning Saddam Husaynni qo‘lga olish jarayonida bilvosita qarshilik ko‘rsatmagani ham bu yaqinlik yo‘qligidan dalolat beradi. Bu holatlar Jorj Bush ma’muriyati tomonidan ilgari surilgan ko‘plab ayblovlarning asossiz ekanini ko‘rsatadi.

Keyingi yillarda “Al-Qoida” faoliyati asosan boshqa hududlarga, jumladan Arab bahori jarayonlaridan so‘ng Suriyaga ko‘chdi. U yerda ham tashkilot Bashar Asad rejimiga qarshi kurash olib bordi. Holbuki, Asad rejimi Saddam Husayn bilan ilgari yaqin aloqada bo‘lgan. Bundan tashqari, “Al-Qoida” Eronga ham ochiq dushmanlik e’lon qilgan. Bu faktlarning o‘zi ham Saddam Husayn va “Al-Qoida” o‘rtasida strategik ittifoq bo‘lmaganini yana bir bor tasdiqlaydi. Iroq esa iqtisodiy va geosiyosiy jihatdan nihoyatda muhim davlat hisoblangan.

U dunyodagi eng yirik energiya resurslariga ega mamlakatlar qatoriga kiradi: neft va gaz zaxiralari bo‘yicha mintaqada yetakchi o‘rinlardan birini egallagan. Harbiy va iqtisodiy salohiyati jihatidan Iroq Eronidan keyin mintaqadagi ikkinchi qudratli davlat sanalgan. Bundan tashqari, Saddam Husayn Isroilga nisbatan doimiy ravishda keskin va tahdidli pozitsiya tutgan. Shu sababli AQShning Iroqqa qarshi harbiy aralashuvi faqat rasmiy e’lon qilingan maqsadlar – terrorizmga qarshi kurash va ommaviy qirg‘in qurollari masalasi bilangina cheklanmagan. Norasmiy maqsadlar orasida mintaqadagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirish, Iroqdek qudratli harbiy davlatni zaiflashtirish va Isroil xavfsizligini mustahkamlash ham muhim o‘rin tutgan.

Iroqning qulatilishi bilan Isroil uchun mavjud bo‘lgan yirik mintaqaviy tahdidlardan biri bartaraf etildi.

Suhbatni to‘liq YouTube'dagi “Geosiyosat Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid