O‘zbekiston | 09:18 / 06.02.2026
1576
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat organlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati baholanadi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, prezident virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash faoliyatini baholash va toifalash tartibi belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 maydagi 341-son qaroriga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, “Davlat organlari, davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash faoliyatini baholash va toifalash to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizom talablari prezident virtual qabulxonasi tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilib, davlat organlariga ijro uchun yo‘naltirilgan murojaatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Bunda davlat organlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati quyidagi ko‘rsatkichlar asosida tahlil qilinadi:

  • ro‘yxatga olingan murojaatlar;
  • qanoatlantirilgan;
  • rad etilgan;
  • ijro muddatlari buzilgan;
  • takroriy murojaatlar.

Tahlil natijasiga ko‘ra tashkilotlar faoliyati 3 toifaga ajratiladi:

🟢 yashil — yuqori natijadorlik;
🟡 sariq — o‘rta natijadorlik;
🔴 qizil — past natijadorlik.

Shuningdek, baholash natijasiga ko‘ra mansabdor shaxslarning KPI ko‘rsatkichlari:

  • yashil toifa — 100 foiz;
  • sariq toifa — 50 foiz;
  • qizil toifa — 10 foiz etib belgilanadi.

Ma’lum qilinishicha, “qizil” toifaga kiritilgan davlat organlarining rahbarlari yoki ularning tegishli o‘rinbosarlariga nisbatan intizomiy ta’sir choralari ko‘rilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid