Jahon | 23:10 / 06.02.2026
1746
5 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning eng katta generallari ishdan olindi. Nega?

Ikki nafar yuqori martabali harbiyning birdan lavozimdan olinishi Pekindagi hokimiyat koridorlarida jiddiy burilishlar ketayotganini ko‘rsatadi. Xitoy yopiq davlat bo‘lgani uchun aniq ma’lumot deyarli yo‘q, asosan taxminlar mavjud. Xo‘sh, qanday taxminlar? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida shu haqda so‘z bordi.

— Xitoydagi generallar almashinuvi nimadan darak?

Anvar Yo‘ldoshev: Xitoyda qurolli kuchlarni bevosita Mudofaa vazirligi boshqarmaydi. Armiyani Kommunistik partiyaning Markaziy harbiy kengashi nazorat qiladi. Bu kengashga Si Jinping rahbarlik qiladi. Uning muovini – Jang Yusya yaqinda hibsga olindi. U 75 yoshda bo‘lib, tajribali general, Si Jinpinning eng yaqin va ishonchli hamkorlaridan biri hisoblanardi.

Bir yil avval, undan oldingi muovin korrupsiyada ayblanib hibsga olingan edi. Manbalarga ko‘ra, 2023 yildan buyon 30 nafar yuqori martabali generaldan atigi 7 nafari o‘z lavozimini saqlab qolgan.

Jang Yusya bilan bir vaqtda, Birlashgan shtab boshlig‘i Liu Jenli ham qo‘lga olingan. Shunday qilib, ikki nafar nihoyatda yuqori lavozimdagi harbiy shaxs hibsga olindi.

Avvalgi holatlarda odatda korrupsiya ayblovlari ilgari surilgan bo‘lsa, bu safar ularni AQShga Xitoyning yadro dasturiga oid ma’lumotlarni sotganlikda ayblashayotgani haqida taxminlar bor. Haqiqatan ham shunday ayblov qo‘yilayotgani aniq emas, bu – tasdiqlanmagan ma’lumot.

Ayrim ommaviy axborot vositalarida bu shaxslar Xitoy rahbariyatiga qarshi davlat to‘ntaruvini tayyorlagan, degan taxminlar ham ilgari surilyapti. Aytilishicha, to‘ntaruvga oz vaqt qolganda bu reja Xitoy rahbariyatiga ma’lum bo‘lgan va natijada ular hibsga olingan.

Xitoy bugungi kunda dunyodagi eng yirik avtoritar davlatlardan biri sifatida ko‘riladi. Uni ko‘pincha kuchli, tez rivojlanayotgan va qudratli davlat sifatida ta’riflaymiz. Biroq shunga qaramay, mamlakat ichida rahbariyatdan norozi kuchlar mavjud.

Hozirda bu shaxslar lavozimidan olinib, ularning ortidan yana 20 nafardan ortiq yuqori lavozimli harbiylar ham ishdan chetlatilgan va hibsga olingan. Ular bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda.

Kamoliddin Rabbimov: Bu mavzuda asosan mish-mishlar mavjud, aniq faktlar yo‘q va ehtimol bo‘lmaydi ham. Buning sababi shundaki, Xitoy bu borada rasmiy bayonot bermaydi, ayblovlarni tasdiqlovchi mustaqil institutlar yoki shaxslar ham mavjud emas. Xitoyning o‘ta yopiq davlat ekanini shu holat tasdiqlaydi. Ammo aniq fakt shuki, Si Jinping ikki nafar eng yuqori martabali harbiy generallarni kutilmaganda, bir kunning o‘zida lavozimidan ozod qildi.

Asosan ikki asosiy versiya mavjud. Birinchi versiyaga ko‘ra, Si Jinping ehtimol AQSh bilan, xususan Tayvan masalasi sababli yuz berishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy urush oldidan o‘z atrofini tozalamoqda. Ya’ni, nisbatan mustaqil fikrlovchi yoki urushga u yoki bu shaklda qarshi bo‘lgan shaxslarni chetlashtirib, ularning o‘rniga o‘ziga sodiq kadrlarni joylashtirmoqchi. Ikkinchi versiyaga ko‘ra, Si Jinping harbiylar ichida hokimiyat vertikalini yanada kuchaytirmoqda.

Shu bilan birga, yana bir ehtimoliy talqin ham bor: ayrim generallar Si Jinpinni hokimiyatdan ag‘darishga uringan bo‘lishi mumkin. Bu borada savollar tug‘iladi: agar shunday reja bo‘lgan bo‘lsa, nega ular o‘z oilalarini oldindan mamlakatdan chiqarib yubormagan yoki yaqinlarining xavfsizligini ta’minlamagan? Ekspertlar bu savolga shunday javob berishadi: agar oilada g‘ayrioddiy harakatlar, masalan, bir yoki ikki kishi mamlakatdan chiqib ketsa, bu darhol signal bo‘lib xizmat qilgan bo‘lardi, ya’ni “nimadir rejalashtirilmoqda” degan shubha paydo bo‘lardi. Shu ma’noda, deyarli har bir savolga mantiqiy javob topish mumkin.

Shu bilan birga, haqiqat shuki, Xitoyda hozir qandaydir jiddiy jarayonlar ketmoqda.

Bu jarayonlar Si Jinpinning o‘zi boshlagan loyiha bo‘lishi ham mumkin, yoki ishdan olingan generallarning tashabbusi bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Qaysi biri haqiqatga yaqin ekanini biz faqat vaqt o‘tib, balki oylar, balki yillar o‘tgach bilishimiz mumkin. Odatda bunday masalalar hokimiyat almashgach ochiqlanadi. Ammo hozircha bitta narsa aniq: ko‘pchilik ko‘rib va tushunib turganidek, yaqin yillarda AQSh va Xitoy o‘rtasida Tayvan masalasi sababli jiddiy to‘qnashuv ehtimoli mavjud.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов

Mavzuga oid