Jahon | 09:20
1116
5 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Rossiya asirligidan 157 nafar ukrainlik qaytarildi

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga 157 nafar harbiy xizmatchi, milliy gvardiyachilar, chegarachilar va tinch aholidan iborat shaxslar topshirildi. RF Mudofaa vazirligi ham almashinuvni tasdiqladi. Asirlikdan qaytgan RF harbiylari Belarus hududida.

Rossiya asirligidan 157 nafar ukrain fuqarosini — Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari, milliy gvardiyachilar, chegarachilar, shuningdek tinch aholini qaytarishga muvaffaq bo‘lindi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy payshanba, 5 fevral kuni Telegram orqali xabar qildi. Uning aytishicha, ularning aksariyati 2022 yildan beri asirlikda bo‘lgan. “Asirlikdan odamlarimizni ozod qilish uchun ishni davom ettiramiz”, — dedi davlat rahbari.

Harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha shtab ma’lum qilishicha, ozod etilganlar — 150 nafar harbiy va 7 nafar tinch aholidan iborat. Ularning yarmidan ko‘pi Mariupol mudofaasi vaqtida asirga tushgan. Shuningdek, noqonuniy ravishda hukm qilingan ukrainlar ham uyiga qaytarilgani aytildi. “Ukrayinski Novini” nashriga ko‘ra, asirlikdan qaytganlarning eng yoshi — 23 yosh, u Mariupol mudofaasidan so‘ng RF sudi tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Eng kattasi — 63 yosh, deya aniqlik kiritildi.

O‘z navbatida, RF Mudofaa vazirligi ham “157 ga 157” formulasi bo‘yicha almashinuv amalga oshganini tasdiqladi. TASS agentligi aniqlashtirishicha, almashinuv doirasida Kursk viloyatidan uch nafar tinch aholi ham qaytarilgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, asirlikdan qaytgan RF harbiy xizmatchilari hozir Belarus hududida.

Avvalroq, 5 fevral kuni AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff Ukraina va Rossiya 314 nafar asirni almashishga kelishganini xabar qilgan edi. U X ijtimoiy tarmog‘ida bu “so‘nggi besh oydagi birinchi” shunday almashinuv ekanini ta’kidlagan. Kelishuvlar AQSh, Ukraina va Rossiya delegatsiyalari ishtirokida Abu-Dabida o‘tgan muzokaralarning ikkinchi raundida erishilgan.

“Hali ko‘p ish qilish kerak, ammo bunday qadamlar doimiy diplomatik muloqot aniq natija berishini va Ukrainadagi urushni to‘xtatish sa’y-harakatlarini oldinga surishini ko‘rsatadi”, — deb yozdi Uitkoff. Uning aytishicha, muhokamalar davom etadi va “yaqin haftalarda yanada ilgarilash kutilmoqda”.

Abu-Dabidagi muzokaralarda AQSh tomonidan Uitkoffning o‘zi, Trampning kuyovi Jared Kushner va AQSh armiyasi vaziri Deniyel Driskoll qatnashmoqda. Ukraina delegatsiyasiga Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Rustem Umerov rahbarlik qildi. Rossiya tomonidan esa delegatsiyaga RF Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi rahbari admiral Igor Kostyukov boshchilik qildi.

4 fevral kuni maslahatlashuvlarning birinchi kunidan keyin, Axios nashri bilan suhbatda ismi oshkor etilmagan ukrain rasmiysi muhokamalarni samarali deb atagan. AQSh davlat kotibi Marko Rubio esa hal etilmagan masalalar ro‘yxati “sezilarli qisqargani”, muzokara ishtirokchilari “haqiqiy ilgarilashga” erishganini aytdi. Biroq “eng qiyin masalalar” hali qolganini ham qo‘shimcha qildi. Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralar 5 fevral kuni ham davom etgan.

BAA poytaxtida, jumladan, iqtisodiy masalalar, hududlar maqomi va o‘t ochishni to‘xtatish mexanizmlari muhokama qilindi. Ukraina jamoasi AQSh tomoni bilan alohida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirgandi.

Uch tomonlama muzokaralar bilan bir vaqtda, 5 fevral kuni Abu-Dabida Rossiya—AQSh iqtisodiy hamkorlik guruhining uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. RF prezidentining maxsus vakili, RFPI rahbari Kirill Dmitriyev: “Rossiya—AQSh munosabatlarini iqtisodiy yo‘nalishda tiklash bo‘yicha faol ish ketyapti”, deb ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh delegatsiyasi bilan muzokaralar “ijobiy” kechmoqda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 4 fevral kechqurun Ukraina tomoni Rossiya bilan harbiy asirlarning yangi almashinuvi bo‘yicha kelishganini aytgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid