Jahon | 15:10 / 07.02.2026
2276
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina - Germaniyadan qurol-yarog‘ olayotgan eng muhim qabul qiluvchi davlat

2025 yilda Germaniya hukumati taxminan 12 mlrd yevro miqdorida qurol-yarog‘ eksportini ma’qulladi, shu summaning 2 mlrd yevrodan ortig‘i Ukraina hissasiga to‘g‘ri keladi. Qariyb 90 foiz yetkazib berishlar YeI, NATO davlatlari va yaqin hamkorlarga yo‘naltirilgan.

Foto: AP

2025 yilda Germaniya hukumati taxminan 12 mlrd yevro miqdorida qurol-yarog‘ eksportini ma’qulladi. Rossiya agressiyasini qaytarayotgan Ukraina yana asosiy qabul qiluvchiga aylandi — 2 mlrd yevrodan ortiq qiymatda. Bu haqda juma kuni, 6 fevralda Berlinda Germaniya Iqtisodiyot vazirligi xabar berdi.

Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda Berlinning NATO bo‘yicha ikki hamkori — Norvegiya (1,4 mlrd yevrodan biroz kam) va Shvetsiya (taxminan 1 mlrd yevro) turibdi.

12 mlrd yevroga teng umumiy summaning taxminan 5,6 mlrd yevrosi qurol-yarog‘ning o‘ziga, 6,4 mlrd yevro esa boshqa harbiy texnikaga to‘g‘ri kelgan.

Taxminan 8,6 mlrd yevrolik yetkazib berishlar alohida eksport litsenziyalari doirasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan, yana taxminan 3,3 mlrd yevro esa umumiy litsenziyalar doirasiga kirgan.

Germaniya Iqtisodiyot vazirligi aniqlashtirishicha, taxminan 10,7 mlrd yevro (qariyb 90 foiz) YeI, NATO hamda Janubiy Koreya va Singapurga eksport ruxsatnomalariga, shuningdek Ukrainaga ko‘makka to‘g‘ri kelgan. Taxminan 1,2 mlrd yevro (qariyb 10 foiz) esa uchinchi mamlakatlarga yetkazib berish hajmini aks ettiruvchi summa bo‘lgan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful 2025 yil dekabrda Germaniya Ukraina uchun Amerika qurollarini sotib olishga qo‘shimcha 200 mln dollar (taxminan 172 mln yevro) o‘tkazishini va’da qilgan. Bu mablag‘lar PURL (Prioritised Ukraine Requiremens List — «Ukraina uchun ustuvor so‘rovlar ro‘yxati») dasturi doirasida ajratiladi. U dastur 2025 yil yozidan buyon NATOning AQSh prezidenti Donald Tramp bilan kelishuvi asosida amal qilib kelmoqda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 2025 yil 17 sentabrda PURL doirasida mamlakat allaqachon 2 mlrd dollardan ortiq mablag‘ olganini, yil yakuniga qadar esa umumiy qiymati 3–3,5 mlrd dollarga teng qurol olishni umid qilayotganini aytgan. Bu mablag‘larga, xususan, Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar va HIMARS reaktiv yalpi o‘t ochish tizimlari uchun qurol-yarog‘lar sotib olingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid