Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Epshteyn ishi: Starmer ma’muriyati rahbari iste’foga chiqdi
Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning ma’muriyat rahbari Morgan Maksvini Buyuk Britaniyaning AQShdagi elchisi etib Jyeffri Epshteyn bilan bog‘liq bo‘lgan Piter Mandelsonni tayinlashni tavsiya qilgani uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, iste’foga chiqdi.
Morgan Maksvini va Kir Starmer Foto: Thomas Krych/Shutterstock
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ma’muriyati rahbari Morgan Maksvini Piter Mandelson atrofidagi mojaro fonida iste’foga chiqdi. Bu haqda The Guardian gazetasi va Sky News telekanali yakshanba kuni, 8 fevralda o‘z saytlarida xabar berdi.
Sky News eslatishicha, lord Mandelson sentabr oyida elchi lavozimidan ozod etilgan, ammo u AQSh Adliya vazirligi tomonidan amerikalik moliyachi Jyeffri Epshteyn ishi bo‘yicha yangi hujjatlar e’lon qilinganidan so‘ng yana jamoatchilik e’tibor markaziga tushdi. Epshteyn voyaga yetmaganlarni fohishalikka majburlashda aybdor deb topilgan edi. Piter Mandelson Britaniya hukumatida ishlagan paytida Epshteyn bilan maxfiy ma’lumotlarni bo‘lishgan.
Kir Starmerning eng yaqin safdoshlaridan biri sanaladigan Morgan Maksvini iste’fosi shunday izohlandi: aynan u Britaniya bosh vaziriga Mandelsonni AQShda elchi etib tayinlashni tavsiya qilgan, endi esa bu uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmoqchi.
“Piter Mandelsonni tayinlash haqidagi qaror xato bo‘lgan. U bizning (Leyboristlar — tahr.) partiyamizga, mamlakatimizga va siyosatga bo‘lgan ishonchning o‘ziga zarar yetkazdi”, — deya ta’kidladi Maksvini o‘z bayonotida.
Morgan Maksvini Kir Starmer Leyboristlar partiyasi raisi lavozimi uchun kurashgan davrda uning saylov kampaniyasiga rahbarlik qilgan. Ma’muriyati rahbarining iste’fosi haqidagi bayonotida Kir Starmer Maksvini bilan ishlash uning uchun “sharaf” bo‘lganini qayd etdi. Biroq Leyboristlar partiyasi ichida unga munosabat bir xil emas. Sky News ma’lum qilishicha, Britaniya parlamentidagi ko‘plab leyboristlar u “partiyaning so‘l qanotini chekkaga surib qo‘yapti” deb hisoblagan.
Piter Mandelson — 2004 yil noyabridan 2008 yil oktyabrigacha savdo masalalari bo‘yicha yevrokomissar, 2025 yil fevraldan sentabrgacha esa Buyuk Britaniyaning AQShdagi elchisi bo‘lgan — bir necha kun oldin hokimiyatdagi Leyboristlar partiyasi safini tark etgan. The Guardian xabar berganidek, bunga “Epshteyn fayllari” deb atalgan e’lon qilingan materiallarda u go‘yoki amerikalik moliyachi Epshteyndan 75 ming dollar olgani haqidagi ma’lumotlar sabab bo‘lgan.
Jyeffri Epshteyn 2008–2009 yillarda fohishalikni tashkil etgani uchun jazo muddatini o‘tagan. 2019 yil 6 iyul kuni u voyaga yetmaganlarni fohishalikka majburlash aybi bilan hibsga olingan, o‘sha yilning 10 avgust kuni esa Manhettendagi qamoqxonada, sudni kutib turgan paytida, kamerasida osilgan holda topilgan. 2025 yil dekabrda Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlarning birinchi qismi ommaga e’lon qilingan.
E’lon qilingan materiallar allaqachon bir qator mashhur shaxslar bilan bog‘liqlikni ochib bergan, jumladan ularda Britaniya shahzodasi Endryu ham bor — u shu sababli qirollik unvonidan mahrum bo‘lgan.
Mavzuga oid
14:10
Norvegiyalik diplomat Epshteyn bilan bog‘liqlik sabab ishdan ketdi
22:08 / 05.02.2026
Epshteyn ishi bo‘yicha materiallarda o‘zbekistonlik «model qiz» xatlari borligi ma’lum bo‘ldi
21:33 / 05.02.2026
«Epshteyn ishi»ning 5 ta muhim oqibati: nega bu ish hali tinchimasligi haqida
17:24 / 05.02.2026