Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hindiston zavodlari AQSh bilan kelishuv uchun Rossiya neftidan voz kechmoqda
Reuters manbalarga tayanib yozishicha, Hindistondagi neftni qayta ishlash kompaniyalari aprel oyida yetkazib berilishi kerak bo‘lgan Rossiya neftini xarid qilishdan qochmoqda va kelgusida ham undan uzoqroq muddat voz kechishni rejalashtiryapti. Bu esa Nyu-Dehlining AQSh bilan savdo kelishuvini tuzishiga yordam berishi mumkin.
Foto: Biju Boro/AFP
Hindistondagi neftni qayta ishlash kompaniyalari aprel oyida yetkazib berish shartlari bilan Rossiya neftini sotib olishdan voz kechmoqda va unga oid bitimlardan uzoqroq davr mobaynida tiyilishni rejalashtirmoqda. Reuters yakshanba kuni, 8 fevralda manbalarga tayanib shunday xabar berdi. Bu, o‘z navbatida, Nyu-Dehlining AQSh bilan savdo kelishuviga kelishishiga yordam berishi mumkin.
“Indian Oil, Bharat Petroleum va Reliance Industries treyderlarning mart va aprel oylarida Rossiya neftini yuklash bo‘yicha takliflarini qabul qilmayapti”, — deb keltiradi jurnalistlar ushbu kompaniyalarga murojaat qilgan treyderning so‘zlarini. “Boshqa neftni qayta ishlash kompaniyalarining aksariyati ham Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatgan”, — deb davom etgan Reuters.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi vakili jurnalistlar so‘roviga javoban shunday dedi: “Energiya manbalarimizni obektiv bozor sharoitlari va o‘zgarib borayotgan xalqaro dinamikaga muvofiq diversifikatsiya qilish — energiya xavfsizligini ta’minlash strategiyamiz asosidir”.
Bu jarayonlar AQSh va Hindiston savdo kelishuvini tuzishga yaqinlashayotgan bir paytda kechmoqda. Tomonlar mart oyiga qadar tuzishni rejalashtirayotgan bitim doiralari haqida e’lon qildi. U, xususan, savdo bojlarini kamaytirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishni nazarda tutadi.
Bir kun oldin ma’lum bo‘lishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Hindistondan eksport qilinadigan mahsulotlarga 25 foizlik boj to‘lovlarini bekor qilgan. Bu bojlar Nyu-Dehlining Rossiyadan neft xarid qilishi bilan asoslangan edi. AFP agentligi e’lon qilgan farmon matniga ko‘ra, Hindiston bunday xaridlarni to‘xtatish majburiyatini olgan.
Avvalroq Tramp Vashington va Nyu-Dehli kelishuv tuzishini aytgan edi. Uning doirasida Hindiston AQShdan va “ehtimol” Venesueladan neft sotib olishni boshlaydi.