Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sotsialist Seguru Portugaliya prezidenti etib saylandi
So‘llarga yaqin Sotsialistik partiya (PS) nomzodi Antoniu Joze Seguru Portugaliya prezident saylovlarining ikkinchi turida o‘ta o‘ng Chega (“Yetar!”) partiyasi nomzodi Andre Venturani mag‘lub etdi va g‘alaba qozondi.
Antoniu Joze Seguru Foto: Diogo Baptista/SOPA Images/Sipa USA
So‘llarga yaqin Sotsialistik partiya (PS) nomzodi Antoniu Joze Seguru o‘ta o‘ng Chega (“Yetar!”) partiyasi nomzodi Andre Venturadan o‘zib ketib, prezident saylovining ikkinchi turida g‘alaba qozondi. Portugaliya davlat kompaniyasi RTP (“Portugaliya radio va televideniyesi”) hukumat hisob-kitoblariga tayanib, dushanbaga o‘tar kechasi, 9 fevralda shunday xabar berdi.
63 yoshli Seguru 66,8 foiz ovoz olgan, uning 43 yoshli raqibi esa qariyb 33,2 foiz to‘plagan.
Ventura mag‘lubiyatni tan olib, Seguruga “ajoyib muddat” tiladi. Shu bilan birga, prezidentlikka nomzod o‘z partiyasi Portugaliyada “tub o‘zgarishlar” uchun kurashni davom ettirishini aytdi. U, shuningdek, yaqin orada Chega vakillari “bu mamlakatni boshqaradi” deya ishonch bildirdi.
Seguruni saylovdagi g‘alabasi bilan o‘ng markazga yaqin Sotsial-demokratik partiya (PSD) rahbari bo‘lgan bosh vazir Luish Montenegru tabrikladi. Dpa agentligi qayd etishicha, hukumat rahbari kelajakdagi prezident bilan yaxshi hamkorlikka umid bildirgan.
2016 yildan beri ikki muddat ketma-ket Portugaliya prezidenti bo‘lib kelgan Marselu Rebelu de Souza (u ham PSD vakili)hokimiyatni topshirishi 9 martga rejalashtirilgan. PS vakili 2006 yildan beri birinchi marta davlat rahbari bo‘ladi: o‘sha yili sotsialist Jorji Fernandu Branku de Sampayyuning ketma-ket ikkinchi prezidentlik muddati yakunlangan edi.
Portugaliyada prezident saylovining birinchi turi 18 yanvar kuni o‘tgan. Uning yakunlariga ko‘ra, 1986 yildan beri ilk bor nomzodlardan hech biri 50 foizdan ortiq ovoz olmagan: Seguru 31,1 foiz ovoz to‘plagan, Ventura esa 23,5 foiz olgan. Portugaliyadagi siyosiy beqarorlik davrining yana bir belgisi — so‘nggi uch yil ichida mamlakatda parlament saylovlari uch marta o‘tkazilgani.
Shu bilan birga, Seguruning siyosiy vaziyatni o‘zgartirish imkoniyatlari ko‘p emas, chunki mamlakatda prezident asosan vakillik (ramziy) vazifalarni bajaradi. Biroq u parlament qabul qilgan qonunlarga veto qo‘yishi va ayrim istisno hollarda parlamentni tarqatib, muddatidan oldingi saylovlar tayinlashi mumkin. Rebelu de Souza bu imkoniyatdan ikki marta foydalangan: 2023 yil noyabrda va 2025 yil martda.
Mavzuga oid
09:50 / 19.01.2026
Portugaliyada prezident saylovi natijasini ikkinchi tur hal qiladi
17:16 / 07.12.2025
JCh-2026 qur’asi: raqiblar, taqvim va Ronaldu haqida
23:03 / 27.11.2025
Portugaliya o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘alaba qozondi
16:01 / 07.09.2025