Jahon | 12:05 / 11.02.2026
1967
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Yevropadan Ukraina uchun yangi qurol xaridlarini kutmoqda

Qo‘shma Shtatlar shu hafta bo‘lib o‘tadigan NATO mudofaa vazirlari yig‘ilishida alyans a’zolari Ukraina uchun qurol-yarog‘ xaridi bo‘yicha yangi majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishini kutmoqda. Bu haqda seshanba kuni, 10 fevralda onlayn-brifing chog‘ida AQShning NATO huzuridagi doimiy vakili Mettyu Uitaker ma’lum qildi.

Foto: Global Look Press

Reuters agentligi iqtibos keltirgan Uitakerning so‘zlariga ko‘ra, gap g‘arb ittifoqchilari tomonidan Kiyev uchun Amerika qurollarini PURL dasturi doirasida yangi xarid qilish haqida ketmoqda. PURL (Prioritised Ukraine Requiremens List — “Ukraina uchun ustuvor talablar ro‘yxati” — tahr.) 2025 yil yozidan beri AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan amal qilmoqda va uni NATO muvofiqlashtirib bormoqda.

Ukraina hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda PURL dasturiga badallar miqdori 4,3 mlrd dollarni tashkil etgan, shundan dekabr oyi hissasi — qariyb 1,5 mlrd dollar.

AQShning NATO huzuridagi doimiy vakili dasturdagi yetakchilik uchun uchta Yevropa mamlakatiga alohida minnatdorlik bildirdi: “PURL’ning uchta ‘chempioni’ni qayd etmoqchiman: Germaniya, Niderlandiya va Norvegiya. Bu davlatlar nafaqat salmoqli hissa qo‘shdi, balki boshqalarni ham ularning namunasiga ergashishga faol undadi”.

NATO mudofaa vazirlari uchrashuvi payshanba kuni, 12 fevralda Bryusselda bo‘lib o‘tadi. Unda alyansga a’zo 32 davlat mudofaa idoralari rahbarlari, shuningdek Ukraina mudofaa vaziri Mixail Fedorov ishtirok etishi kutilmoqda.

Reuters manbalari ta’kidlashicha, uchrashuvda Ukraina uchun Amerika qurollarini xarid qilish masalasidan tashqari, Yevropa davlatlarining o‘z xavfsizligida yanada faolroq rol o‘ynashi ham muhokama qilinadi. AQSh prezidenti ma’muriyati NATOdagi ittifoqchilar juda uzoq vaqt Oq uyning ustun ta’siri ostida bo‘lganini ta’kidlab, endilikda alyansda yetakchi rolni Yevropa davlatlari o‘z qo‘liga olishi kerak, deb hisoblamoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid