Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Netanyahu yana AQShga kelyapti: “Eron masalasi” kun tartibida
AQSh–Eron muzokaralari boshlangach, Isroil bosh vaziri Vashingtonga rejalashtirgan tashrifini bir hafta oldinga surdi. Axios manbalariga ko‘ra, Netanyahu Trampning Eron borasidagi qaroriga ta’sir qilmoqchi. Tramp esa Isroilning G‘arbiy sohildagi rejalariga qarshi.
10 fevral kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Vashingtonga shoshilinch tashrif bilan yo‘l olgan. Uning tashrifi haqidagi e’lon – Tramp maxsus vakillari Ummonda Eron tashqi ishlar vaziri bilan yadroviy kelishuv yuzasidan muzokara o‘tkazganidan bir kun o‘tib yangradi.
Aslida Netanyahu 18 fevral kuni Oq uyda Tramp bilan uchrashishni rejalashtirgan edi. Oq uy rasmiysining Axios nashriga aytishicha, Netanyahu juma kuni tashrifini bir haftaga oldinga surish va kelasi chorshanba kuni Tramp bilan uchrashishni so‘ragan.
Shu bilan birga Netanyahuning Vashingtonga erta kelishi unga – 19 fevralga rejalashtirilgan G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashi yetakchilari yig‘ilishida qatnashmaslik imkonini ham beradi. Bu tadbir Netanyahuning ichki siyosiy maydonida keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi mumkin edi.
Tramp juma kuni Ummonda AQSh va Eron o‘rtasida «juda yaxshi muzokaralar» bo‘lganini aytgan. Uning aytishicha, Eronning yadroviy kelishuv bo‘yicha pozitsiyasi o‘tgan yilga qaraganda «yanada maqbulroq» bo‘lib qolgan.
Nashrning yozishicha, Isroil Trampning qaroriga ta’sir qilmoqchi. Xususan, bosh vazir Netanyahuning fikricha, «har qanday muzokaralar Eronning ballistik raketalariga cheklovlar qo‘yilishini va Eron o‘qini qo‘llab-quvvatlashiga barham berilishini o‘z ichiga olishi lozim».
Muzokaralar fonida Trampning maxsus vakillari Jared Kushner va Stiv Uitkoff shu hafta Abraham Lincoln aviatsiya tashuvchisiga tashrif buyurmoqchi. Eron yaqinidagi Arab dengizida joylashgan kemaga AQSh Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni admiral Bred Kuper ham boradi. U ham juma kuni Eron bilan muzokaralarda qatnashgandi.
Abraham Lincoln aviatsiya tashuvchisi va uning zarba beruvchi guruhi Eronga qarshi ehtimoliy urushda AQShning asosiy zarba kuchi bo‘lishi mumkin.
Tramp G‘arbiy sohil anneksiyasiga rozi emas
AQSh prezidenti Donald Tramp esa bosib olingan G‘arbiy sohilda Isroil tomonidan anneksiya tomon tashlanayotgan qadamlarni qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi. Seshanba kuni Trampning Axios nashriga bergan intervyusida yangragan bu bayonot Isroil de-fakto anneksiya sari qadam bo‘ladigan yangi siyosatni ilgari surganidan bir necha kun o‘tib bildirildi.
Tramp tafsilotlarga izoh bermadi, biroq: «Men anneksiyaga qarshiman», dedi. «Bizda hozir o‘ylashimiz kerak bo‘lgan yetarlicha masalalar bor. Biz G‘arbiy sohil bilan shug‘ullanishimiz shart emas», deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda nashr.
AQSh rasmiylari ham Isroil kabineti qaroridan xavotirda ekanini va uning oqibatlari hali o‘rganilayotganini bildirgan. «Osoyishta G‘arbiy sohil – Isroil xavfsizligini ta’minlaydi va mintaqada tinchlikka erishish bo‘yicha ushbu ma’muriyat maqsadlariga mos keladi», degan Oq uy vakili.
Isroil G‘arbiy sohilda nimalarni reja qilyapti?
8 fevral kuni Isroil Xavfsizlik kabineti tomonidan ma’qullangan choralar G‘arbiy sohil ustidan Isroil nazoratini sezilarli darajada kengaytiradi, jumladan, Falastin ma’muriyati nazoratidagi hududlarda ham.
Oslo kelishuvlarini buzadigan bu qadamlar yahudiy ko‘chmanchilariga G‘arbiy sohilda yer sotib olishni osonlashtiradi. Shu bilan birga Falastin ma’muriyati yurisdiksiyasidagi hududlarda Isroil politsiyasiga uylarni buzishni yengillashtiradi. Shuningdek, ular Falastin davlatini barpo etish istiqbollarini yanada yemiradigan boshqa choralarni ham o‘z ichiga oladi.
Isroil hukumatining bu qarori Tramp va uning vakillari Jared Kushner hamda Stiv Uitkoffning so‘rovlarga zid keladi. Ular dekabrdagi uchrashuvda bosh vazir Binyamin Netanyahudan G‘arbiy sohildagi vaziyatni keskinlashtirmaslikni so‘ragandi.
Netanyahuning Vashingtonga tashrifi chog‘ida Tramp jamoasi ushbu mavzuni ko‘taradimi-yo‘qmi — hozircha aniq emas.
Mavzuga oid
20:10
Rossiya Trampning «Tinchlik kengashi» birinchi yig‘ilishida ishtirok etmaydi
14:08
Aliyev va Vens strategik sheriklik to‘g‘risidagi xartiyani imzoladi
12:05
AQSh Yevropadan Ukraina uchun yangi qurol xaridlarini kutmoqda
09:21