Sport | 23:19 / 11.02.2026
816
3 daqiqa o‘qiladi

«Real» UYeFA bilan Superliga bo‘yicha «futbol manfaati uchun» kelishuvga erishdi

Ta’kidlanishicha, ushbu noaniq kelishuv Superliga loyihasi bilan bog‘liq huquqiy nizolarni hal etishga xizmat qiladi.

Foto: AFP/Getty Images

Madridning «Real» klubi UYeFA bilan Superliga loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qildi.

UYeFA, Yevropa klublari assotsiatsiyasi va «Real» qo‘shma bayonotida aytilishicha, tomonlar «Yevropa klublari futboli manfaatlari yo‘lida prinsipial kelishuvga erishdi, bu klublarning uzoq muddatli barqarorligiga e’tibor qaratgan holda sport xizmatlari tamoyiliga rioya qilish va yangi texnologiyalardan foydalanish orqali muxlislarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashdan iborat».

«Ushbu prinsipial kelishuv bu tamoyillar amalga oshirilib, hayotga tatbiq etilgach, ularning Superliga bilan bog‘liq huquqiy nizolarini hal etishga ham xizmat qiladi», deyiladi bayonotda.

Bayonot Superliga loyihasi uzil-kesil tugatildimi yoki yo‘qmi degan savolga aniqlik kiritish imkonini bermaydi.

Yevropaning top-klublar ishtirokida Superliga tashkil etish tarixi 2021 yil bahoriga borib taqaladi. Loyiha tanqidlarga sabab bo‘ldi, chunki bunday turnir nafaqat Yevropaning eng nufuzli klublar o‘rtasidagi Chempionlar Ligasi turnirining mavjudligiga, balki milliy chempionatlarga ham tahdid solar edi. Superligadagi ishtiroki uchun har bir klubga taxminan 1 milliard yevro bonus va’da qilindi. Ammo siyosatchilar, FIFA, UEFA va muxlislar bosimi ostida bir necha kun ichida 12 ta jamoaning aksariyati Superligani tark etdi. Qolgan klublar keyinchalik A22 Spors Management kompaniyasini tashkil etdi va UYeFA bilan sudlashuvni boshladi.

Yaqin vaqtgacha loyihada faqat «Barselona» va «Real» qolgan edi. Kataloniyaliklar 7 fevral kuni loyihani tark etishini e’lon qildi.

2024 yil dekabr oyida tashkilotchilar Superliga nomini Unify League deb o‘zgartirdi va unda Rossiya klublari ham ishtirok etishi mumkinligini e’lon qildi. Turnir 2025 yilda boshlanishi kerak edi, ammo bu amalga oshmadi.

2025 yil oktabr oyida Madrid sudi UYeFAni «erkin raqobat qoidalarini buzgan» va «ustunlik mavqeini suiiste’mol qilgan» deb topdi. Shundan so‘ng, «Real» yo‘qotilgan foyda va obro‘ga yetkazilgan zarar uchun Yevropa federatsiyasidan 4,5 mlrd yevro undirish niyatida ekanini aytgandi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid