Jahon | 19:39 / 11.02.2026
4267
2 daqiqa o‘qiladi

Singapur Olimpiada g‘olibligi uchun to‘lovlar miqdori bo‘yicha yetakchilik qilmoqda

Singapur qishki Olimpiadadagi yagona ishtirokchisiga oltin medalni qo‘lga kiritgan taqdirda deyarli 800 ming dollar to‘laydi.

Foto: Sport Singapore via Reuters

Singapur Italiyaning Milan va Kortina d'Ampetsso shaharlarida o‘tkazilayotgan 2026 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarida g‘alaba qozongani uchun eng katta mukofot to‘laydigan davlatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda USA Today nashri xabar berdi.

O‘yinlarda Singapurdan yagona vakil - 23 yoshli tog‘ chang‘ichisi Fayz Basha ishtirok etmoqda. Oltin medal uchun u 788 ming dollar, kumush uchun 394 ming dollar, bronza uchun 197 ming dollar olishi mumkin.

Yuqori beshlikka, shuningdek, Honkong (oltin uchun 767 ming dollar), Italiya (213 ming dollar), Polsha (211 ming dollar) va Sloveniya (162 ming dollar) ham kirdi.

Polsha chempionlarga puldan tashqari Toyota Corolla, mebellar bilan jihozlangan ikki xonali kvartira, zargarlik buyumlari va bayram vaucherini sovg‘a qiladi. Avstriya bonuslarni «Filarmonik» oltin tangalari (Avstriya zarbxonasi tomonidan chiqarilgan investitsiya tangalari) bilan to‘laydi: birinchi o‘rin uchun 23,7 ming dollar.

Yangi Zelandiya (oltin uchun 3 ming dollar), Avstraliya (14 ming dollar), Daniya (15 ming dollar) va Kanada (18 ming dollar) eng kam pul to‘laydigan mamlakatlar qatoridan joy oldi.

Buyuk Britaniya, Shvetsiya va Norvegiya medal sohiblariga hech qanday mukofot to‘lamaydi, faqat stipendiyalar va tayyorgarlik grantlari bilan cheklanadi.

Qishki Olimpiya o‘yinlari 22 fevral kuni yakunlanadi. Ushbu musobaqada jami 116 ta medal jamlanmasi o‘ynaladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid