Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevroparlament 2040 yilgacha YeIning iqlim maqsadlari haqidagi qonunni qabul qildi
Yevroparlament YeIning iqlim neytralligiga erishish yo‘lida yangi majburiy oraliq maqsadni belgilaydigan qonunni qabul qildi. Hujjat 2040 yilgacha tashlamalarni 90 foizga qisqartirishni nazarda tutadi.
Yevropa Ittifoqining iqlim neytralligiga erishish yo‘lida yangi majburiy oraliq maqsadni belgilaydigan qonun seshanba kuni, 10 fevralda Yevroparlament tomonidan ma’qullandi. Hujjatga ko‘ra, YeIda parnik gazlar tashlamalari 2040 yilgacha 1990 yildagi darajaga nisbatan 90 foizga kamaytirilishi kerak.
Biroq 2036 yildan boshlab YeI a’zo davlatlari tashlamalarni qisqartirish bo‘yicha talab etiladigan hajmning 5 foiz punktgacha qismini uchinchi mamlakatlardan emissiya sertifikatlarini sotib olish orqali “hisobga” qo‘shib qo‘yishi mumkin bo‘ladi. KNA agentligi qayd etishicha, “amalda YeI mamlakatlari o‘z tashlamalarini atigi 85 foizga kamaytirishi talab etiladi”.
Bino-inshootlar va transport sohalarida emissiya sertifikatlari savdosini boshlash 2027 yildan 2028 yilga ko‘chirildi. Kutilishicha, Yevrokomissiya har ikki yilda YeIning belgilangan iqlim maqsadlariga qanchalik muvaffaqiyatli yaqinlashayotganini tekshirib boradi. Shu bilan birga, YeK fan va texnologiya sohasidagi eng yangi ma’lumotlarga asoslanib, o‘zgartishlar bo‘yicha takliflar kiritishi mumkin bo‘ladi.
Yevroparlament mazkur qonunni qabul qilishidan oldin YeI a’zo davlatlari bilan uzoq muhokamalar bo‘lib o‘tgan. Ayrim siyosatchilar 90 foizlik ko‘rsatkichni juda baland deb atagan, boshqalar esa xalqaro hisob-kitoblarda “aylanma yo‘llar” paydo bo‘lishidan xavotir bildirgan.
Endi YeIning iqlim neytralligiga erishish yo‘lida oraliq maqsadlarni o‘zgartirish haqidagi qonunni YeI kengashi ham tasdiqlashi kerak, ammo KNA ta’kidlashicha, bu — deyarli rasmiyatchilik, xolos.
Parnik gazlar iqlim o‘zgarishi jarayonini tezlashtiradi. Shu sabab YeI o‘z oldiga 2050 yilgacha iqlim neytralligiga erishish maqsadini qo‘ygan. Shu yo‘ldagi yangi oraliq maqsad — 2040 yilgacha YeIda parnik gazlar tashlamalarini 1990 yilga nisbatan 90 foizga qisqartirish — 2024 yil fevralida YeIning iqlim bo‘yicha harakatlar komissari Vopke Xukstra tomonidan aytilgan edi.
2021 yilda YeI 2050 yilgacha Yevropa iqtisodiyoti va jamiyatini iqlim neytral qilish maqsadini qonun bilan mustahkamladi. YeIning iqlim to‘g‘risidagi qonuni birinchi oraliq maqsadni ham belgilagan: 2030 yilgacha 1990 yilga nisbatan parnik gazlar tashlamalarini kamida 55 foizga qisqartirish. Fit for 55 qonunchilik paketi aynan shu ko‘rsatkichga erishishni ta’minlashga qaratilgan.
2040 yilgacha tashlamalarni 90 foizga qisqartirish YeIning Parij iqlim kelishuvi bo‘yicha majburiyatlariga hamda YeIning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ilmiy-maslahat kengashi tavsiyalariga mos keladi. Ushbu kengash 2023 yil iyun oyida YeIga 2040 yilgacha parnik gazlar tashlamalarini 90–95 foizga qisqartirishni tavsiya qilgan. 2015 yilgi Parij iqlim kelishuvi global isishni sanoatlashtirishdan oldingi davrga nisbatan 1,5°C chegarasida ushlab turishni maqsad qiladi.
Mavzuga oid
08:58 / 04.06.2026
Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lishi yo‘lida muhim qadam tashlandi
19:55 / 29.05.2026
Yevropa Ittifoqi Temu’ni 200 mln yevro jarimaga tortdi
08:47 / 28.05.2026
YeI Rossiya bilan muzokaralar bo‘yicha shoshilmayapti
08:49 / 21.05.2026