Jahon | 21:32 / 12.02.2026
3649
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyada mamlakat aholisi sonini cheklash bo‘yicha referendum o‘tkaziladi

Agar referendum muvaffaqiyatli o‘tsa, hukumat 2050 yilgacha aholisi 9 millionga yaqin bo‘lgan Shveytsariyaga immigratsiyani cheklash choralarini ko‘rishi kerak bo‘ladi.

Foto: EPA

Shveytsariyada 14 iyun kuni mamlakat aholisi sonini 10 million kishi bilan cheklash masalasi bo‘yicha umumiy referendum o‘tkaziladi.

Migratsiyani cheklash va aholi soni limitini belgilash bo‘yicha petitsiyani 2024 yildayoq mamlakat Federal Majlisida taxminan uchdan bir o‘ringa ega bo‘lgan o‘ng konservativ Shveytsariya Xalq partiyasi boshlagan edi.

Shveytsariya hukumati va parlamenti bu tashabbusga qarshi ovoz berdi, biroq petitsiya mamlakatning 100 mingdan ortiq aholisi tomonidan imzolangach, referendum jarayoni avtomatik ravishda boshlandi.

Agar referendum muvaffaqiyatli o‘tsa, hukumat 2050 yilgacha aholisi 9 millionga yaqin bo‘lgan Shveytsariyaga immigratsiyani cheklash choralarini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Xususan, 9,5 million kishilik chegaradan oshib ketgan taqdirda, rasmiylar chet elliklarning doimiy yashash uchun ruxsatnoma olish shartlarini kuchaytirishi, shuningdek, Shveytsariya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari (Shveytsariya Yevropa Ittifoqi tarkibiga kirmaydi) o‘rtasidagi erkin harakatlanish to‘g‘risidagi bitimni qayta ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi.

Referendum tarafdorlarining ta’kidlashicha, hozirgi aholi ortiqchaligi allaqachon Shveytsariya infratuzilmasining haddan tashqari yuklanishiga, mahalliy o‘ziga xoslikning buzilishiga va uy-joy ijarasi narxining oshishiga olib kelgan.

G‘oya muxoliflarining fikricha, bu Shveytsariya iqtisodiyotiga zarar yetkazadi, xorijiy ishchi kuchini jalb qilishni qiyinlashtiradi va Shveytsariyaning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlariga putur yetkazadi.

Shveytsariyaning ikki media guruhi tomonidan 2025 yil dekabr oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Shveytsariya aholisining 48 foizi aholi sonini cheklash taklifini qo‘llab-quvvatlaydi, 41 foizi bu g‘oyaga qarshi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid