Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevroparlament Ukraina uchun 90 mlrd yevro kreditni ma’qulladi
Yevroparlament Kiyevni qo‘llab-quvvatlash uchun 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan 90 mlrd yevro miqdoridagi kredit ajratilishini ma’qullab, “yashil chiroq” yoqdi. Yaqin haftalarda bu qarorni YeI kengashi tasdiqlashi kerak - shunda ilk to‘lovlar aprel oyidayoq boshlanadi.
Yevrodeputatlar 11 fevral, chorshanba kuni Ukrainaga moliyaviy yordam paketi uchun ovoz berdi. U paketga 2026–2027 yillarda mamlakatning moliyaviy ehtiyojlarini qoplash uchun 90 mlrd yevro miqdoridagi qo‘llab-quvvatlash krediti (Ukraine Support Loan), shuningdek Ukrainani qo‘llab-quvvatlash mexanizmi (Ukraine Facility)ga o‘zgartirishlar va YeIning 2021–2027 yillarga mo‘ljallangan ko‘p yillik moliyaviy doirasiga tuzatishlar kiradi. Bu tuzatishlar YeI budjetiga kredit uchun kafolat sifatida xizmat qilish, foizlar to‘lovi va qarzga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha boshqa xarajatlarni qoplash imkonini beradi.
Endi mazkur qonunchilik hujjatlari YeI kengashi tasdig‘iga yuboriladi. Rasmiy jurnalda e’lon qilinganidan bir necha kun o‘tgach, YeI kengashi qarori kuchga kiradi va Yevrokomissiya Ukraine Facility mexanizmni ishga tushira oladi — Kiyevga birinchi transhni aprel oyi boshidayoq to‘lash uchun.
Yevroparlamentning o‘ta o‘ng guruhi — “Suveren millatlar Yevropasi” Ukrainaga moliyaviy yordam ajratilishini izdan chiqarishga harakat qildi va ovoz berishni kechiktirishni taklif qilgan rezolyutsiya loyihasini tayyorladi.
Ukraina YeI qo‘llab-quvvatlashiga loyiq, ammo “bu 90 mlrd yevroni Rossiya to‘lashi kerak”, — dedi ushbu guruh vakili, nemis yevrodeputati Xans Noyxof. “Biz hammamiz bilamizki, Rossiya hech qachon buni qilmaydi va muzlatilgan Rossiya aktivlari ham bu moliyalashtirish uchun hech qachon ishlatilmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
O‘ta o‘ng kuchlar tayyorlagan hujjatda Ukraina uchun yordam paketi bo‘yicha ovoz berishni 24 fevralgacha qoldirishga chaqiriq bor edi. “Yevrokomissiya yevropalik fuqarolarga haqiqatni aytishi kerak: bu qarz emas, balki yevropalik soliq to‘lovchilar to‘laydigan pul — (Ukraina prezidenti Volodimir. — tahr.) Zelenskiy hokimiyatda qolishi uchun”, — dedi nemis siyosatchisi.
Shu bilan birga, siyosiy guruhlar va tegishli qo‘mitalar nomidan chiqqanlar ovoz berishni kechiktirishga qaratilgan qonun loyihasiga qat’iy qarshilik bildirdi. “Ukraina hech qachon bugungidek bizga kuchli ehtiyoj sezmagan — qish o‘rtasida Rossiya uning shaharlari, elektr stansiyalari va aholisini bombardimon qilayotgan bir paytda. Bu — bizning burchimiz va xavfsizlik sohasidagi manfaatimiz. Shuning uchun biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni qabul qilishimiz va Kremlning sabotaji uchun ovoz bermasligimiz kerak!” — deb hamkasblarining qarsaklari ostida liberallar guruhidan fransiyalik yevrodeputat Natali Luazo chaqiriq qildi. Yakunda o‘ta o‘nglarning rezolyutsiya loyihasi sessiyadagi ovoz berishda qo‘llab-quvvatlanmadi.
YeI budjeti kafolati ostida erkin bozorlarda qarz olish hisobiga Ukrainaga 90 mlrd yevro miqdorida kredit shaklida moliyaviy yordam ajratish qarori Yevropa yetakchilarining Bryusseldagi sammitida 2025 yil 18 dekabr kuni qabul qilingan. Uni 27 a’zo davlatdan 24 tasi qo‘llab-quvvatladi. Vengriya, Slovakiya va Chexiya kreditda ishtirok etishga qarshi chiqdi, ammo qarorning o‘zini qo‘llab-quvvatladi.
Yevrokomissiya bahosiga ko‘ra, YeIga a’zo davlatlar qarzga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘taradigan xarajatlar 2027 yilda taxminan 1 mlrd yevro, 2028 yildan boshlab esa yillik taxminan 3 mlrd yevroni tashkil etadi. Kredit shartlariga ko‘ra, Ukraina uni faqat shunday holatda qaytarishi kerak bo‘ladi: agar Rossiya urush sabab yetkazilgan zarar uchun reparatsiyalar to‘lasa.
YeIda kelishuvga ko‘ra, kreditning umumiy summasidan 30 mlrd yevro Ukrainaga moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga, 60 mlrd yevro esa harbiy yordamga — xususan, qurol-yarog‘ xaridiga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, kredit hisobiga moliyalashtiriladigan Ukraina uchun qurol va harbiy texnika ishlab chiqarish hamda xarid qilish ishlari Ukrainaning o‘zida, YeI a’zo davlatlarida, shuningdek Yevropa iqtisodiy hududi va Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasiga kiruvchi davlatlarda amalga oshirilishi kerak (YeIdan tashqari bu birlashmalarga Islandiya, Lixtenshteyn, Norvegiya va Shveytsariya kiradi — tahr.). Faqat ma’lum turdagi qurol mavjud bo‘lmasa yoki uni belgilangan muddatlarda yetkazib berish imkonsiz bo‘lsa, uchinchi davlatlardan xarid qilishga ruxsat beriladi.
Kredit shartlariga ko‘ra, YeI kredit mablag‘lari bo‘yicha to‘lovlar Ukraina belgilangan talablarni bajargan taqdirdagina amalga oshiriladi. Jumladan, demokratiya me’yorlariga rioya qilish, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini, shu jumladan milliy kamchiliklar huquqlarini himoya qilish talab etiladi. Bu talablar, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish va demokratik institutlarni mustahkamlashni ham o‘z ichiga oladi.