Jahon | 18:15
1796
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eron bilan keskinlik fonida Yaqin Sharqqa ikkinchi aviatashuvchini yubormoqda

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, «Gerald R. Ford» aviatashuvchisi Atlantika okeanida Janubiy Amerika va Karib dengizi sohillaridan Fors ko‘rfaziga qarab suzadi.

Foto: newsweek

AQSh Eron bilan keskin munosabatlar fonida Fors ko‘rfaziga eng katta «Gerald R. Ford» aviatashuvchisini kuzatuv kemalari bilan yubormoqda. Bu haqda The New York Times, Associated Press va boshqa ommaviy axborot vositalari o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. Pentagon bu ma’lumotga izoh bermadi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, «Gerald R. Ford» aviatashuvchisi Atlantika okeanida Janubiy Amerika va Karib dengizi sohillari yaqinida bo‘lgan. The New York Times nashrining yozishicha, aviatashuvchidagi samolyotlar Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish operatsiyasida ishtirok etgan.

10 fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan kelishuvga erishilmasa, Yaqin Sharqqa ikkinchi aviatashuvchisini yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

12 fevralda Tramp Eron bilan muzokaralar bir oyga cho‘zilishi mumkinligini aytdi va agar kelishuvga erishilmasa, Eron uchun «juda ayanchli» bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Yanvar oyidan beri Fors ko‘rfazida allaqachon «USS Abraham Lincoln» aviatashuvchisi va boshqariluvchi raketa qurollariga ega bir nechta esminetslar mavjud.

The Wall Street Journal yana bir aviatashuvchi kema - «George HW Bush» Yaqin Sharqda joylashishga tayyorgarlik ko‘rish uchun buyruq olganini yozgan edi. Hozir u Virjiniya (AQSh) qirg‘oqlarida.

Tramp yanvar oyida Erondagi norozilik namoyishlari kuch bilan bostirilgandan so‘ng, Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy ishtirokini kuchaytirdi, ammo tezda e’tiborni namoyishchilardan Eron yadroviy dasturiga qaratdi. Bunga javoban Eron hukumati AQSh va uning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarining harbiy infratuzilmasiga zarba berish bilan tahdid qildi.

7 fevral kuni AQSh va Eron o‘rtasida bilvosita muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Amerikaliklar Tehrondan yadro dasturi, raketa arsenali bo‘yicha yon berishni va HAMAS va «Hizbulloh» kabi Yaqin Sharqdagi proksilarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab qildi.

Tomonlar muzokaralarni ijobiy baholadi, ammo ular o‘rtasida kelishmovchiliklar saqlanib qoldi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi mamlakat tinch maqsadlarda uranni boyitishda davom etishini va «nolga boyitish» siyosatini qabul qilmasligini aytdi. Eron vitse-prezidenti va Eron atom energiyasi tashkiloti rahbari Muhammad Islomiyning aytishicha, agar Vashington Tehrondan sanksiyalarni olib tashlasa, Eron uranni boyitish darajasini pasaytiradi.

 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid