Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijonda 1 mln dollarlik “mefedron” narkolaboratoriyasi fosh etildi
DXXning Toshkent va Andijon viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan kompleks tadbirlar natijasida Andijon shahrida tashkil etilgan narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yildi.
Foto: Videodan kadr
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent va Andijon viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida narkolaboratoriyalarni aniqlash va faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha kompleks tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, “Telegram” messenjeridagi narkodo‘kon kuratorlari tomonidan belgilangan joylarga qoldirib ketilgan, sintetik giyohvandlik moddalarini tayyorlashda foydalaniladigan katta miqdordagi prekursorlar aniqlanib, operativ kuzatuvga olindi.
Tezkor tadbir davomida ushbu prekursorlarni olish uchun kelgan vaqtida Andijon shahrida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro qo‘lga olindi. Tekshiruvlar jarayonida ular tomonidan Andijon shahrining “Bog‘ishamol” mahallasida narkolaboratoriya tashkil qilingani ma’lum bo‘ldi.
Natijada mazkur manzildan qora bozordagi umumiy taxminiy narxi 1 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 26 kg “Mefedron” sintetik narkotik moddasi, shuningdek, giyohvandlik vositalari tayyorlashda foydalaniladigan prekursorlar va kimyoviy moddalar, laboratoriya jihozlari, 10–20 litr hajmli yelim idishlar, konteynerlar, respiratorlar, rezina qo‘lqoplar va boshqa zarur anjomlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Qayd etilishicha, qonunbuzarlardan biri mazkur dala hovlini internet narkodo‘kondagi kuratori tomonidan yuborilgan 15,8 ming AQSh dollari evaziga o‘z nomiga sotib olgan, laboratoriyani jihozlash uchun esa 5 ming AQSh dollari sarflagan. Shuningdek, u joriy yilning yanvar oyida 11,7 kg “Mefedron” tayyorlab, kurator ko‘rsatmasiga ko‘ra uni xufiyona joyga joylashtirgani va lokatsiyasini “xo‘jayini”ga yuborgani aniqlangan.
Bundan tashqari, mazkur shaxslar tomonidan Chirchiq shahrida ijaraga olingan omborga 400 litr prekursorlar yashirib qo‘yilgani ham ma’lum bo‘lib, ular ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda ularga nisbatan DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Mavzuga oid
09:42
2025 yilda sabzavot yetishtirishda Andijon viloyati yetakchi bo‘ldi
10:11 / 13.02.2026
Andijonda tadbirkorni qotil yollab o‘ldirmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi – DXX
22:24 / 12.02.2026
Prezident huzurida Andijon viloyatidagi islohotlar natijasi va ustuvor vazifalar muhokama qilindi
18:23 / 12.02.2026