Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Real»da yirik g‘alaba, Italiya derbisida hakamlik mojarosi. Kun o‘yinlari
«Real»da Mbappe yo‘qligida gollarni Vinisius urmoqda, «Siti» va «Liverpul» Angliya kubogida yurishini davom ettirdi, Italiyada turning markaziy uchrashuvida «Yuventus» hakamning bahsli qarori tufayli ozchilik bo‘lib qoldi, «Inter» esa so‘nggi daqiqada g‘alaba golini urdi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: Husanov va jamoasi keyingi bosqichda

«Manchester Siti» – «Solford Siti»
Gollar: Dorrington, 6 – avtogol (1:0). Geyi, 81 (2:0)
«Manchester Siti»: Trafford, Stouns (Geyi, 65), Husanov, Ayt Nuri (O`Rayli, 64), Alleyn (Makaydu, 22), Gonsales (Rodri, 75), Reynders, Lyuis, Sherki, Foden (Semenyo, 65), Marmush
«Manchester Siti» hozircha Angliya Kubogida tejamkor o‘yin bilan ham g‘alabalarga erishmoqda: jamoaga asosan quyi ligalar vakillari raqib bo‘lmoqda va o‘yinlar «Etihad»da kechmoqda. Ammo o‘tgan bosqichda «shaharliklar» «Ekseter» darvozasiga istagancha gol urgan bo‘lishsa (10:1), to‘rtinchi divizion vakili bo‘lgan «Solford» munosib qarshilik ko‘rsatdi. Holbuki tezkor avtogoldan keyin ushbu raqib sochilib ketishi kutilgandi. Bu o‘yinda dastlab himoyada Husanovga Alleyn sherik sifatida tushgandi, ammo himoya chizig‘idagi muammolar tufayli yanvarda «Uotford»dan qaytarib olgan 20 yoshli ushbu futbolchi bo‘lim o‘rtalarida jarohat tufayli almashtirildi. Himoyadagi muammolarni yopish uchun qishda olib kelingan futbolchilardan yana biri Geyi esa ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushib, klub safidagi ilk golini urdi.
«Aston Villa» – «Nyukasl Yunayted» 1:3
Gollar: Abraham, 14 (1:0). Tonali, 63 (1:1). Tonali, 76 (1:2). Voltemade, 88 (1:3)
«Aston Villa»: Bizot, Lindelyof, Pau Torres, Din, Bogard, Duglas Luis (Sancho, 78), Onana, Barkli (Buendiya, 65), Beyli (Martines, 45+4), Rodjyers (Matsen, 77), Abraham (Uotkins, 65)
«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Tshau, Bern, Holl, Trippiyer (A. Myorfi, 90), Tonali, Remsi (Uillok, 80), Osula (Gordon, 63), Barns, J. Myorfi (Elanga, 63), Voltemade
Ogohlantirishlar: Duglas Luis, 4. Din, 42 – Tshau, 25. Barns, 52. Remsi, 55
Chetlatish: Bizot, 45
Angliya kubogi 1/16 final bosqichidagi markaziy bahs esa Bruno Gimaraeshsiz o‘tdi. «Nyukasl» sardori ikki oydan ko‘proq vaqtga safdan chiqishi klubiga ham, Braziliya terma jamoasiga ham jiddiy zarba bo‘ldi. Ammo Karlo Anchelottida «Aston Villa»ga qaytgan Duglas Luiz varianti ham bo‘ladi. Ushbu futbolchi «Yuventus»da ham, «Nottinghem»da ham oldingi darajasiga qayta olmadi. Lekin u Birminghemda o‘zini yana uydagidek his qilishi mumkin, jamoa yarimhimoya chizig‘idagi muammolar esa unga asosiy tarkibga yo‘l ochadi.
Aynan Duglas Turkiyadan APLga qaytgan Abrahamning hisobni ochuvchi goliga assistentlik qildi. U o‘zini jarima zarbasini kuch bilan ijro etmoqchidek tutdi, amalda esa kutilmaganda to‘pni parashyut uslubida jonli devor ustidan oshirib tashladi va himoyachilar ortiga ochilgan hujumchi darvozani ishg‘ol etdi.
Ammo birinchi bo‘lim oxirida mezbonlar qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishdi va raqibning xavfli qarshi hujumini o‘tkazib yubordi. Darvozabon Bizot raqibni qarshi olish uchun oldinga chiqib keldi, ammo u Myorfini to‘xtatishda fol ishlatdi va qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Unai Emeri bu vaziyatda asosiy aybdor bo‘lgan Beylini maydondan olib, darvozaga Emiliano Martinesni tushirdi.
Ikkinchi bo‘lim davomida bir kishi ko‘p bo‘lib harakatlangan Eddi Hau shogirdlari o‘yinni 180 darajaga o‘zgartirishdi. Barchasini mehmonlar raqib jarima maydoni atrofida to‘pni olib qo‘ygan epizodlar hal qildi. Gimaraesh yo‘qligida sardorlik bog‘ichini o‘ziniki qilgan Tonali uzoq masofadan zarba berish mahoratini namoyish etdi. Birinchi holatda rikoshet ham qo‘l kelgan bo‘lsa, ikkinchi holatda italiyalik yarimhimoyachi pastki burchakni aniq nishonga oldi. Keyin esa Voltemade ham 20 dekabrdan buyon ilk golini urdi va raqibni uzil-kesil taslim qildi.
«Liverpul» – «Brayton» 3:0
Gollar: Jons, 42 (1:0). Soboslai, 56 (2:0). Saloh, 68 - penalti (3:0)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez, Soboslai, Makallister, Jons (Remzi, 89), Virs (Jo Gomes, 71), Kiyeza (Ekitike, 77), Saloh (Ngumoha, 77), Gakpo (Nioni, 89)
«Brayton»: Stil, Dank, van Hekke (Boskali, 72), Ferdi Kadio‘g‘li, Veltman, Baleba (Ryutter, 62), Hinshelvud (Viffer, 81), Gross, Hauell (Minte, 62), D. Gomes (Mitoma, 62), Kostulas
Ogohlantirishlar: Dank, 15. D. Gomes, 33. Baleba, 41. van Hekke, 67
«Liverpul» «Brayton»ga qarshi qiyin kechgan o‘yinning birinchi bo‘limi oxirida Jonsning goli evaziga o‘z maqsadiga erishdi. Keyin esa Alisson o‘z seyvi bilan jamoasining minimal ustunligini saqlab qoldi. Ikkinchi bo‘limda Saloh katta sahnaga chiqdi: u avvaliga Soboslaini golli uzatma bilan ta’minladi, keyin esa penaltini aniq ijro etib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Arne Slot shogirdlari 1/8 finalga yo‘l oldi.
Ispaniya: «Santyago Bernabeu»dagi konsert

«Real» – «Real Sosiyedad» 4:1
Gollar: Garsiya, 5 (1:0). Oyyarsabal, 21 – penalti (1:1). Vinisius Junior, 25 – penalti (2:1). Valverde, 31 (3:1). Vinisius Junior, 48 – penalti (4:1)
«Real»: Kurtua, Ryudiger (Karvahal, 60), Hausen, Karreras, Aleksandr-Arnold (Alaba, 60), Tshuameni (Sestero, 79), Arda Guler, Kamavinga (Sebalyos, 73), Valverde (B. Dias, 73), Vinisius Junior, Garsiya
«Real Sosiyedad»: Remiro, Subeldiya, Xon Martin, Ayyen Munyos, Aramburu, Gorrotchategi, Errera (Turrentes, 60), Uesli (Gonsalu Gedesh, 46), Marin (D. Dias, 73), Soler, Oyyarsabal (Oskarsson, 60)
Ogohlantirishlar: Hausen, 20 – Turrentes, 90
Aleksander-Arnold nihoyat «Real» boshlang‘ich tarkibiga qaytdi va unga Gonsalo Garsiyaga golli uzatma berish uchun besh daqiqa kifoya qildi. Yosh forvard qanotdan ko‘ra markaziy hujumchi pozitsiyasida samaraliroq ekanini namoyish etdi va bir teginishda hisobni ochdi. Arbeloa shu kuni YeChL o‘yini oldidan Mbappega dam bergandi va yosh hujumchi bunday imkoniyatdan foydalanmoqda. U Kilian tushmagan yoki zaxiradan chiqqan o‘yinlarda 10 gol urishga ulgurdi.
Birinchi bo‘lim o‘rtalarida Hausenning jarima maydoni ichkarisidagi folidan keyin belgilangan penaltini Oyyarsabal aniq ijro etib, hisobni tikladi. Ammo mezbonlar tezda hisobdagi ustunlikni tikladi. Vinisius Junior fint ishlatib, Aramburuni o‘ziga fol ishlatishga majbur qildi va 11 metrlik jarima zarbasini o‘zi aniq ijro etdi. Shu kuni markaziy himoyaga qaytgan Valverde ham raqib jarima maydoni atrofida qanchalik xavfli ekanini ko‘rsatib qo‘ydi – Karrerasdan uzatma qabul qilib olgach, navbatdagi chiroyli golini urdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Vinisius yana bir bor Aramburu bilan dueldan keyin penalti ishladi va yana bir bor penaltini namunali tarzda ijro etdi. Shundan keyin o‘yin quruq rasmiyatchilikka aylandi, Arbeloa Alaba, Sebalyos, Sestero, Dias va Karvahalga o‘yin amaliyoti taqdim etdi.
Qolgan daqiqalarda mehmonlarning bir goli ofsayd tufayli inobatga olinmadi, keyin esa Vinisius Gulerning uzatmasidan keyin bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi, bu safar ham ofsayd holati xalaqit berdi va o‘yinda hisob o‘zgarmay qoldi.
«Qirollik klubi» hozircha yana birinchi o‘ringa chiqib oldi, «Barselona» esa dushanba kuni «Jirona»ga qarshi kechadigan o‘yinda birinchi o‘rinni qaytarib olishga harakat qiladi.
Italiya: Milandagi o‘yinda hissiyotlar jo‘sh urdi

«Inter» – «Yuventus» 3:2
Gollar: Kambyazo 17 avtogol, Espozito 76, Zelinski 90 – Kambyazo 26, Lokatelli 83.
«Inter»: Zommer, Bissek, Akanji, Bastoni (Karlos Augusto, 46), Luis Enrike (Luis Enrike, 66), Barella (Chalxono‘g‘li, 54), Zelinski, Suchich (Diuf, 66), Dimarko, Tyuram (Bonni, 86), Martines.
«Yuventus» Di Gregorio, Kalulu, Bremer, Kelli, Kambyazo (Openda, 78), Lokatelli, Miretti (Kopmeyners, 61), Konseysau (Holm, 46), Makkenni, Yildiz (Boga, 75), David (Kabal, 61).
Ogohlantirishlar: Bastoni 9, Barella 53, Chalxono‘g‘li – Kalulu 32.
Chetlatish: Kalulu 42.
Italiyada turning markaziy uchrashuvida «Inter» so‘nggi daqiqalarda «Yuventus»ni taslim etdi. Ammo o‘yin bosh hakami Federiko La Penning xatosi tufayli bu o‘yin mojaro bilan yodda qoladigan bo‘ldi.
Birinchi bo‘limda 1:1 hisobi qayd etildi. Ikki gol ham «Yuve» qanot himoyachisi Andrea Kambiyazo nomiga yozildi. 17-daqiqada u raqiblarga yordam berib yuborgandi: Lautaro Martinesning zarbasidan keyin to‘p uning oyog‘iga tegdi va undan darvoza to‘riga borib tushdi. Rikoshet Mikele Di Gregorioni ilojsiz holatda qoldirdi.
26-daqiqada Kambiyazo o‘z aybini yuvdi. Ueston Makkenni to‘pni jarima maydoniga yetkazdi, Jonatan Devid zarba berolmadi, ammo Kambiyazo olis ustun yaqinida to‘pga yetib bordi va muvozanatni tikladi – 1:1. Bu «Yuventus» va «Inter»ning A Seriyadagi uchrashuvlarida bir futbolchi ham avtogol, ham gol urishi bilan bog‘liq ilk holatga aylandi.
Jamoalar tengma-teng o‘yin ko‘rsatayotgandi, ammo 42-daqiqada «Inter» bir kishi ko‘p bo‘lib qoldi. Hakam Piyer Kaluluga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi.
Bu vaziyatda Fabio Mirettining noaniq pasidan keyin Kalulu to‘pni ilib ketgan Alessandro Bastoniga qo‘lini bilinar-bilinmas tekkizdi, shu bilan birga, uning oyog‘iga tegmadi.

«Inter» himoyachisi esa aktyorlik mahoratini ishga solib, gazonga yiqildi, bosh hakam Federiko La Penna Kaluluga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi.
Bastoni chetlatishni arbitrning ko‘z o‘ngida nishonladi.

U bu holatda katta tavakkalchilikka qo‘l urgandi: unda allaqachon sariq kartochka bor edi, hakam uning yiqilishini simulyatsiya deb topganida, Kaluluni emas, uni maydondan chetlatgan bo‘lardi. Ammo qoidaga ko‘ra, VAR ikkinchi sariq kartochkaga aralasha olmaydi va hakamning dastlabki qarori o‘zgarmadi. Kristian Kivu esa Bastonini tanaffusda zaxiraga oldi.
Ikkinchi bo‘limda «Inter» son jihatdan ustunlikdan foydalanib, tashabbusni to‘liq o‘z qo‘liga oldi va Franchesko Espozitoning golidan keyin hisobda oldinga chiqib oldi. «Yuve» esa vaqti-vaqti bilan qarshi hujumlar uyushtirdi va hisobni tenglashtirishga erishdi. 83-daqiqada Manuel Lokatelli Makkenning uzatmasidan keyin jarima maydoniga kirib borib, olis burchakni aniq nishonga oldi – 2:2!
Lekin bu hali hammasi emasdi. 90-daqiqada «Inter» baribir o‘z maqsadiga erishdi: Petr Zelinski raqib jarima maydoni yaqinida to‘pni qabul qilib oldi va chap oyog‘ida qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi – 3:2!
O‘yindan keyin tribunalar ostidagi tunnelga kirishda turinliklar ustozi Luchano Spalletti, uning murabbiylar shtabidagi Jorjo Kiyellini hamda «Yuventus»ning boshqa vakillari hakamni o‘rab olishdi.

Bu g‘alabadan keyin «Inter» turnir jadvalida oldinga chiqib ketdi: endi ikkinchi o‘rindagi «Milan» bilan oradagi farq 8 ochkoni tashkil etmoqda (Allegri jamoasi bu tur o‘yinini endi o‘tkazadi). «Yuve» esa hozircha kuchli to‘rtlikda qoldi, ammo bu turda «Roma» «Napoli» bilan durang o‘ynasa ham, bu o‘rinni tortib oladi.
«Inter» va «Yuve»ni navbatda Chempionlar ligasida o‘tish o‘yinlari kutmoqda (mos ravishda «Budyo-Glimt» va «Galatasaroy»ga qarshi).

Mavzuga oid
11:47 / 13.02.2026
«Barsa» yirik hisobda yutqazdi, «Arsenal» yana ochko yo‘qotdi
14:09 / 09.02.2026
«Real» chempionlik poygasida qoldi, «Inter», «Bavariya» va «PSJ» raqiblarini yo‘q qilmoqda
12:07 / 09.02.2026
Fantastik gol, bahsli penalti va so‘nggi daqiqalardagi drama. «Siti» g‘alabani ilib ketdi
12:35 / 08.02.2026