Jahon | 09:17
598
6 daqiqa o‘qiladi

Amnesty Germaniyani Navalniy tarafdorlarini qabul qilishga chaqirdi

Aleksey Navalniy vafotining ikki yilligi munosabati bilan Amnesty International Germaniya hukumatini repressiyaga uchrayotgan rossiyaliklarni himoya qilishga, ular uchun Germaniyada viza berish va yashash qoidalarini yumshatishga chaqirdi.

Foto: Reuters / Scanpix

Inson huquqlarini himoya qiluvchi Amnesty International (AI) tashkiloti Rossiya koloniyasida siyosatchi Aleksey Navalniy vafot etganiga ikki yil to‘lishi munosabati bilan Germaniya hukumatini Navalniy tarafdorlari hamda Rossiyada siyosiy ta’qibga uchrayotgan boshqa shaxslar uchun Germaniyaga viza berish va u yerda yashash qoidalarini yengillashtirishga chaqirdi.

“Ikki yil oldin Aleksey Navalniy Qutb doirasidan shimolda joylashgan olis koloniyada vafot etdi. Hanuzgacha Rossiya hokimiyati uning o‘limi holat-vaziyatlarini yashirmoqda va ayni paytda uning tarafdorlariga qarshi tinimsiz kampaniya olib bormoqda. Bu tizimli repressiyalar Rossiya davlati har qanday tinch tanqidga qanchalik murosasiz munosabatda ekanini ko‘rsatadi”, — deyiladi Amnesty International’ning Germaniyadagi bosh kotibi Yuliya Duxrov bayonotida. Bayonot 16 fevral, dushanba kuni e’lon qilingan.

Huquqni himoya qilish tashkiloti o‘tgan yili Navalniyning advokatlari va Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (FBK)ning to‘rt nafar xodimi uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilinganini eslatdi. Jami Rossiya hokimiyati FBKga qarshi 100 dan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atgan, shularning 79 tasi — so‘nggi bir yil ichida. Fond yaqinda “terroristik” tashkilot deb ham tan olingan. “Bu — qonuniy hukumat tanqidini jinoyat sifatida ko‘rsatish va uni hatto umrbod qamoq jazosigacha bo‘lgan hibs bilan jazolashga qaratilgan, siyosiy motivli qaror”, — deyiladi AI bayonotida.

Amnesty International’ning Germaniyadagi rahbari Rossiya hokimiyatini “Aleksey Navalniy bilan aloqa qilgani yoki uning faoliyatida ishtirok etgani uchungina hukm qilingan barchani darhol va sharsiz ozod qilishga hamda adolatsiz hukmlarni bekor qilishga” chaqirdi. Shu bilan birga Yuliya Duxrov Rossiyada “shaffoflik, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini” himoya qilishda davom etayotgan “barcha shaxslarni” himoya qilish zarurligini ta’kidlab, bu borada Germaniya hukumatiga murojaat qildi.

“Biz federal hukumatni Navalniy tarafdorlari va Rossiyada ta’qibga uchrayotgan boshqa odamlarga nisbatan hamjihatlik ko‘rsatishga, jumladan viza berish va mamlakatda bo‘lish qoidalariga oid masalalarda moslashuvchan tartib-taomillarni joriy etish orqali chaqirib qolamiz”, — deyiladi AI bayonotida.

Navalniy “katta ehtimol bilan” epibatidin moddasi bilan zaharlanish oqibatida halok bo‘lgan — bu Ekvadordagi daraxtbaqa terisidan olinadigan zahar. Bunday xulosaga Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya, Fransiya va Shvetsiya hukumatlari kelgan: ushbu davlatlar laboratoriyalari siyosatchining biomaterial namunalarida zahar izlarini aniqlagan. Besh davlat tashqi ishlar vazirliklarining qo‘shma bayonotini Britaniya tashqi siyosat idorasi 14 fevral kuni e’lon qilgan.

Qayd etilishicha, daraxtbaqalar Janubiy Amerikada yashaydi, Rossiyada uchramaydi va asirlikda epibatidin ishlab chiqarmaydi. Buyuk Britaniya TIV qo‘shimcha qilishicha, “Navalniy Rossiyaning Sibirdagi koloniyasida qamoqda bo‘lgan paytda unga qarshi ushbu o‘limli toksinni qo‘llash uchun faqat Rossiya davlatidagina vosita, motiv va imkoniyat bo‘lgan”. “Biz uni (Rossiya davlatini — tahr.) uning o‘limi uchun javobgar, deb hisoblaymiz”, — deyiladi Londonning alohida bayonotida.

“Men yana bir bor takrorlamoqchiman. Mening erim, Aleksey Navalniyni kimyoviy quroldan foydalanib o‘ldirishdi. Endi bizda bunga yana bir to‘g‘ridan to‘g‘ri dalil bor. Va men juda umid qilamanki, bir kun kelib aybdorlar sud kursisida o‘tiradi va shu yillar davomida qilgan barcha ishlari uchun javob beradi”, — dedi Rossiyalik muxolifatchining bevasi Yuliya Navalnaya.

Aleksey Navalniy 2020 yil avgust oyida Tomsk—Moskva reysi bortida hushini yo‘qotgan, shundan keyin samolyot Omsk shahriga shoshilinch qo‘ndirilgan va u yerda siyosatchiga birinchi yordam ko‘rsatilgan. Bir necha kundan so‘ng hushiga kelmagan Navalniy Berlindagi “Sharite” klinikasiga olib kelingan, u yerda davolash va reabilitatsiya davom etgan.

Germaniya Qurolli kuchlarining maxsus laboratoriyasi ekspertlari Rossiyalik muxolifatchidan olingan namunalarning toksikologik tahlili natijasida ularda “Novichok” guruhiga mansub asab-paralitik modda izlarini aniqlagan. Shunga o‘xshash xulosalarga Shvetsiya va Fransiya laboratoriyalari, shuningdek Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti ekspertlari ham mustaqil ravishda kelgan.

2021 yil yanvar oyida Navalniy Rossiyaga qaytgan, u yerda qo‘lga olinib, sudlangan. Uch yil o‘tib, 2024 yil 16 fevral kuni Vladimir Putinning asosiy siyosiy raqibi deb hisoblangan siyosatchi Yamal-Nenets avtonom okrugidagi koloniyada — ko‘p yillik jazoni o‘tayotgan joyida noma’lum sharoitlarda vafot etgan. The Insider va Der Spiegel nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, Navalniy vafotidan keyin siyosatchining oilasi uning biomaterial namunalarini Rossiyadan olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid