Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Navalniy epibatidin bilan zaharlanganiga shubha qilmayapti
Bratislavaga tashrif chog‘ida AQSh davlat kotibi Marko Rubio AQSh Navalniy daraxt qurbaqasi zahari bilan zaharlangani haqidagi xulosadan shubha qilmasligini ta’kidladi. Shuningdek, u Vashington Yevropani “vassal” emas, NATO bo‘yicha hamkor deb bilishini aytdi.
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
AQSh rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy epibatidin bilan zaharlangani haqida beshta Yevropa davlati chiqargan xulosalardan shubha qilmaydi, dedi AQSh davlat kotibi Marko Rubio. U bu haqda 15 fevral, yakshanba kuni Bratislavadagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Niderlandiya va Germaniyaning Navalniy Rossiya koloniyasida daraxt qurbaqasi zahari — epibatidin bilan zaharlangani haqidagi qo‘shma bayonotini Vashington “tashvishli xabar” deb hisoblaydi, deb Rubio so‘zlarini Reuters agentligi keltiradi. Davlat kotibi, shuningdek, AQSh nega 14 fevral kuni — bir kun oldin e’lon qilingan ushbu bayonotga qo‘shilmaganini izohladi: “Bu bizning tashabbus emas edi. Ba’zan davlatlar o‘zlari to‘plagan ma’lumotlarga tayanib, mustaqil ravishda biror ish qiladi”, — dedi u.
Avvalroq ushbu besh davlat tashqi ishlar vazirlari Aleksey Navalniy “katta ehtimol bilan” epibatidin bilan zaharlanish oqibatida halok bo‘lganini bildirgan edi. Epibatidin — o‘ta zaharli modda bo‘lib, uni Janubiy Amerikadagi daraxt qurbaqasining terisidan olishadi yoki laboratoriya sharoitida sintez qilishadi. Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Fransiya va Shvetsiyadagi tadqiqotchilar siyosatchining biomaterial namunalarida ushbu zahar izlarini bir-biridan mustaqil ravishda aniqlagan.
Rubio alohida ta’kidladiki, Oq uy Navalniyning zaharlanishi haqidagi bayonot yuzasidan “bu davlatlar bilan tortishish yoki ziddiyatga kirishish niyatida emas”. Rossiya TIV bu bayonotni “chalg‘ituvchi axborot” deb atagan.
Bratislavaga tashrif chog‘ida Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bilan o‘qtkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Marko Rubio Vashington Yevropa bilan “kuchli sheriklik”ka intilishini ham aytdi.
“Bizning fikrimiz shunday bo‘lgan va shunday qoladi: NATOning alohida a’zolari qanchalik kuchli bo‘lsa, butun alyans ham shunchalik kuchli bo‘ladi”, — dedi AQSh davlat kotibi. U Yevropani Oq uyga bog‘liqlik kamayishi sabab “xafa bo‘lmaslik”ka chaqirdi: Vashington mintaqani “AQSh vassali” sifatida emas, teng sherik sifatida ko‘rishni istaydi. Rubio ayrim ittifoqchi davlatlarning alyansni mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasini ham ijobiy baholadi.
Bundan oldin Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Germaniya kansleri Fridrix Mers AQShni izolyatsionizm g‘oyalaridan voz kechishga va NATO doirasida Yevropa bilan hamkorlikni kuchaytirishga chaqirgan edi.
Bratislavadagi matbuot anjumanida AQSh davlat kotibi va Slovakiya bosh vaziri atom energetikasi sohasida ham hamkorlik qilishga kelishib olganini ma’lum qildi.
Xususan, AQSh investorlari ishtirokida Slovakiyada 2040 yilgacha yangi atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Fitsoning aytishicha, tomonlar tegishli hujjatlarni kelasi yili imzolaydi.
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir yo‘nalishi mudofaa bo‘ladi. Fitso Slovakiya AQShdan to‘rtta F-16 qiruvchi samolyotini sotib olishni rejalashtirayotganini aytdi — bu orqali mamlakat o‘z eskadrilyasini 18 ta samolyotgacha kengaytirmoqchi.
Mavzuga oid
09:17
Amnesty Germaniyani Navalniy tarafdorlarini qabul qilishga chaqirdi
20:50 / 15.02.2026
AQSh Hind okeanida yana bir tankerni ushladi
17:12 / 15.02.2026
Navalniy qanday o‘ldirilgani ma’lum bo‘ldi. U epibatidindan zaharlangan
15:28 / 15.02.2026