Jahon | 16:31
2381
2 daqiqa o‘qiladi

Klichko: Ukraina mustaqilligi hali ham ochiq masala

Kiyev meri Vitaliy Klichko Ukraina mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lib qolishini hali ham “ochiq masala”, deb hisoblaydi. U bu fikrni 15 fevral, yakshanba kuni e’lon qilingan Financial Times (FT) gazetasiga bergan intervyusida bildirgan.

Foto: Danylo Antoniuk/Anadolu/picture alliance

Klichkoning aytishicha, Rossiyaning Ukraina muhim infratuzilmasiga muntazam zarbalari sabab mamlakat poytaxti “falokat ostonasida” turibdi. FT yozishicha, 3,5 million kiyevlik Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri eng sovuq qishni boshdan kechirmoqda. Rossiya raketa va dronlarining hujumlari minus haroratlarda elektr, issiqlik va suv ta’minotining katta ko‘lamda vaqtincha o‘chirilishiga olib kelgan.

“Putinning asosiy maqsadi — Kiyev va butun Ukraina. U bizning mustaqilligimizni yo‘q qilishni istaydi”, — deya ta’kidladi Klichko.

Kiyev merining so‘zlariga ko‘ra, shahar hokimiyati ishini uning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ko‘p yillik siyosiy raqobati qiyinlashtirmoqda. Avvalroq davlat rahbari Klichkoni poytaxtni so‘nggi o‘n yildagi eng sovuq qishga yetarlicha tayyorlamaganlikda ayblagan. FT yozishicha, prezident pozitsiyasini 17 ta jamoat tashkiloti ham qo‘llab-quvvatlagan.

Klichko intervyuda Zelenskiy bilan o‘zaro yoqtirmaslik ancha oldin — Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan avval ham mavjud bo‘lganini tan olgan. Mer ta’kidlashicha, ikki siyosatchi Kiyev ustidan nazorat uchun raqobat qilgan. Klichko fikricha, prezident mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish ishlariga aralashgan va urush fonida Ukraina boshqaruvini desentralizatsiya qilish islohotlarini sekinlashtiryapti.

Klichko, shuningdek, Rossiya bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv tuzilmaguncha va Ukraina ishonchli xavfsizlik kafolatlarini olmaguncha, yangi prezidentlik saylovlarini o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi. “Urush paytida siyosiy raqobat — yomon”, — deya xulosa qildi Kiyev meri.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid