Jahon | 19:09
8158
3 daqiqa o‘qiladi

Yuzlab o‘zbekistonliklar Isroilning G‘azoga qarshi urushida qatnashgan – OAV

Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy kampaniyasi paytida xorij davlatlarining minglab fuqarolari jangovar harakatlarda qatnashdi. Ta’kidlanishicha, Isroil armiyasi tarkibida 264 nafar o‘zbekistonlik ham bo‘lgan.

Foto: AFP/Getty Images

Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy kampaniyasi paytida xorij davlatlarining minglab fuqarolari jangovar harakatlarda qatnashdi. Bu haqda Al Jazeera nashri tahliliy maqola e’lon qildi.

Ta’kidlanishicha, Isroil armiyasi tarkibida O‘zbekiston fuqaroligi bo‘lgan 264 nafar shaxs jang qilgan.

Maqolaga ko‘ra, Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) harbiy xizmatchilarining katta qismi ikki fuqarolikka ega. Nashrning yozishicha, ular orasida AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ukraina, Rossiya va boshqa davlatlar fuqarolari bor.

Qanday raqamlar keltirilgan?

Kamida 12-13 ming nafar harbiy xizmatchi AQSh fuqaroligiga ega, ular katta ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shuningdek, Fransiya va Rossiya fuqarolari soni ham salmoqli – 5-6 ming. Buyuk Britaniya, Germaniya va Ukraina fuqarolari mingdan ziyod.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil tomonida jang qilgan o‘zbekistonliklar 264 nafarni tashkil qiladi – ular 5 millat vakili hisoblanadi. Qaysi millat ekaniga aniqlik kiritilmagan, ammo ularda Isroil fuqaroligi borligi aytilgan.

Bundan tashqari, xorijliklar orasida 189 nafar qozog‘istonlik, 52 nafar qirg‘izistonlik, 31 nafar turkmanistonlik, 8 nafar tojikistonlik ham borligi ma’lum qilingan.

Mualliflarning ta’kidlashicha, xorijliklarning bir qismi Isroil armiyasida doimiy ravishda xizmat qilmoqda, bir qismi esa mojaro avj olgandan keyin mamlakatga kelgan.

Huquqiy va xalqaro masalalar

Nashrda chet el fuqarolarining xatti-harakatlari xalqaro gumanitar huquq me’yorlarini buzgan deb topilgan taqdirda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yuridik javobgarlik masalasi ko‘tarilgan.

Nashr iqtibos keltirgan inson huquqlari tashkilotlari harbiy xizmatchilar kelib chiqqan mamlakatlarda tergov o‘tkazish va ehtimoliy javobgarlikka tortish zarurligini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, bir qator davlatlarning rasmiy idoralari bunday choralar boshlanganini ochiq e’lon qilmagan.

G‘azodagi mojaro keskin xalqaro munozara mavzusi bo‘lib qolmoqda, chet elliklarning jangovar harakatlarda ishtirok etishi masalasi diplomatik va huquqiy sohalarda bahs-munozaralar keltirib chiqardi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid