Jahon | 09:57
6524
3 daqiqa o‘qiladi

Ikki haftalik tanaffusdan so‘ng Imomali Rahmon yana ko‘rinish berdi

Ayrim OAVlar 73 yoshli Tojikiston prezidentining sog‘lig‘i yomonlashganini xabar qildi: Rahmon bu vaqtda davolanish uchun Xitoyga borgan. Agar ma’lumot tasdiqlansa, bu Markaziy Osiyodagi yetakchilar davolanish uchun Moskvani emas, aynan Xitoyni tanlagan ilk holat bo‘ladi.

Imomali Rahmon Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev bilan. 16 fevral, Dushanbe / Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ushbu ikki hafta davomida noma’lum kasallik bo‘yicha tibbiy davolanish olish uchun Xitoyga safar qilgan. Agar bu ma’lumot tasdiqlansa, bu Markaziy Osiyodagi sog‘lig‘i yomonlashgan yetakchi davolanish uchun Moskva yoki G‘arb emas, aynan Xitoyni tanlagani qayd etilgan ilk holat bo‘ladi.

Eurasia.net nashrining yozishicha bu – Pekinning mintaqada ta’siri ortib borayotganining yana bir ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Tojikiston prezidenti rasmiy sayti 28 yanvar kuni uning mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazayotganini aks ettirgan suratni e’lon qildi. Keyingi 17 kun davomida prezident saytida atigi to‘rtta qisqa xabar joylashtirildi, ularning hech birida video yoki surat bo‘lmadi.

Faqat 14 fevral kuni uning tirikligi tasdiqlangandek bo‘ldi — Rahmonning Osiyo infratuzilma investitsiya banki rahbari bilan qo‘l berib ko‘rishayotgan surati e’lon qilindi. 16 fevral kuni esa Imomali Rahmon Dushanbega kelgan Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayevni qabul qildi.

Nashrning yozishicha, ushbu 17 kunlik tanaffus davomida prezident yordamchilari uning sog‘ligi yoki qayerdaligi haqida izoh berishdan bosh tortgan.

Nashr Ozodlik radiosining tojik xizmatiga tayanib, Imomali Rahmon Xitoyning dam olish hududi bo‘lgan Xaynan oroliga tibbiy yordam olish va quyoshda dam olish uchun borganini yozmoqda.

73 yoshli Rahmon uzoq yillardan beri yuqori qon bosimi va yurak yetishmovchiligi kabi og‘ir kasalliklardan aziyat chekayotgani haqidagi mish-mishlar bilan tilga olinadi. Uning 38 yoshli o‘g‘li Rustam Imomali esa vaqti kelganda Rahmon o‘rnini egallashi kutilayotgan asosiy voris sifatida ko‘riladi.

Rahmonning taxmin qilinayotgan tibbiy manzil sifatida Xitoyni tanlashi Markaziy Osiyo yetakchilari orasida avvalgi amaliyotdan chekinishni anglatadi: chunki ular odatda davolanish uchun G‘arb yoki Rossiya shifokorlariga tayanib kelgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров

Mavzuga oid