Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ozarboyjon elchixonasiga zarbalar tasodifmi?
Ozarboyjon Kiyevdagi elchixonasining koordinatalarini Rossiya tomoniga oldindan taqdim etgan bo‘lsa ham, diplomatik vakolatxona atrofida zarbalar qayd etilgan. Ilhom Aliyev Moskvani uch martalab qasddan zarba berganlikda aybladi. Holat yuzasidan Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar so‘z yuritdi.
Anvar Yo‘ldoshev: Myunxen konferensiyasida Ilhom Aliyev bu masala yuzasidan e’tiroz bildirdi va bundan norozi ekanini ochiq aytdi. Unga ko‘ra, Ozarboyjon avvaldan Rossiyaga o‘z elchixonalarining joylashuvi va aniq koordinatalarini taqdim etgan. Rossiya tomoni esa Myunxendagi uchrashuvdan avval Ozarboyjonga berilgan rasmiy ma’lumotni eslatdi. Ularning ta’kidlashicha, zarbalar faqat harbiy obektlar va energetika infratuzilmasiga qaratilgan, Ozarboyjon yoki boshqa davlatlar elchixonalari nishonga olinmagan.
Shuningdek, Rossiya elchixona majmuasiga yetkazilgan zarar to‘g‘ridan to‘g‘ri raketa zarbasi natijasida emas, balki Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan raketa urib tushirilishi oqibatida yuzaga kelganini bildirdi. Ya’ni raketa HHM tomonidan urib tushirilgan va uning parchalanishi oqibatida zarar yetgan.
Albatta, bu Rossiyaning rasmiy pozitsiyasi. Hozircha raketaning bevosita urilgani yoki HHM aralashuvi natijasida qulagani masalasida aniq va mustaqil tasdiqlangan xulosa yo‘q. Ommaviy axborot vositalarida Ozarboyjonning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami sabab Rossiya ataylab ogohlantirish bergan bo‘lishi mumkinligi haqida ham taxminlar bor. Biroq mening fikrimcha, Rossiya elchixonalarga ataylab zarba berishni maqsad qilgan degan da’voni tasdiqlovchi dalillar hozircha mavjud emas.
Kamoliddin Rabbimov: Menimcha, bu tasodifiy zarba emas. Kiyevda o‘nlab elchixonalar bor, ehtimol 70–100 taga yaqin. Dunyo davlatlari sonini hisobga olsak, ularning katta qismi Ukrainada diplomatik vakolatxonaga ega. Shunday ekan, zarba aynan Ozarboyjon elchixonasi hududiga uch marta to‘g‘ri kelgani tabiiy savol uyg‘otadi. Buni oddiy tasodif deb izohlash qiyin. Hatto Rossiya propagandasiga yaqin ayrim manbalar ham bir safar hodisa yuz berganini tan olgan.
Agar kimdir ataylab provokatsiya qilmoqchi bo‘lsa, yirik davlatlar: AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya yoki Polsha elchixonalarini nishonga olish orqali katta siyosiy rezonans keltirib chiqarishi mumkin edi. Ozarboyjon possovet hududidagi nisbatan kichik davlat bo‘lsa-da, zarbalar aynan uning elchixonasi atrofida takrorlangani e’tiborni tortadi.
Ilhom Aliyev aytyaptiki, bu bir martalik holat emas. Rossiya tomoni esa Kiyevning boshqa hududlariga zarba berilganini, raketa trayektoriyasi Ukraina HHM tizimi tomonidan o‘zgartirilgani sababli noxush oqibat yuzaga kelganini bildirgan.
Hatto bir safar rasmiy doiralar “shunday bo‘lib qolganidan afsusdamiz” degan mazmunda bayonot ham bergan. Bu esa, ayrim talqinlarga ko‘ra, bilvosita mas’uliyatni tan olish sifatida ko‘rilyapti. Ozarboyjon bugun o‘zini mustaqil davlat sifatida tutyapti va Moskvadan teng munosabat talab qilmoqda. Boku pozitsiyasiga ko‘ra, u hech kimga tajovuz qilmayapti va o‘z suverenitetini himoya qilishga haqli. Mening nazarimda, Rossiyaning asosiy maqsadi Ozarboyjonga va umuman possovet hududidagi davlatlarga bosim o‘tkazish.
Aliyevning aytishicha, birinchi hodisa tasodif deb qabul qilingan, ammo voqealar takrorlangach, bu ataylab qilinayotgan bosim bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelishgan. Shu bilan birga, elchixonani yoki diplomatlarni qasddan nishonga olish ehtimoli past, chunki bu katta xalqaro mojaroga sabab bo‘ladi. Ko‘proq bu siyosiy signal, ogohlantirish sifatida talqin qilinmoqda: ya’ni mintaqa davlatlari tashqi siyosatda Moskva manfaatlarini inobatga olishi kerak degan ishora berilmoqda.
Suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
20:01 / 17.02.2026
Afg‘onistonga sovetlar bosqinida Xitoyning pozitsiyasi qanday edi?
18:47 / 17.02.2026
Tog‘li Qorabog‘ning sobiq davlat vaziri Ruben Vardanyan 20 yilga qamaldi
14:27 / 16.02.2026
🔴LIVE: AQSh va Yevropa: Qarashlar o‘zgardimi? |"Geosiyosat"
00:05 / 16.02.2026