Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azo bo‘yicha xat atrofidagi mojaro: Berlinale senzurani inkor etmoqda
Berlinale direktori Tattl G‘azo masalasida festivalning «sukuti»ni tanqid qilgan kinematografistlarning ochiq xatiga javob berdi. U Isroilni xalqaro huquqqa rioya qilishga chaqirdi, biroq kinofestivalni siyosiylashtirishga qarshi chiqdi.
Foto: Julie Edwards/Photoshot
Berlin kinofestivali — Berlinale direktori Trisha Tattl chorshanba kuni, 18 fevralda, Yaqin Sharqdagi mojaro bilan bog‘liq holda kinematografistlarga nisbatan senzura va qo‘rqitish bo‘lgani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Dpa agentligiga bergan intervyusida u nufuzli Hollivud nashri Variety’da e’lon qilingan ochiq xatni «nixoyatda og‘ir» deb atadi. Ushbu xatda Tilda Suinton va boshqa o‘nlab madaniyat arboblari Berlinalening G‘azo sektorda Isroil harakatlariga nisbatan «institutsional sukut»ini qoralagan.
«Men bu xatdan hayron qoldim», — deb tan oldi Tattl va hujjatni imzolaganlar bilan, ayrimlarini u shaxsan taniganini aytib, to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni afzal ko‘rgan bo‘lardim, deya qo‘shimcha qildi. Hujjat mualliflari festivalni «falastinliklarga nisbatan genotsid»ni inkor etishda ayblagan, bunday holat mavjudligini esa Isroil ham, Germaniya hukumati ham qat’iy rad etadi.
Tattldan uning shaxsiy pozitsiyasi haqida so‘ralganda, u tinch aholi vakillarining halok bo‘lishi uni chuqur larzaga solganini aytdi. «Men Isroilni xalqaro huquqqa rioya qilishga qat’iy chaqirib qolaman», — dedi Berlinale direktori. Shu bilan birga u yahudiy davlati hamkorlari ham tinch aholini himoya qilishga erishish uchun harakat qilishi kerakligini qo‘shimcha qildi.
Ayni paytda Trisha Tattl «profalastinchilik» yoki «proisroilchilik» kabi baholovchi yorliqlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi: uning ta’kidlashicha, bunday iboralar fikrlar doirasini toraytiradi. Tattlning so‘zlariga ko‘ra, kinofestival aniq bir tomonni tanlamasligi kerak, chunki bu muhokama uchun joyni qisqartiradi va odamlarga go‘yo ularning fikri keraksizdek tuyg‘uni singdiradi. «Bu mavzu juda murakkab — uni qisqa bayonot bilan ifoda etib bo‘lmaydi», — dedi u.
Tattl, shuningdek, hakamlar hay’ati raisi Vim Vendersni ham himoya qildi: uni kinematografistlar siyosatdan uzoq turishi kerak, degan gaplari uchun tanqid qilgan. U iqtiboslarni kontekstdan uzib olish adolatsizlik ekanini aytdi va Venders so‘nggi 50 yil davomida o‘z filmlarida odamlarga nisbatan katta hamdardlikni namoyon qilib kelayotganini eslatdi. «Uning ishlarida har doim siyosiy unsur bo‘lgan», — dedi Tattl va Venders so‘zlari «virusli kampaniyani ishga tushirish» uchun qasddan buzib ko‘rsatilganidan afsus bildirdi.
Germaniyaning madaniyat masalalari bo‘yicha davlat vaziri Volfram Vaymer ham festival va hakamlar raisi tomoniga o‘tdi. Welt TV efirida Vaymer Berlinale — «kamera va rejissurasi bor NNT» emas, balki «barcha nozik mavzular» ko‘tariladigan erkin munozara maydoni ekanini bildirdi.
Nemis siyosatchisi Vendersga profalastin faollar tomonidan bosim o‘tkazilayotganini ta’kidladi: ular undan «ko‘proq gapirish» va «ko‘proq ish qilish»ni talab qilmoqda. U rejissyorni himoya qilmoqchi ekanini aytdi — Venders «mutlaqo to‘g‘ri so‘zlarni topgan», dedi Vaymer va Tattl hamda Venders Berlin kinofestivalini «juda vazminlik bilan» boshqarayotganini qayd etdi.
Mavzuga oid
19:09 / 16.02.2026
Yuzlab o‘zbekistonliklar Isroilning G‘azoga qarshi urushida qatnashgan – Al Jazeera
13:48 / 16.02.2026
Isroil yana G‘azoga zarba berdi: 12 kishi halok bo‘ldi
15:42 / 13.02.2026
Isroilga qurol: Germaniya konstitutsiyaviy sudi shikoyatni qabul qilmadi
08:22 / 30.01.2026