Jahon | 10:15
5930
5 daqiqa o‘qiladi

OAV: AQSh 21 fevraldayoq Eronga zarbalar berishga tayyor

Axios nashrining yozishicha, AQShning Erondagi ehtimoliy harbiy amaliyoti, katta ehtimol bilan, bir necha hafta davom etadigan keng ko‘lamli kampaniya bo‘ladi. Ynet ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning kuchishlatar tuzilmalari eng yuqori tayyorgarlik holatiga keltirilgan.

Foto: CC BY-SA 4.0

AQSh harbiylari Eronga ehtimoliy zarbalarni 21 fevralning o‘zidayoq berishga tayyor, ammo bunday harakatlar, ehtimol, faqat dam olish kunlari bilan cheklanib qolmay, uzoqroq davom etadi. Bu haqda CBS News telekanali 18 fevral, chorshanba kuni manbalarga tayanib xabar qildi.

Manbalarga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp zarba berish haqida hali yakuniy qaror qabul qilmagan. Oq uy keskinlashuv (eskalatsiya) xatarlarini baholamoqda. Keyingi uch kun ichida Pentagon Yaqin Sharq mintaqasidan xodimlarning bir qismini vaqtincha olib chiqadi — asosan Yevropa yoki AQShga.

Shu bilan birga, manbalardan birining aytishicha, ehtimoliy harbiy amaliyot oldidan Pentagon resurslar va xodimlarni ko‘chirishi odatiy amaliyot hisoblanadi, biroq bu albatta hujum muqarrar degani emas.

Axios nashri manbalariga ko‘ra, AQShning Erondagi harbiy amaliyoti, katta ehtimol bilan, bir necha hafta davom etadigan keng ko‘lamli kampaniya bo‘ladi va u yanvarda Venesueladagi operatsiyadan ko‘ra ko‘proq to‘liq masshtabli urushga o‘xshaydi.

Axios yozishicha, ehtimol gap AQSh–Isroil qo‘shma kampaniyasi haqida ketadi, u 2025 yil iyunida Isroilning 12 kunlik urushiga qaraganda ancha kattaroq bo‘ladi (o‘sha urushga keyinchalik AQSh ham qo‘shilgan edi).

Ynet nashri isroillik amaldorlarga tayanib xabar qilishicha, Isroildagi kuchishlatar tuzilmalar va favqulodda yordam xizmatlari eng yuqori darajadagi mudofaa tayyorgarligiga keltirilgan. Xavfsizlik masalalari bo‘yicha hukumat kabineti yig‘ilishi 22 fevralga ko‘chirilgan.

Ynet yozishicha, Tehron Shveytsariyadagi muzokaralarda AQSh talablarini bajarmagan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyatidagi rasmiylar Tehron vaqtni cho‘zyapti va AQShni chalg‘itishga urinyapti, deb hisoblaydi. Al-Jazeera telekanali 18 fevral kuni diplomatik manbaga tayanib, AQShning sabri «Tehron o‘ylaganidan ham tezroq tugashi mumkin», degan bayonotni keltirgan.

17 fevral kuni Jyenevada Ummon vositachiligida Eron va AQSh vakillari o‘rtasida Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha bevosita bo‘lmagan muzokaralarning ikkinchi raundi bo‘lib o‘tdi.

Eron delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Abbas Arag‘chi rahbarlik qildi. Delegatsiya tarkibiga, shuningdek, siyosiy masalalar bo‘yicha vazir o‘rinbosari Majid Taxt-Ravanchi, huquqiy va xalqaro ishlar bo‘yicha vazir o‘rinbosari Kazem Garibabadi, iqtisodiy diplomatiya bo‘yicha vazir o‘rinbosari Hamid Ganbari hamda texnik, huquqiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha ekspertlar kirgan.

AQSh delegatsiyasini prezident Donald Trampning maxsus vakili Stiven (Stiv) Uitkoff va davlat rahbarining kuyovi Jared Kushner taqdim etgan. Muzokaralarga Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA) ham qo‘shilgan.

Maslahatlashuvlardan so‘ng, AQSh Eron rahbariyatidan kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha yozma taklif kutayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi AQSh ma’muriyatidagi manbalarga tayanib xabar qildi.

Tomonlarning pozitsiyalari hali ham bir-biridan juda uzoq. Vashington kun tartibini kengaytirishni talab qilib, unga Eronning raketa dasturi va “Hizbulloh” hamda HAMAS kabi guruhlarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini ham kiritmoqchi.

Tramp diplomatiya muvaffaqiyatsiz tugasa, Eronga harbiy zarba berish bilan bir necha bor tahdid qilgan va mintaqada qo‘shimcha harbiy kemalarni joylashtirgan. Tehron esa javoban, agar ular Eronga qarshi harbiy zarbalarga qo‘shilsa, AQSh bazalari joylashgan Fors ko‘rfazi arab mamlakatlari nishonga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

2025 yil iyunida Isroil AQSh qo‘llab-quvvatlovi bilan Eronning yadroviy obektlariga zarba bergan. Intensiv o‘qqa tutish 12 kun davom etgan va sulh (o‘t ochishni to‘xtatish) bilan yakunlangan. Eron tomoni ma’lumotiga ko‘ra, Fordo shahridagi asosiy obekt jiddiy shikastlangan, uran boyitish to‘xtatilgan. Tramp o‘shanda Eronning yadroviy dasturi «to‘liq va butunlay yo‘q qilinganini» aytgan.

AQSh va boshqa mamlakatlar Eronni fuqarolik dasturi niqobi ostida yadroviy qurol yaratishga intilyapti, deb ko‘pdan beri ayblab keladi, Tehron esa buni inkor qiladi. 2018 yilda, Trampning birinchi prezidentlik muddati vaqtida, Vashington 2015 yilgi yadroviy kelishuvdan bir tomonlama chiqib ketgan va sanksiyalarni qayta tiklagan. Shundan so‘ng Eron cheklovlarga rioya qilishdan voz kechib, uran boyitishni jadallashtirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid