Jamiyat | 15:18
6168
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qonda profilaktika inspektoriga pichoq bilan hujum qilindi

Qo‘qon shahri Sadoqat mahallasida 9-sinf o‘quvchisi profilaktika inspektoriga oshxona pichog‘i bilan tan jarohati yetkazgan. Xodim shifoxonaga yotqizilgan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi ushlangan.

Foto: IIV

Joriy yil 18 fevral kuni Qo‘qon shahri Sadoqat mahallasida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro A.Sh. mahalla profilaktika inspektori katta leytenant Jahongir Mahmudovga qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘li — 2010 yilda tug‘ilgan, o‘rta maktabning 9-sinf o‘quvchisi O‘.O‘.ning xulqida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilayotgani, uydagilar bilan janjallashayotgani hamda maktabga borishdan bosh tortayotgani haqida xabar bergan.

Ma’lum qilinishicha, profilaktika inspektori holatni o‘rganish maqsadida manzilga borgan. Murojaatchi ayolga farzand xulq-atvori bo‘yicha xizmat xonasida malakali inspektor-psixologni jalb etgan holda profilaktik suhbat o‘tkazish zarurligini tushuntirayotgan vaqtda, O‘.O‘. inspektorning orqa tomonidan yaqinlashib, qo‘lidagi oshxona pichog‘ini xodimning chap orqa bel qismiga sanchib olgan.

Og‘ir jarohat olganiga qaramasdan, Jahongir Mahmudov gumonlanuvchini jismoniy kuch ishlatgan holda zararsizlantirgan va voqea joyiga yordamchi kuchlarni chaqirtirgan. Ichki ishlar organlarining yordamchi kuchlari yetib kelgach, xonadondagilar xavfsizligi to‘liq ta’minlangani aytilmoqda. Shundan so‘ng xodim shifoxonaga yetkazilib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Birlamchi tekshiruv natijalariga ko‘ra, xodimga “ko‘krak qafasi chap orqa tomoni plevra bo‘shlig‘iga teshib o‘tgan jarohati, chap tomonlama gemopnevmatorks, tashqi va ichki qon ketish” tashxisi qo‘yilgan. Shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.

Отабек Матназаров
Muallif Отабек Матназаров

Mavzuga oid