Jahon | 13:51
1403
3 daqiqa o‘qiladi

Razvedka: 1000 nafardan ortiq keniyalik Rossiya tomonidan urushga yollangan

Ukrainaga jo‘natishdan oldin yollovchilar keniyaliklarga oylik maosh sifatida taxminan 2715 dollar va 9309 dollargacha mukofot pullarini va’da qilgan, deb yozadi Reuters. Uning ma’lumotiga ko‘ra, fevral oyiga kelib 89 nafar keniyalik Ukraina frontida bo‘lgan.

Foto: SCANPIX/AP Photo/Andrew Kasuku

Rossiya Ukrainadagi urushda ishtirok etish uchun 1000 nafardan ortiq keniyalikni yollagan. Bu haqda payshanba, 19 fevral kuni Reuters agentligi Keniya razvedkasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi. Bu ko‘rsatkich hukumatlar shu paytgacha taxmin qilganidan besh barobar ko‘p.

Keniya parlamenti — Milliy assambleyaning quyi palatasida ko‘pchilik yetakchisi Kimani Ichungva 18 fevral kuni deputatlarga razvedka hisobotini taqdim etgan.

Hisobotga ko‘ra, korrupsiyaga botgan amaldorlar va odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslardan iborat tarmoq rekrutlarni yollagan. Ular orasida sobiq harbiylar, politsiyachilar va ishsizlar bo‘lgan. Yollovchilar esa oylik maosh sifatida taxminan 2715 dollar (2308 yevro) va 9309 dollargacha (7916 yevro) mukofot pullarini va’da qilgan.

Fevral oyiga kelib, 89 nafar keniyalik Ukraina frontida bo‘lgan, 39 nafari shifoxonalarda davolanayotgan, 28 nafari esa bedarak yo‘qolganlar qatorida qayd etilgan.

Hisobotda aytilishicha, keniyaliklar dastlab mamlakatni turistik vizalar bilan Turkiya yoki Birlashgan Arab Amirliklari orqali tark etgan. Keyinchalik Nayrobi aeroportida nazorat kuchaytirilganidan so‘ng, rekrutlar Uganda, Janubiy Afrika va Kongo Demokratik Respublikasi orqali chiqib keta boshlagan. Reuters yozishicha, ishga yollash agentliklari aeroportlardagi korrupsiyalashgan xodimlar, immigratsiya xizmatlari, shuningdek Nayrobidagi Rossiya elchixonasi va Moskvadagi Keniya diplomatik vakolatxonasi xodimlari bilan hamkorlik qilgan.

Nayrobidagi diplomatik missiyada Rossiyaning noqonuniy yollashga aloqadorligi rad etilgan. U yerda “chet el fuqarolari Rossiya Qurolli kuchlari safiga ixtiyoriy ravishda qo‘shilishi mumkin”, deya bildirilgan.

Shu bilan birga, Keniya tashqi ishlar vaziri Musaliya Mudavadi so‘zlariga ko‘ra, vaziyat bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun mart oyida Rossiyaga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda, deb aniqlik kiritdi Reuters.

Avvalroq, keniyalik professional sportchi Evans Kibet uni Rossiyaga yugurish musobaqalarida qatnashish uchun taklif qilishganini, keyin esa aldab shartnoma imzolatib, Ukrainaga urushga jo‘natishganini aytgan. Evansning so‘zlariga ko‘ra, u birinchi vazifa paytida qochib ketgan va Xarkiv viloyatida Ukraina Qurolli kuchlariga taslim bo‘lib asir tushgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid