Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Uchtepadagi bozor yong‘ini bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum qilindi
Uchtepa tumanida joylashgan Izza qurilish bozori hududida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida bozordagi 200 kv m maydonda joylashgan rom va eshik mahsulotlari yonib zararlangan.
Qutqaruvchilarning yong‘inni tezkorlik bilan bartaraf etishi natijasida bozorning 2000 kv m maydoni saqlab qolingan.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 16 fevral kuni mazkur bozor Davlat yong‘in nazorati organi tomonidan belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida yong‘in xavfsizligi qoidalarining bir qator buzilish holatlari aniqlangani sababli, kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar bozorning ish faoliyati to‘xtatilib, 3 kun muddatga elektr ta’minotidan uzilgan.
Bozor ma’muriyati tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga aniqlangan barcha kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kafolat xati taqdim etgan. Biroq, ushbu qoidabuzarliklar o‘z vaqtida to‘liq bartaraf etilmagani oqibatida yong‘in kelib chiqqani qayd etilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi barchadan yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishni so‘rab qolgan.