Jahon | 09:45 / 21.02.2026
4753
3 daqiqa o‘qiladi

Udmurtiyada “Iskander” raketalari ishlab chiqariladigan zavodga hujum qilindi

Udmurtiya rahbarining aytishicha, respublikadagi “obektlardan biri” dronlar hujumiga uchragan, “shikastlanishlar va jabrlanganlar bor”. Ukraina kanallari ma’lumotlariga ko‘ra, zarba ballistik raketa ishlab chiqaradigan zavodga “Flamingo” raketalari bilan berilgan.

Foto: AP

Ukraina bilan chegaradan qariyb bir yarim ming kilometr uzoqlikda joylashgan Udmurt Respublikasida Rossiya hokimiyati nomi aytmagan “obekt”ga hujum qilindi. Uning zarar ko‘rganini mahalliy rahbar Aleksandr Brechalov tasdiqladi. Uning 21 fevral, shanbaga o‘tar kechasi Telegram’dagi xabarida “respublikadagi obektlardan biri dronlar hujumiga uchradi”, natijada “shikastlanishlar va jabrlanganlar bor” deb yozilgan.

Astra nashri (guvohlar tasvirlarini tahlil qilib) xulosa qilishicha, ushbu hujum vaqtida Ijyevsk yaqinidagi Votkinsk shahrida joylashgan “Votkinskiy zavod” AJ nishonga olingan. Bu yerda Ukrainaga qarshi Rossiyaning tajovuzkor urushi davomida zarbalarda keng qo‘llanayotgan “Iskander-M”, “Topol-M” va “Oreshnik” ballistik raketalari ishlab chiqariladi. Astra ta’kidlashicha, mazkur strategik mudofaa korxonasi AQSh, Buyuk Britaniya, YeI, Shveytsariya, Avstraliya, Yaponiya va Ukraina sanksiyalari ostida. Mahalliy aholi ma’lumotlariga ko‘ra, zarba paytida zavodning ikki sexi zarar ko‘rgan.

Shu harbiy korxonada kuchli portlash 2024 yil 7 fevralda ham bo‘lgani xabar qilingan: o‘shanda davlat agentligi TASS Udmurtiyaning Zavyalov tumanidagi Yagona navbatchi-dispetcherlik xizmatiga tayanib yozgan. O‘sha paytda portlash “raketa dvigatellarini rejali sinovdan o‘tkazish” natijasi ekani aytilgan.

Ukrainadagi bir qator kanallar, jumladan Exilenova+ va “KіberBoroshno” ma’lumotlariga ko‘ra, “Votkinskiy zavod”ga zarba dronlar bilan emas, “Flamingo” raketalari bilan berilgan. Material e’lon qilingan paytda na Ukraina QK Bosh shtabi, na Rossiya Mudofaa vazirligi hodisaga izoh bergan.

2025 yil yozida Ukraina dronlari Udmurtiyadagi yana bir korxonaga ham hujum qilgan: Rossiya armiyasi uchun “Tor”, “Osa” ZRM hamda “Garpiya” hujumkor dronlarini ishlab chiqaruvchi Ijyevsk elektromexanika zavodi “Kupol”ga.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid