Jahon | 09:52 / 21.02.2026
3435
5 daqiqa o‘qiladi

Vengriya Ukrainaga 90 mlrd yevro miqdoridagi kreditni blokladi

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto mamlakatining Ukraina uchun 90 mlrd yevro miqdoridagi YeI kreditini “Drujba” neft quvuri orqali Vengriyaga neft tranziti tiklanmaguncha bloklashini aytdi.

Foto: AP

Vengriya Yevrokomissiya tomonidan avvalroq tasdiqlangan, Ukrainaga 90 mlrd yevro miqdorida kredit ajratishga qarshi chiqdi. «Biz “Drujba” quvuri orqali Vengriyaga neft tranziti qayta tiklanmaguncha Ukraina uchun YeIning 90 milliard yevro kreditini bloklaymiz», — deb yozdi 20 fevral, juma kuni kechqurun Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto X ijtimoiy tarmog‘ida, Kiyevni «shantaj»da ayblab.

Siyyartoning ta’kidlashicha, Kiyev neft tranzitini to‘xtatishni «Bryussel va venger oppozitsiyasi bilan muvofiqlashgan holda» qilgan — maqsad Vengriyada ta’minotda uzilishlar keltirib chiqarish va saylovlar oldidan yonilg‘i narxini oshirish. So‘rovnomalarga ko‘ra, Peter Madyar boshchiligidagi «Tisa» oppozitsiya partiyasi amaldagi bosh vazir Viktor Orbanning FIDeS partiyasidan taxminan 10 punktga oldinda. Saylovlar 12 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

Orban ham Ukrainaga kreditni bloklashini bildirgan. «Ukraina “Drujba” neft quvurini yopib qo‘yar ekan, Vengriya Ukraina uchun 90 mlrd yevrolik harbiy kreditni bloklaydi. Bizga shantaj o‘tmaydi!» — deyiladi uning 20 fevral kechqurun Facebook’da chiqqan bayonotida.

Financial Times gazetasi manbalarining aytishicha, 20 fevral kuni Vengriyaning YeIdagi elchisi Bryussel Ukraina uchun bu summani Yevropa Ittifoqi budjeti bilan kafolatlangan qarz majburiyatlari chiqarish orqali jalb qilish rejasiga e’tiroz bildirgan. Bunday qaror qabul qilinishi uchun YeIga a’zo 27 davlatning barchasi rozi bo‘lishi talab etiladi.

Ikki kun oldin Siyyarto Ukrainaga dizel yetkazib berish to‘xtatilganini aytgan edi. «Yetkazib berishlar “Drujba” quvuri orqali Vengriyaga neft tranziti tiklanmaguncha qayta boshlanmaydi», — deb yozgan u 18 fevral kuni.

Vengriyaning Vilaggazdasag (VG) nashri ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina tomoni “Drujba” orqali Rossiya nefti yetkazib berilishi hozircha faqat Slovakiyaga qayta tiklanishini aytgan, ammo aniq sana ko‘rsatilmagan. O‘z navbatida, VG yozishicha, Bratislava “Drujba” orqali Rossiya nefti tranziti 21 fevral kuniyoq qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkin, deb umid qilmoqda.

Yevropa komissiyasi 2026–2027 yillarda Ukrainaga 90 mlrd yevro miqdorida foizsiz kredit ajratish bo‘yicha qonunchilik choralari loyihasini taqdim etgan. Idora bu mablag‘ning uchdan bir qismini Kiyev budjetiga qo‘llab-quvvatlashga, qolgan 60 mlrd yevroni esa harbiy yordamga yo‘naltirishni taklif qilganini Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen 14 yanvar kuni Bryusseldagi matbuot anjumanida aytgan. Yevropa parlamenti moliyaviy yordam paketini 11 fevral kuni ma’qullagan.

Kredit ajratish haqidagi qarorning o‘zi YeI sammitida 2025 yil dekabr oyi o‘rtalarida qabul qilingan. Germaniya kansleri Fridrix Mers sammitdan keyin shunday tushuntirgan: Ukraina bu kreditni faqat Rossiya Kiyevga urush natijasida yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘laganidan keyin qaytarishi kerak bo‘ladi. Agar Moskva zararni qoplashdan bosh torsa, YeI Ukraina qarzini to‘lash uchun muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanadi, degan kansler.

Sammitda Rossiyaning to‘liq hujumiga qariyb to‘rt yil qarshi turib kelayotgan Ukrainaga yordam berishning ikki varianti muhokama qilingan, ulardan biri muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanishni nazarda tutgan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa “Drujba” neft quvuri orqali yetkazib berish 27 yanvardan to‘xtaganini Vengriya Ukraina hududidagi quvur qismiga Rossiya zarbasi berilgani haqidagi faktni “yopib kelgani” bilan izohlagan. Javoban Budapesht Ukraina tomoni go‘yoki quvurning shu uchastkasida elektr ta’minotini o‘chirganini aytgan. Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso 15 fevral kuni Ukraina tranzitni qayta tiklashni ataylab cho‘zmoqda, deb ayblagan.

Reuters agentligi oldinroq xabar berishicha, Vengriyaning MOL energetika kompaniyasi Budapesht hukumatidan strategik neft zaxiralaridan foydalanishga ruxsat so‘ragan. Agar sharqdan yetkazib berishlar yaqin kunlarda qayta tiklanmasa, birinchi bosqichda taxminan 250 ming tonna xom neftni zaxiradan chiqarish talab etiladi, degan kompaniya.

ExPro tahlil kompaniyasiga ko‘ra, 2025 yilda Ukraina “Drujba” neft quvurining janubiy tarmog‘i orqali taxminan 9,73 mln tonna Rossiya neftini tranzit qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid